Putin: "Turkiya rahbariyatini Alloh jazoladi"

Image copyright EPA
Image caption Putin

Turkiya hukumati Suriyada Rossiya harbiylarining qurbon bo‘lishiga bevosita mas‘uldir, deb aytgan prezident Putin.

Bu haqda Rossiya rahbari federal kengashga murojaatida so‘zlagan.

Ayni vaqtda u turk xalqini Rossiyaga do‘st deb bilishini aytgan.

"Turklar xushfe‘l va iqtidorli xalqdir. Do‘stlarimiz ko‘p. Biz turk xalqi va qudratdagilarni bir qatorda ko‘rmasligimizni bilishlari kerak. Tepadagilar bizning harbiylarimiz qurbon bo‘lgani uchun mas‘uldirlar", degan Putin.

Rossiya prezidenti Anqaraning amallaridan maqsad nima ekanini tushunmagani, chunki Moskva barcha bahsli masalalarda "muloqotga tayyor bo‘lganini" urg‘ulagan.

"Faqat nima uchun ular bu ishni qilishdi, Alloh biladi. Aftidan Alloh qudratdagilarni aqldan ozdirib jazolashni istaganga o‘xshaydi", deb aytgan Rossiya prezidenti.

Shunga qaramay, Rossiya ayni masalaga "asabiy" yondashmaydi, balki mas‘uliyat bilan ish ko‘radi.

"Ammo kimdir bizning odamlarimizni o‘ldirib, keyin faqat pomidorlar taqiqi bilan qutulib qolaman desa, adashadi, ular bu amallari uchun ko‘p afsus qilishadi", deb po‘pisa qilgan Putin.

"IDning neftiga Rossiya xaridor, Turkiya emas"

Image copyright Reuters
Image caption Erdo‘g‘an Rossiyani ayblamoqda

Ayni paytda Turkiya prezidenti Rajab Tayib Erdo‘g‘an uning ixtiyorida aslida Rossiyaning "Islomiy davlat" deb atalmish jangari guruh bilan neft oldi-sottisiga oid hujjatlar borligini aytgan.

"Bizda isbot-dalillar bor. Biz ularni dunyoga oshkor qilamiz", deb aytgan Turkiya prezidenti.

Erdo‘g‘anning aytishicha, ID neftiga eng yirik xaridor suriyalik biznesmen bo‘lib, unda Rossiya fuqaroligi bor.

"Kim neftni sotib olmoqda? Suriyalik Jorj Hasvaniy. Uning Rossiya pasporti bor. Bu biznesda eng yirik o‘yinchilardan biri", deb aytgan Erdo‘g‘an.

Avvalroq, Putin doxil boshqa Rossiya mulozimlari, Turkiya va shaxsan prezident Erdo‘g‘an oilasi "Islomiy davlat" deb atalmish jangari guruh bilan neft oldi-sottisiga aralashgan deb da‘vo qilishgandi.

Turkiya prezidenti mamlakatining "Islomiy Davlat" guruhi jangarilaridan neft sotib olayotgani haqidagi da‘volarni rad etar ekan,"biz terrorchilardan neft sotib olish darajasida benomus emasmiz. Agar, bizning shunday qilganimizni isbotlab berishsa, men kursimdan ketishga tayyorman. Qo‘llarida qandaydir isbot-dalillari bo‘lsa, marhamat, taqdim etishsin, biz ham ko‘raylik", - deb aytgan edi.

O‘tgan oy Turkiya tomonidan Rossiya qiruvchi uchog‘ining urib tushirilishi ikki davlat o‘rtasida munosabatlarni yaqin tarixda eng yomon holatga kelishiga sabab bo‘lgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq