Rossiya va O‘zbekiston siyosiy maslahatlashuv o‘tkazadi

Image copyright plus8db.com
Image caption Karasinga tashrif chog‘ida Rossiya harbiylari hamrohlik qiladi

Grigoriy Karasin boshchiligidagi hay‘at 3 dekabr kuni o‘zbek tomoni bilan mintaqaviy xavfsizlik va ikki tomonlama aloqalarni muhokama etishi kutilmoqda.

Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi xabar tarqatgan.

Rossiya Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari, stats-sekretar Grigoriy Karasinga Toshkentga safari chog‘ida Rossiyaning harbiy va xavfsizlik idoralari mulozimlari hamrohlik qilishi bildirilgan.

Tashrif O‘zbekistonda diniy ekstremizm, xususan, "Islomiy davlat" tahdididan xavotirlar kuchaygan paytga to‘g‘ri kelmoqda.

So‘nggi paytlarda o‘zbek huquq-tartibot idoralari poytaxt Toshkentda diniy ekstremizmda gumon qilingan o‘nlab shaxslarni hibsga olgan.

Shuningdek, poytaxtdagi jamoat joylari va xonadonlarda tekshirishlarning kuchaygani xabar qilinadi.

O‘tgan oy Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida "Ittifoqchilik to‘g‘risida"gi shartnomaning imzolanganiga 10 yil to‘lgan.

Prezident Putin Prezident Karimovga ayni munosabat bilan tabrik yo‘llagan, ammo o‘zbek matbuoti Rossiya bilan ittifoqchilik shartnomasining yubiley sanasini e‘tiborsiz qoldirgan.

Image copyright AP
Image caption Karimov Rossiyaning Suriyadagi havo zarbalarini tanqid qilgan

O‘zbekiston Rossiyaning Suriyadagi havo zarbalari borasida sukut saqlamoqda.

Rasmiy Toshkent Turkiyaning rus harbiy uchog‘ini urib tushirishi yuzasidan ham hech qanday munosabat bildirmagan.

Muammoli sherik

Ayni paytda Prezident Karimov Rossiyaning Suriyadagi amaliyotini bilvosita tanqid qilgan.

REGNUM agentligining Toshkentdagi diplomatik manba‘larga tayanib xabar berishicha, janob Karimov o‘tgan oy oxirida Turkmaniston Prezidenti Berdimuhamedovning Toshkentga tashrifi chog‘ida Rossiyani Suriyaga kirishdan avval u yerdan qanday chiqish haqida o‘ylashga chaqirgan.

"Ayrim davlatlar to‘g‘ri ish qilayapmiz, deb o‘ylaydi. Ammo bir yerga kirishdan oldin u yerdan qanday qilib chiqish haqida o‘ylash kerak", deya O‘zbekiston rahbarining so‘zlaridan iqtibos keltirgan REGNUM agentligi.

Ayni paytda Prezident Karimov Rossiya nomini tilga olmagan.

O‘zbekiston rasmiylari Prezident Karimovning ushbu so‘zlarini rasman tasdiqlashmagan, ammo rad ham etmaganlar.

O‘zbekiston Rossiya yetakchiligidagi iqtisodiy va harbiy ittifoqlarga qarshi chiqib keladi.

Ammo shunga qaramasdan, Rossiya mulozimlari Toshkent bilan, jumladan, harbiy sohada ham ikki tomonlama hamkorlik mexanizmi yo‘lga qo‘yilganini ta‘kidlab keladilar.

Rossiyalik tahlilchilarga ko‘ra, Toshkent Moskva uchun anchayin muammoli sherik sifatida ko‘riladi.

Ammo ularning fikricha, mintaqada diniy ekstremizm tahdidining kuchayishi O‘zbekistonni Rossiya bilan xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni kuchaytirishga undashi mumkin.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio