G‘arb Yaqin Sharqda demokratiya bo‘lishini istaydimi?

Image copyright Spencer Platt Getty
Image caption Dunyoni o‘zgartirgan kun

2001 yilning 11 sentyabr hujumlaridan keyin aksariyat amerikaliklar o‘zlaridan bir savolni qayta-qayta so‘rashdi.

"Nima uchun ular bizni bunchalar yomon ko‘rishadi?"

Bugun ham aksariyat Ovro‘po siyosiy arboblari, jurnalistlar va olimlar aynan shu savolga javob qidirishmoqda.

Nima uchun yosh musulmonlar bu qadar radikal yo‘l tutishmoqda.

Din, qashshoqlik va G‘arbning tashqi siyosati kabi omillar mujohidlik va yo jihodizm urchishiga sabab deb ko‘rilmoqda.

Bir narsa aniqki, G‘arb bugungi kunda "Islomiy davlat" deb atalmish jangari guruhga qanday javob qilish bo‘yicha aniq strategiyaga ega emas.

Ana shu chigallik G‘arbning Arab dunyosidagi demokratiya borasida mavqeisida bo‘y ko‘rsatadi.

Iroq istilosidan bir necha hafta avval, AQShning sobiq prezidenti Jorj Bush, agar Saddam Husayn qudratdan ketsa, Iroq "Yaqin Sharqda demokratiya mayog‘i bo‘ladi", deb aytgan edi.

Neo-konservativlar shunga ishonishar, agar imkoniyat berilsa, iroqliklar demokratiyani jon deb qabul qilishadi, deb o‘ylashardi.

Chunki ayni model sobiq Sho‘ro ta‘siri ostida bo‘lgan Sharqiy Ovro‘po davlatlarida ish bergan edi.

Nima uchun Yaqin Sharqda ishlamasin?

Ammo Iroq nafaqat G‘arb demokratiyasini qabul qilmadi, balki fuqarolar urushiga sho‘ng‘idi.

Aksariyat G‘arbda bu holatdan xulosa chiqarishdi, ya‘ni, demokratiyani kuch bilan tatbiq qilib bo‘lmas ekan...

Iroq kuch bilan demokratiya tatbiq etish mumkin emasligini isbotlagan bo‘lsa, Arab bahori boshqa bir savolni o‘rtaga tashladi.

G‘arb Yaqin Sharqda demokratiya bo‘lishini istaydimi?

Yoki demokratiya Yaqin Sharqqa nimalar olib kelishidan cho‘chiydimi?

Muborakni moliyaviy dastaklash

Image copyright AP
Image caption Bir zamonlar Amerikaning do‘sti bo‘lgan Husni Muborak

Yillarki, aksariyat mujohidlar G‘arbning demokratiya haqida va‘zlari quruq gap ekanini aytib kelishardi.

Misrning sobiq prezidenti Husni Muborakni AQSh moliya bilan ta‘minlar edi. Nima uchun?

Jazoirda 1992 yilda saylov kechdi. Parlament saylovida Islom Qutqarish Jabhasi muvaffaqiyat qozondi.

Armiya yordamida islomchilar bostirildi.

Parlament saylovlari bekor qilindi.

G‘arbdagi poytaxtlarda o‘tirgan siyosiy arboblar esa bundan qariyb yengil tortishdi.

Islomchilarning muvaffaqiyatidan eng ko‘p qo‘rqqan davlat ehtimol Isroil edi.

Isroil Yaqin Sharqning eng shakllangan demokratiyasi bo‘lishi mumkin, ammo arablarning bu mamlakatga nisbatan nafrati demokratik bir tus oladigan esa, unda qanday yo‘l tutiladi?

Agar Yaqin Sharqdagi hukumatlar o‘z xalqlarining irodasiga bo‘ysunadigan bo‘lsa, Isroil uchun bu yirik muammo deganidir.

Ayni masala Falastinda 2006 yilgi saylov va Hamasning g‘alabasi bilan yana kun tartibiga chiqdi.

Isroil ham, G‘arb davlatlari ham Hamas bilan muloqot qilishdan bosh tortishdi.

Chunki Hamasning tom maqsadi Isroilni yo‘q qilish deyildi.

Bir necha oy ichida Hamasning saylangan vakillari Isroil qamoqxonalariga tashlandi.

Arab bahori davri va undan keyin nimalar ro‘y berdi?

Image caption Bahraynda namoyishlar bostirildi

Bahrayn: 2011 yilda namoyishlar boshlanib ketdi. Xalq ko‘proq demokratiya va shialarning kamsitilishiga chek qo‘yishni talab qildi. Mamlakatda aholining aksariyat qismi shialar bo‘lgani bilan, davlatni sunniylar boshqaradi. Podshoh Hamad namoyishlarni bostirdi. Qo‘shni davlatlar armiyasini mamlakatga kiritdi.

Image copyright AFP
Image caption Kohiradagi Tahrir maydoni

Misr: Yirik ommaviy namoyishlar to‘lqini 2011 yilda Husni Muborakni qudratdan ag‘dardi. Musulmon Birodarlar ham parlament va ham prezidentlik saylovida g‘alaba qozondi. Ammo oradan ko‘p o‘tmay yangi prezident Mursiy o‘ziga ko‘proq qudrat olar, hamda anchayin islomlashtirilgan konstitutsiyani taqdim etar ekan, aksariyat bundan norozi bo‘ldi. Unga qarshi namoyishlar boshlandi. Armiya aralashib, Mursiyni qudratdan mosuvo qildi. Keyingi saylovda esa sobiq harbiy rahbar Abdul Fattoh al Sisi g‘olib bo‘ldi. Uning hukumati Musulmon Birodarlarni terrorchi tashkilot deb e‘lon qildi. Tashkilotning rahbarlari va a‘zolaridan yuzlab misrliklarni qamoqqa tashladi. Qamoqqa tashlanganlar orasida dunyoviy va liberal qarashlarda bo‘lgan tanqidchilar ham bor edi.

Image copyright AP
Image caption Qaddofiy Bleyr bilan

Liviya: Aksil-hukumat namoyishlar 2011 yil fevralida boshlandi. Keyinroq qurolli isyon ko‘tarildi. Ular qirq yillik rahbar, polkovnik Muammar Qaddofiyga qarshi edi. BMT Xavfsizlik kengashi "tinch aholini himoya qilish uchun barcha lozim choralar ko‘rilishini" ma‘qullar ekan, G‘arb isyonkorlarni dastakladi. Tripolida isyonkorlar Qaddofiyni tutdilar va o‘ldirdilar. Undan keyingi qudrat uchun taloshlar, tabiiy zahiralarga egalik da‘volari turfa qarama-qarshi isyonkor guruhlarni sahnaga olib chiqdi. Bugun Liviya bir necha raqib jangari guruhlar tomonidan bo‘lib olingan.

Image copyright AP
Image caption O‘zini "Islomiy davlat" deb ataydigan guruh jangarilari

Suriya: 2011 yilda Bashar al Assadga qarshi ko‘cha namoyishlari boshlanib ketdi. Namoyishlarning ilk pallasida Assad rejimi ana-mana qulaydi degan qarash keng tarqalgandi. Ammo oradan ko‘p o‘tmay tinch namoyishlar qurolli qo‘zg‘olonga evrildi. Mazhablar orasida qarama-qarshilik yuzaga keldi. Tashqi kuchlar aralashdi. Bu kuchlardan ayrimlari Assadni himoya qilsa, boshqalari unga qarshi edi. "Islomiy davlat" deb atalmish Iroqda shakllangan jangari guruh esa vaziyatdan foydalanib, Suriyaning shimoliy va sharqiy hududlarini bosib oldi. O‘n minglab inson qurbon bo‘ldi, millionlab suriyalik qochqinga aylandi.

Image copyright Getty
Image caption Arab Bahori ibtidosi

Tunis: Arab Bahori 2010 yilda Tunisda tavallud topgan edi. O‘shanda ishsiz va yosh Muhammad Boazizi sabzavot sotish bilan kun ko‘rar, hukumat xodimlari esa uning bu tirikchiligini taqiqlab qo‘yishdi. Muhammad o‘zini yoqib yubordi. Norozilik namoyishlari boshlanib ketdi. Prezident iste‘fo berdi va poytaxtni tashlab chiqdi. Uning ortidan demokratik yo‘lda prezident va parlament saylovlari kechdi. Bu Tunis tarixida ilk erkin saylovlar edi. Ammo siyosiy buyurtma qotilliklar va sayyohlarga qarshi hujumlar ro‘y berdi, shunda ham Tunis Arab Bahoridan eng ko‘p bahra olgan davlat o‘laroq e‘tirof etiladi.

Image copyright .
Image caption Bugungi Yaman

Yaman: Prezident Ali Abdulla Saleh qudratdan ketishga majbur qilingan to‘rtinchi Arab davlatining rahbari bo‘ldi. Ammo bu bilan uning ta‘sir kuchi ozayib qolmadi. U Yamanda qoldi. O‘zining sobiq dushmanlari bilan Saudiya Arabistoni kuchlariga qarshi ittifoq tuzib oldi. Uning o‘rniga kelgan Abdrabbuh Mansur Hadi esa o‘z qudratini mamlakatga yoyib bilmadi. Yaman turfa raqib guruhlar tomonidan bo‘lindi. Mamlakatda mahalliy Al-Qoidaga loyiq jangarilar ham bor.

Musulmon Birodarlari Misrda g‘alaba qozonishini o‘z qudratlariga tahdid bilgan Saudiya Arabiston podshohligi va boshqa Arab davlatlari G‘arbni Prezident Mursiyni dastaklamaslikka undashdi.

Misr armiyasi ko‘cha namoyishchilari bilan birgalikda saylov natijalarini bekor qildi.

Bu esa G‘arb, hamda Saudiya Arabistoni va uning ittifoqchilari uchun xavfsizroq yo‘lday tuyuldi.

Musulmon Birodarlariga qarshi bo‘lgan bu qudratli davlatlarning siyosati ana shunday bir "ehtiyotkorlikka" asoslandi.

G‘arb qanday qilib Musulmon Birodarlariga yo‘l bersin?

Keyingi saylovga qadar ular Misrni islomiy davlatga aylantirmasligi uchun kim kafolat beradi?

Ana shu savollar og‘ushida G‘arb ehtimol bir holatni nazardan qochirdi.

G‘arb o‘zining bu amali bilan radikal islomchilarga g‘alaba baxshida etdi.

"Musulmon Birodarlariga ovoz berishdan ma‘ni yo‘q, chunki ularni baribir qudratga yaqin yo‘latishmaydi, buning o‘rniga jangga kirish kerak", degan qarash keng tarqaldi, tarqatildi...

Ammo, boshqa tomondan Tunisdagi siyosiy evrilishlar demokratiya ishlashiga o‘ziga xos bir isbotdir.

Musulmon Birodarlarining tunischa ko‘rinishi bo‘lgan Enhanda saylovda g‘alaba qozondi va qanchalar murosaga borib ishlash mumkinligini isbotladi.

Ammo Tunis doim, ta‘bir joiz bo‘lsa, "chekkaroqdagi bir mamlakatdir"... Misr bu o‘rinda beqiyos ahamiyatga ega.

Misrda Musulmon Birodarlari faollari qatori liberallarning ham Prezident Sisining qamoqlariga tashlanishi jihodchilar uchun ayni muddao.

Ayni masalalar butun bir mintaqa uchun o‘ta muhim ahamiyatga egadir.

Suriyadagi vaziyat G‘arb uchun ham boshog‘riqqa aylangan.

Aksariyat hamon Assadning qudratdan ketishini talab qilmoqda, ammo bu yo‘lda harakatlar susaygan.

Chunki hech kim Assad ketganidan keyin nima bo‘ladi degan savolga aniq javob berolmaydi.

Suriyadan keyin saylov natijalari qanday bo‘ladi?

Sunniy islomchilar qudratga kelishadimi?

G‘arb bu voqelikka qanday munosabat qiladi?

Isroilning qarashi qanaqa bo‘ladi?

G‘arbning demokratiya talabi, ammo demokratiyaning Yaqin Sharqda qanaqa meva berishini bilmasligi yoki bundan qo‘rqishi boshqa bir masalani ochiqlaydi.

G‘arbning aynan mana shu xavotirlari sabab hozirga qadar Yaqin Sharqda "Islomiy davlat" atalmish jangarilar va Al Qoida xavfi arigani yo‘q...

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype – bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq