Turkiya Rossiya uchog‘iga "ogohlantirish audioyozuvini" oshkor qildi

Image caption "Hech kim bizni ogohlantirmadi", deydi Rossiya uchuvchisi

Turkiya harbiylari Rossiya uchog‘iga berilgan ogohlantirishning audio yozuvini oshkor qilgan.

Ayni ogohlantirish Rossiya uchog‘i urib tushirilmasidan avval berilgani aytilmoqda.

Ingliz tilida berilgan bu ogohlantirishda "yo‘nalishni zudlik bilan janub tomonga oling", deyiladi.

Turkiya mulozimlariga ko‘ra, ular keyinroq urib tushirilgan uchoq uchuvchilarini qutqarishga harakat qilishgan.

Uchuvchilardan biri parashyutda yerlayotgan vaqti otib o‘ldirilgan.

Ikkinchi uchuvchi esa qutqarilgan.

Aynan shu uchuvchi o‘z uchog‘i Turkiya havo hududiga kirmagani va hech qanday ogohlantirish berilmaganini aytgan.

Seshanba kuni Rossiya harbiy uchog‘i Turkiyaning F-16 qiruvchi uchog‘i tomonidan urib tushirilgan edi.

Ayni hodisa ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarga jiddiy rahna solgan, Rossiya prezidenti Vladimir Putin Turkiyani "orqadan pichoq urishda" qoralagan edi.

Putin va Erdo‘g‘anning "dahanaki janggi"

Image copyright Getty
Image caption Putin va Erdo‘g‘anning atigi bir necha kun avval olingan surati

Prezident Vladimir Putin esa Turkiya Rossiya uchog‘ini urib tushirgani uchun uzr so‘rashi va yoki uchoq uchun tovon to‘lashi lozimligini aytgan.

U Turkiya rahbarlarini o‘zaro munosabatlarni "boshi berk ko‘chaga" kiritishda ayblagan.

Turkiya esa kechirim so‘ramoqchi emas.

Amerikaning SNN tarmog‘i bilan suhbatda Prezident Erdo‘g‘an "...agar kimdir kechirim so‘raydigan bo‘lsa, bu aniq biz emas, aslida bizning havo hududimizga daxl qilganlar kechirim so‘rashsin", deb aytdi.

Avvalroq, Putin jiddiy oqibatlar bilan ham ogohlantirgandi.

Moskva Anqara bilan harbiy hamkorlik aloqalarini uzdi.

Kremldagilar Suriyaga uchoqlarga qarshi raketalar tizimi joylashtirilishi va o‘z harbiy uchoqlariga har qanday xavfni bartaraf etish bilan po‘pisa qildi.

Rossiya harbiylariga ko‘ra, endilikda bombardimonchi uchoqlarga qiruvchi uchoqlar hamrohlik qiladi.

Shuningdek, Rossiya Turkiyadan keladigan oziq-ovqatlarga nisbatan keskinroq tekshiruv choralarini ko‘radi.

AQSh, Ovro‘po Ittifoqi va BMT ikki davlatni bosiqlikka chaqirdi.

Turkiya insonparvarlik yordam karvoni bombardimon qilindi

Suriyadagi isyonkor guruhlarga ko‘ra, Rossiya harbiy uchoqlari kuni bo‘yi Latakiya mintaqasidagi nishonlarni bombalagan.

Ayni shu mintaqada Rossiya uchog‘i Turkiya tomonidan urib tushirilgandi.

Isyonkorlarga ko‘ra, Rossiya uchoqlari Turkiyaning Suriyadagi qochqinlarga mo‘ljallangan insonparvarlik yordami karvonini bombardimon qilgan.

Qurbonlar borligi haqida xabar qilingan.

"Turkiya tajovuzi"ga qarshi chora ko‘rilsin

Image copyright AFP
Image caption Turkiya mahsulotlariga cheklov

Bosh vazir Dmitriy Medvedev bugun Rossiya hukumatiga ana shunday buyruq bergan.

Rossiyadan olingan xabarlardan ayon bo‘lishicha, "bu kompleks choralar iqtisodiy va insonparvarlik sohalari"ni ko‘zda tutadi.

Turkiya qarshi cheklangan javob choralarini ishlab chiqishlari uchun Dmitriy Medvedev hukumat vakillariga ikki kun muhlat bergan.

Uning so‘zlaridan ayon bo‘lishicha, ko‘rilajak choralar muayyan vaqt bilan cheklanmaydi. Rossiya Iqtisodiy taraqqiyot vaziri esa, ushbu yig‘in chog‘ida Vazirlar Mahkamasiga "Turk oqimi" gaz quvuri va "Akkuyu" atom elektr stantsiyasi qurilishi loyihalarini to‘xtatib qo‘yishni taklif qilgan.

Aleksey Ulyukayevning aytishicha, Turkiyaga qarshi choralar Jahon Savdo Tashkiloti me‘yorlari asosida bo‘ladi.

Avvalroq, Rossiya hukumati mamlakatdagi mas‘ul idoralarga Turkiyadan keluvchi qishloq xo‘jaligi va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari sifati ustidan nazoratni kuchaytirishga buyruq bergan edi.

Ayrim manbalarga ko‘ra, Rossiyaga chetdan keluvchi barcha qishloq xo‘jalik mahsulotlarining beshdan bir qismi Turkiya hissasiga to‘g‘ri keladi.

Rossiya hukumatining so‘nggi qarori o‘z qiruvchi uchog‘ining Turkiya tomonidan Suriya bilan o‘zaro chegarada urib tushirilishidan sanoqli kunlar o‘tib kuzatilmoqda.

Hozircha, bu qarorga Turkiya tomonining munosabati ma‘lum emas.

Seshanba kungi hodisa ortidan bu ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar nihoyatda taranglashgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq