Karimov qizlarni erta turmushga bermaslik haqida ogohlantirdi

Image copyright umida ahmedova

Prezident Islom Karimov ota-onalarni qizlarni 19-20 yoshdan erta turmushga bermaslik haqida ogohlantirgan. "Bu mening ko‘rsatmam", - deb aytgan Prezident Namangandagi chiqishida. U prokurorlarni ayni masalaga alohida e‘tibor qaratishga chaqirgan. "Tuman prokurorlari bunga e‘tibor qaratishlari kerak. Bu qonunlarimizda ko‘rsatilgan. Agar odamlar tushunmasa va qizlarini erga berib yuborishga shoshilsa, biz ularga tushuntirib qo‘yishimiz kerak. Mening o‘zim shu mas‘uliyatni zimmamga olaman", - degan prezident 27 noyabr kuni davlat televideniyesi orqali namoyish etilgan chiqishida. Janob Karimovga ko‘ra, qizlarning maktabni tugatgach yana 3 yil tahsilni davom ettirishlari maqsadga muvofiqdir. "Kasb-hunar kollejlarida o‘qib, kasb-hunar egallashlari kerak. Shunda qizlarimiz boshqa oilaga boshlarini baland ko‘tarib kirib boradilar", -degan prezident. Qonunda qizlarning 17 yoshdan turmushga chiqishlari mumkinligi ko‘rsatilgan. 2012 yilda O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi huzuridagi "Oila" markazi qizlarning turmushga chiqish yoshini 17 dan 18 ga ko‘tarishni tavsiya qilgan edi.

Dindorlik darajasi

Image caption Prezident qizlarni erta turmushga berish masalasini shaxsan nazorat qilishini aytgan

Ayrim tahlilchilarga ko‘ra, prezidentni ayni masalaga e‘tibor qaratishga Namanganda qizlarni erta turmushga berish hollarining ko‘paygani sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Ammo Karimov o‘z chiqishida hech qanday statistik ma‘lumotlarni keltirmagan. Farg‘ona vodiysining Namangan, shuningdek, Qo‘qon va Marg‘ilon kabi shaharlari xatto sovet davrida ham an‘anador va "dinga ko‘proq berilgan" shaharlar sifatida ko‘rilgan. 1980-yillar o‘rtalarida Namanganda ayollarning ro‘moli va boshqa diniy deb qaralgan ko‘rinishlarga qarshi yirik kampaniya olib borilgandi. Ammo alohida bir mintaqada Islomni nishonga olgan kampaniya aholining noroziliklariga sabab bo‘lgan. "Karimovning hozirgi chiqishi ana shu kampaniyani yodga soladi,"- deydi nomi oshkor etilishini istamagan Namangandagi universitetlardan birining o‘qituvchisi. "Prezident hamma vaqt Namangan aholisining dindorligidan tashvishda bo‘lgan. U 1991 yilda Namanganda hokimiyatni egallab olgan Tohir Yo‘ldosh boshchigidagi "Islom lashkarlari" bilan uchrashuvini hech qachon esidan chiqarmaydi", deydi suhbatdosh. Uning fikricha, hozirda "Islomiy davlat" guruhidan xavotirlar ortib borayotgan bir paytda hokimiyat yana bir marta o‘z nazarini "Namangandagi Islom va u bilan bog‘liq barcha atributlarga qaratayotgan bo‘lishi mumkin". O‘zbekistonning turli mintaqalaridagi to‘y-marosimlarni kuzatib kelayotgan taniqli fotograf Umida Ahmedovaning fikricha, faqat diniy omil emas, balki ijtimoy-iqtisodiy omillar ham ota-onalarning qizlarini erta turmushga berish qarorlariga ta‘sir o‘tkazayotgan bo‘lishi mumkin. "Yigitlar Rossiyaga ketib qolishayapti, qizlari "o‘tirib" qolishidan qo‘rqqan ota-onalar ularni tezroq erga berib yuborayotgan bo‘lishlari mumkin. Iqtisodiy ahvol og‘irlashgani sayin ikkinchi xotin bo‘lishga rozi yosh ayollarning ham ko‘payib borayotganini ko‘rayapmiz",- deydi u.

'Tahdid'

Bi-bi-si manba‘larining aytishicha, hozirda Namangan shahridagi mahalla fuqarolar yig‘inlarida prezidentning chiqishi yuzasidan muhokamalar boshlanib ketgan. "Rostini aytsam, prezident ma‘ruzasining shu yerini eshitib ajablandim, - deydi Bi-bi-siga o‘z fikrlarini yo‘llagan ota-onalardan biri. "O‘zbekiston Respublikasining "Oila kodeksi"da qizlarga nikoh qurishga 17 yoshdan ruxsat beriladi. Bu qonun mamlakat parlamenti tomonidan qabul qilingan, uni Senat ma‘qullagan va prezident imzolagan bo‘lgandan keyin, shu qonun doirasida ish qilgan shaxslarga nisbatan ochiq-oydin tahdid bo‘layapti. Bu tahdid kim tomonidan? Shu qonunlarning ijrosi va Konstitutsiyaning kafolati sanalgan mamlakatning eng oliy rahbari tomonidan". Namanganlik otaning so‘zlariga ko‘ra, Namanganda qizlarni erta turmushga berish urf bo‘lgani rost, ammo bu o‘tmishda qolib ketgan. "Shaxsan men qizlarni o‘qitishni istamaydigan odamlarni doim tanqid qilib kelganman. Qizlar ham yigitlar singari bilim olishlari, jamiyat uchun foydali har tomonlama yetuk inson bo‘lib yetishishlari lozim. Namangan shahrida ilgari qizlarni erta berish urf bo‘lgani rost. Ammo bu illat o‘timshda qolib ketdi. Bilasizmi, ilgari viloyat tumanlarida oliy ma‘lumotli qizlar serxaridor edilar. Hozir tumanlik tanishlarimdan "hozir ham shundaymi?" deb so‘rasam, "Hozir bozorga chiqib savdo qiladigan qizlar serxaridor bo‘lib qoldi", -deb javob berdi. Demak, hukumatimiz mamlakatda shunday sharoit va shunday iqtisodiy muhit yaratishi kerakki, sovchilar o‘qimishli, bilimli qizlarni izlaydigan bo‘lishsin. Hukumat shuning yo‘lini topishga harakat qilsa, xalq albatta buni qo‘llab-quvvatlaydi".

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEKInstagram - BBC UZBEKTwitter - BBC UZBEKOdnoklassniki - BBC UZBEKFacebook- BBC UZBEKGoogle+ BBC UZBEKYouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)Skype - bbcuzbekradio