Asad: "Rossiya IDni jilovlamoqda"

Image copyright AP
Image caption "Rossiya IDni jilovlamoqda..."

Suriya prezidenti Bashar al Asadga ko‘ra, Rossiyaning jangovar amaliyotlari mamlakatda "Islomiy davlat" deb atalmish guruhning "kichrayib borishiga" xizmat qilmoqda.

Rossiya Suriyada Asadni qo‘llab havo hujumlarini sentyabr oyi boshlagan edi.

Asad Chex televizioni bilan suhbatda AQSh tomonidan havo hujumlari "Islomiy guruh" jangarilarini to‘xtatolmagani, ammo ruslarning havo zarbalari ish berayotganini aytgan.

Suriya prezidenti shuningdek, Turkiya tomonidan Rossiya uchog‘ining urib tushirilganini qoralagan.

Rossiya Suriyadagi isyonkor guruhlar mintaqalarini ham nishonga olayotganini aytgan Bashar al Assad, asosiy mo‘ljal "Islomiy davlat" ekanini urg‘ulagan.

Ammo o‘tgan oy AQSh Rossiyaning aksariyat havo hujumlari Asadga muxolif bo‘lgan "mo‘‘tadil muxolifat" guruhlariga qarshi qaratilganini aytgan edi.

Asadning aytishicha, AQSh havo hujumlari boshlanganidan beri "Islomiy davlat" dunyo bo‘ylab o‘z safiga ko‘proq jangarilarni jalb qilishga muvaffaq bo‘lgan.

"Rossiya bu jangu jadalga, terrorga qarshi deb atalmish kurashga qo‘shilganidan beri "Islomiy davlat" jilovlanmoqda. Al Nusra jabhasi ham, boshqa terrorchi guruhlar ham...Bu bor gap. Buni faktlar ko‘rsatmoqda", deb aytgan Suriya prezidenti.

Asad Turkiya tomonidan Rossiya uchog‘i urib tushirilishini ham tanqid qilar ekan, o‘z ta‘biricha, prezident Erdo‘g‘anning "asabini jilovlay olmaslik"da ayblagan.

Uning nazarida, Rossiya jangovar amaliyotlarga kirishi bilan Turkiyaning Suriyaga nisbatan tutgan mavqesi va manfaatlariga darz yetgan.

Turkiya Rossiyaning Su-24 rusumidagi qiruvchi uchog‘i 24 noyabr kuni Suriya bilan chegaraga yaqin mintaqada urib tushirgandi.

Hodisada uchoqning ikki uchuvchisidan biri qurbon bo‘lgan, parashyutda pastga sakragan ikkovlonni qutqarish amaliyoti jarayonida yana bir rossiyalik dengiz desantchisi ham halok bo‘lgandi.

Qurbon bo‘lgan uchuvchining jasadi esa, yakshanba kuni Rossiyaga yetkazilgandi.

Ayni shu hodisa ortidan bor-yo‘g‘i sanoqli kunlar ichida bu ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarga jiddiy darz yetgan.

Shanba kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Turkiyaga bir qator jazo choralari kiritishga doir farmoyishga imzo chekkandi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq