Qozog‘iston 20 minglik tangani muomalaga chiqardi

Image copyright news.kz

Qozog‘iston Milliy Banki 20 ming tangalik banknotlarni muomalaga chiqarishni boshlagan.

Milliy Bank matbuot xizmati tarqatgan xabarga ko‘ra, 1 dekabr kuni muomalaga chiqarilgan 20 ming tangalik banknotlar xali 2013 yildayoq ishlab chiqilgandi. Milliy Bank raisi Daniyar Akishevning aytishicha, nominal qiymati 20 ming tanga bo‘lgan (65 AQSh dollari-tahr.) banknotlarni muomalaga kiritish masalasi 2013 yildan buyon muhokama qilib kelingan. "Qozog‘iston Respublikasi Milliy Banki tomonidan yangi pul belgilarini chiqarish qarori naqd pul muomalasi talablaridan kelib chiqqan holda qabul qilinadi", - deb aytgan Milliy Bank raisi. Ayni paytda Milliy Bank rasmiylari 25 ming va 30 minglik banknotlarning ham tez orada muomalaga chiqarilishi haqida internetda paydo bo‘lgan xabarlarni rad etishgan. Qozoq tangasi so‘nggi oylarda sezilarli darajada qadrsizlangan. Avgust oyida Qozog‘iston hukumati tangani dastaklashdan voz kechgan.

Natijada bir kunda qozoq tangasi 25 foizga qadrsizlangan. 2015 yilda Aqsh dollarining o‘rtacha qiymati 185 tangadan 220 tangaga ko‘tarilgan.

Byudjet qisqardi

Dushanba kuni Prezident Nazarboyev tanganing devalьvatsiyasidan so‘ng Qozog‘iston o‘z valyutasini Milliy jamg‘arma mablag‘lari hisobidan qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishini aytgan. Janob Nazarboyev 2016 yilda shuningdek, pensiya va nafaqa jamg‘armalarini Qozog‘istonning o‘zidagi xususiy yoki xorijiy shirkatlar boshqaruviga o‘tkazilishini ma‘lum qilgan. Ayni paytda Qozog‘istonning 2016-2017 yillarga mo‘ljallangan davlat byudjeti qayta ko‘rib chiqilgan. Bunga jahon bozorida mamlakatning asosiy eksport mahsuloti bo‘lgan neft narxlarining tushib ketishi sabab bo‘lgan. Iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari Marat Kusainovning aytishicha, joriy yilning yanvarь-oktyabrь oylarida Qozog‘istondagi iqtisodiy o‘sish sur‘ati 1 foizga sekinlashgan. 2015 yilda yalpi ichki mahsulot hajmining real o‘sishi avval bashorat qilinganidek 1.5 foiz emas, balki 1.2 foiz bo‘lishi kutilmoqda. Neft narxlari bilan bir qatorda Qozog‘istonning asosiy savdo sherigi bo‘lgan Rossiyadagi iqtisodiy sekinlashish va rubl qurbining keskin tushib ketishi Qozog‘istondagi iqtisodiy o‘sishga salbiy ta‘sir ko‘rsatgan omillar sifatida ko‘riladi.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio