O‘zbekiston: iqtisodiy o‘sish sekinlashdi

Image copyright Reuters
Image caption Avvalroq Prezident Karimov 2016 yilda ham o‘sish 8 foizdan kam bo‘lmasligini aytgan edi

2016 yil uchun davlat byudjetida yalpi ichki mahsulot hajmining 7.8 foizga o‘sishi ko‘zda tutilgan.

Bu mamlakatda iqtisodiy o‘sish sur‘atining o‘tgan yilgidan 0.3 foizga pasayishini anglatadi.

Payshanba kuni senatorlar davlat byudjeti, soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga o‘zgarishlarni ma‘qullashgan.

Unga muvofiq, 2016 yilda mamlakatda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 8.2, qishloq xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqarish esa 6.1 foizga o‘sishi kutilmoqda.

Oxirgi raqamlar O‘zbekiston iqtisodining so‘nggi bir necha yil mobaynida ilk bor 8 foizdan kam o‘sishi kutilayotganini anglatadi.

Avvalroq Prezident Karimov 2016 yilda ham 8 foizdan kam bo‘lmagan o‘sish sur‘atining saqlanib qolishini bashorat qilgan edi.

So‘mning qadrsizlanishi

Iqtisodiy o‘sish sur‘atining pasayishi haqidagi bashorat o‘zbek so‘mi qiymatining keskin tushib ketishi manzarasida yangramoqda.

O‘zbek so‘mi joriy yil boshidan buyon 11 foizdan ko‘proqqa qadrsizlangan.

Tahlilchilarga ko‘ra, Rossiyadagi inqiroz va jahon bozorida xomashyo narxlarining tushib ketishi manzarasida O‘zbekiston iqtisodiyotida tizimga oid muammolar bo‘y ko‘rsatmoqda.

Ovro‘po Tiklanish va Taraqqiyot Bankiga ko‘ra, Rossiya rublining zaiflashishi va iqtisodiy retsessiyaning davom etayotgani Markaziy Osiyo milliy valyutalari, jumladan, o‘zbek so‘miga ham bosimni kuchaytirgan.

Bank o‘tgan oy chiqargan hisobotida O‘zbekistonda 2016 yildagi iqtisodiy o‘sish sur‘ati 7.5% foizni tashkil etishini bashoart qilgan.

Tahlilchilar oxirgi 10 yilda o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari uylariga yuborgan pul-mablag‘lar o‘zbek so‘mini butunlay barbod bo‘lishdan asrab qolganini aytishadi.

O‘zbekiston sobiq sovet hududida milliy valyutaning qora bozori amal qilayotgan yagona davlatdir.

Avvalroq Ovro‘po Tiklanish va Taraqqiyot Banki o‘zbek so‘mining erkin konvertatsiya qilinmasligini xorijiy sarmoyalar yo‘lidagi asosiy to‘siq, deb atagandi.

O‘tgan o‘y Toshkentdagi investitsiyaviy forumda chiqish qilgan Bosh vazir o‘rinbosari Rustam Azimov xorijiy sarmoyadorlarni o‘ylantirayotgan konvertatsiya muammosini tilga olmagan.

Jahon Banki O‘zbekiston hukumatini erkin konvertatsiya tomon qadamlar qo‘yishga chaqirgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio