Nega turkman "Go‘ro‘g‘li"si tan olindi?

Image copyright none
Image caption Go‘ro‘g‘li - turkiy xalqlarning umumiy qahramoni

"Go‘ro‘g‘li" dostoni UNESCO ro‘yxatiga kiritilarkan, u Turkmaniston xalq og‘zaki ijodi namunasi sifatida ta‘riflangan.

Shimoliy Koreya chimchisi va arab qahvasi ham UNESCO ro‘yxatiga olingan.

Shu qtaorda, Gretsiyaning Tinos orolida shakllangan marmar o‘ymakorligi ham xalqaro maqom olgan.

Go‘ro‘g‘li va Ko‘ro‘g‘li?

Qabrda tug‘ilgan va hayotining ilk pallasini ilohiy qudrat bois belidan yuqorisi chirimagan onasining ko‘krak sutini emib o‘tkazgan Go‘ro‘g‘li aksar turkiy xalqlarning milliy qahramonidir.

Masalan, o‘zbek Go‘ro‘g‘lisini topib olishganida uning jinsini aniqlash uchun bolakayga qurol va qo‘g‘irchoq tashlashadi.

To‘g‘ri ba‘zi hollarda "Ko‘ro‘g‘li" nomi bilan tanilgan dostonda qahramon ko‘r odamning farzandi bo‘lgan deyiladi. Ayrim xalqlar uni "Go‘ro‘g‘li" deb atab, bolakay qabrda, ya‘ni go‘rda tug‘ilganiga ishora qilishadi.

Go‘ro‘g‘li kabi xalq qahramonlari dunyo bo‘ylab deyarli barcha xalqlarda uchraydi.

Image copyright none
Image caption Maqom. Uni o‘zbek, tojik, ozari, uyg‘ur va eronlik ham o‘z san‘ati sifatida sevib kuylaydi

Ammo aynan "Go‘ro‘g‘li" ("Ko‘ro‘g‘li") nomi bilan mashhur bu dostonni nafaqat turkmanlar, balki o‘zbeklaru ozarbayjonlar, qozoqlaru turklar ham o‘z madaniy boyligi, deb bilishadi.

Kavkazdagi turkiy xalqlar ta‘sirida hatto gurji va armanlarda ham bugun "Go‘ro‘g‘li" dostoni bor.

Manti, mantu, monto...

Yetmish yil temir parda ortida qolib kelgan sobiq Sho‘ro mamlakatlari va xalqlari madaniyatini dunyo hozir qaytadan kashf eta boshlagan.

Ammo ayni jarayon ba‘zida norozilik va hayratga ham yetaklayapti.

Markaziy Osiyo xalqlari nafaqat o‘zaro, balki Xitoy, Yaqin Sharq, Hindiston, Kavkaz va Sharqiy Ovro‘po bilan ham tarixiy, madaniy va savdo aloqalariga ega bo‘lib kelishgan.

Ko‘p hollarda bu xalqlarning kelib chiqishi o‘ta yaqin va hatto yagona ildizlarga borib taqaladi.

Shu bois bugun ularning musiqasi, taomlari, kiyim va bayramlari ham bir xil ataladi va yo ayni ma‘noga ega.

Ammo "Navro‘z" kabi bayramlar ba‘zi davlatlar tomonidan BMTga yo‘llangan bo‘lsa, boshqalari bu ro‘yxatga kirmay qolishgan.

Shuningdek, palov yo manti kimning taomi, "Shashmaqom" kimning madaniy merosi yo Uloq (Ko‘pkari) kabi sport o‘yinlari kimniki, degan bahslar ham yo‘q emas.

Image copyright AFP
Image caption Shomonlik Markaziy va Sharqiy Osiyo, Afrika hamda Amerika yerlik xalqlarida ham uchraydi

Shunisi ham borki, hali bir asr oldin ham mintaqa xalqaro bir-birlarini milliy yo irqiiy jihatlari bilan farqlashmagan.

Balki "forsigo‘y" yoki "turkiyzabon" bir-birlari haqida gapirganlar. Bu esa biz o‘zaro bittamiz, faqat tilimiz farqli degan ma‘noni bergan.

Shuningdek, o‘troq va ko‘chmanchi xalqlar ham o‘zaro hayot tarzi bilan farqlanib kelishgan.

Natijada esa yozilmagan qonunlar bilan o‘rtada uyg‘unlik va bag‘rikenglik shakllangan.

Ammo endi har kim o‘zidagi mavjud merosga milliy to‘n kiydirarkan, bu muayyan ma‘noda tortishuv yo bahslarga yetaklaydi degan xavotirlar bor.

Chunki boshqa mamlakatlar va mintaqalar misolida buni allaqachon ko‘rish mumkin.

Do‘lma yo do‘lmades?

Ozarbayjon va Eron o‘rtasidagi tor musiqa asbobi borasida yuzaga kelgan bahs hamon yechimini topmagan.

Turklar va yunonlar esa pashmak holva yoki qo‘y sutidan qilinadigan halim pishlog‘i kimniki, degan masalada kelisha olishmaydi.

Negadir, halim pishlog‘i tarixi badaviy arablarga borib taqalsa-da, bugun u turk-yunon tortishuvining bir qismi bo‘lib qolmoqda.

Image caption Do‘lma so‘zi turkiy tillardagi "do‘ldurmak" yo "to‘ldirmoq" fe‘lidan kelib chiqqan, ammo bu taomni arman, yunon, fors hamda arablar ham tayyorlashadi

Ozarbayjon va Armaniston esa do‘lma ustida tortishib keladilar. Ammo do‘lmaning ildizlari Markaziy Osiyoga yetaklashi aytiladi.

Bu yoqda yunonlar ham uni do‘lmades deb atashadi va bu yunoni taomi, deb biladilar.

Boshqa tomondan, ayrim xalqaro qarorlar davlatlar yo xalqlar orasida kelishmovchilikka yetaklashi ehtimoli ham yo‘q emas.

Deylik, yunoncha qatiq bo‘z xaltada qilinadi. Hozir u rasman shunday ataladi ham.

Ammo o‘zbeklar va turklar ham qatiqni bo‘z xaltaga solib, suzma qilishadi. Tojiklar ham xuddi shunday usulda chakki olishadi.

Shu bois ayrim mutaxassislarga ko‘ra, o‘zaro yaqin xalqlarda uchraydigan va ham tayyorlanishi, ham atalishi bir xil bo‘lgan taom, musiqa yo an‘analarga xalqaro yorliq yopishtirganda o‘ta ehtiyotkor bo‘lish kerak.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu hikoyani baham ko‘ring

Bu mavzuda batafsilroq