Qirg‘iziston aholisi 6 millionga yetdi

Image caption Oltinchi million qirg‘izistonlik qizaloq va onasi

O‘sh shahrida dunyoga kelgan qizaloq Qirg‘iziston aholisi sonini 6 millionga yetkazdi.

Bu haqda bosh vazir Temir Sariyev bugun Jo‘g‘o‘rqu Kengash yig‘inida ma‘lumot berdi.

Janob Sariyevning so‘zlariga ko‘ra, hukumatda chaqaloqlarni tug‘ilishi bo‘yicha mahsus komissiya tuzilib, monitoring o‘tkazilgan.

"Qirg‘izistonning 6 millioninchi fuqarosi kecha soat 18dan 12 daqiqa o‘tganda O‘sh shahrida tug‘ilgan qizaloq bo‘ldi. U Almaz Qojoshev harbiy oilasida dunyoga keldi", dedi Temir Sariyev.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, qizaloq 39 yoshli Rohat Belekovaning oltinchi farzandidir. "Oilada uch o‘g‘il bola, ikki qiz bo‘lgan va bizning 6 millioninchi fuqaroimiz ota-onalar uchun oltinchi farzand bo‘ldi", deya farxlandi hukumat boshchisi.

Hozirda ona o‘zini yaxshi his qilayotganligi, 3 kilogram 870 gram tug‘ilgan chaqaloq sog‘ligi ham joyida ekanligi aytilmoqda.

25 noyabrning kech soat oltidan boshlab, 26 noyabrning tongi soat oltiga qadar mamlakatning turli hududlarida 122 chaqaloq dunyoga kelgan.

Bu quvonchli xabardan Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayev ham chetda qolgani yo‘q.

U 6 millioninchi chaqaloqning oilasini tabriklar ekan, ularga sog‘liq, baxtli xayot va uzun umr tiladi. Shuningdek, Qirg‘iziston ahlini ham bugungi bayram bilan muborakbod etdi.

"Aholi soni o‘sib borayotgani tinch hayotimizning asosiy yorqin ko‘rinishlaridan biri va odamlar kelajakka yaxshi umid bilan, dadil qadam tashlayotganliklarining isbotidir. Hozir eng asosiysi – bu sog‘lom farzand dunyoga keltirmoqlik. Chaqaloq va onaning sog‘ligi uchun barcha imkoniyatlarni yaratmoqlik kerak", deb aytgan prezident Almazbek Atambayev.

Shuningdek, davlat rahbari hukumatga 6 millioninchi qirg‘izistonlikni, oilasi hisobini inobatga olgan holda alohida uy bilan ta‘minlashni va bankdan bir million so‘m miqdorida depozit hisobini ochishlikni ham topshirdi.

Bundan tashqari bir vaqtda 6 millioninchi qirg‘izistonlik bilan dunyoga kelgan o‘n nafar chaqaloq oilasiga ham bir martalik 100 ming so‘mlik (1300 AQSh dollariga yaqin) yordam ko‘rsatiladi.

Rohat Belekova davlat miqyosida quvonchga sabab bo‘lgan qizining ismini Ayelin qo‘ymoqchi ekanligini aytadi.

"Erim harbiy odam. Uch o‘g‘lim va ikki qizim bor. Bunisi oltinchisi. Qizimni davlatni 6 millioninchi fuqarosi bo‘lishini xayolimga ham keltirmagan edim", deydi Rohat.

Qirg‘iziston milliy statistika ma‘lumotiga ko‘ra, aholi soni yiliga 120 ming kishiga o‘sib bormoqda. 4 millioninchi qirg‘izistonlik 1985 yilda, 5 millioninchi qirg‘izistonlik esa 2002 yilda tug‘ilgan bo‘lib, taxminan 7–8 yildan keyin esa aholi soni 7 millionga yetishi kutilmoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio