Tojikistonda zilzila: Vayronagarchilik ko‘lami katta

Kuchli yer silkinishi Sarez ko‘lidan 22 chaqirim uzoqlikda, Tojikistonning sharqiy Tog‘li-Badaxshon muxtor viloyatida yuz bergan.

Zilzila kuchi Rixter shkalasi bo‘yicha 7-8 ballni tashkil etgan.

Yer silkinishi markazining Tojikiston poytaxtidan 363 chaqirim uzoqlikda joylashgan Murg‘ob aholi punktiga yaqin bo‘lgani aytilmoqda.

Tojikistondan olingan eng so‘nggi xabarlarga ko‘ra, yer silkinishi jiddiy vayronagarchiliklarga sabab bo‘lgan.

Mahalliy aholining aytishicha, kuchli yer qimirlashi natijasida Murg‘obdan tashqari, Bartang tumani ham anchagina odam tan jarohati olgan.

Hozirda ularning sonlarini aniqlash bo‘yicha ish ham olib borilmoqda.

Kuchli yer silkinishi Murg‘ob, Bartang va Rushan tumanining Xuf vodiysida katta sondagi maktab, turar-joy binolari va tibbiyot punktlarini vayron qilgan.

Basid qishlog‘ida esa, tog‘ning bir qismi ko‘chib tushgan va bir nechta uyni bosib qolgan.

Vayronagarchilik ko‘lamiga qaramay, hozircha, insoniy talofatlarga oid xabarlar yo‘q.

Ya‘ni, zilzila kunduz kuni ro‘y bergani bois, ko‘pchilik o‘z vaqtida tashqariga chiqishga muvaffaq bo‘lgan.

Xabarlarga ko‘ra, viloyat hokimligining maxsus hay‘ati ham allaqachon Bartangga jo‘nab ketgan.

AQSh Geologik xizmatining tekshiruvlariga ko‘ra, zilzila "o‘chog‘i" 28 chaqirim chuqurlikda bo‘lgan.

Hozircha, insoniy talofatlar va jarohatlanganlarga oid aniq, rasmiy xabarlar yo‘q.

Zilziladan jabr ko‘rgan hududlarga favqulodda yordam guruhlari jo‘natilgan.

Ammo ularning yetib borishlari soatlarga cho‘zilishi mumkinligi aytilmoqda.

Tog‘li Pomir mintaqasida havo allaqachon jiddiy sovub ulgurgan.

Image copyright Getty

Murg‘ob va Bartangda tunda havo harorati Tselsiy shkalasi bo‘yicha minus 8-10 ni tashkil etadi.

Qahraton sovuq va qalin yoqqan qor sabab, qutqaruvchilarga oson bo‘lmaydi.

Ob-havo yaxshi emasligi bois, insonparvarlik ko‘maklarini ham asosan mashinalarda yetkazishga to‘g‘ri keladi.

Tojikistondagi muxbirimizga ko‘ra, navbatdagi yer silkinishi tog‘li Pomir mintaqasining yetib borish qiyin bo‘lgan tumanlarida kuchli sezilgan.

Muxbirimiz Anora Sarkorovaning xabar berishicha, tabiiy ofat viloyat aholisi orasida katta vahimaga sabab bo‘lgan.

Qo‘rqib ketgan bolalar sinfxonalardan tashqariga otilib chiqishgan.

Ko‘pchiligining ahvoli yomonlashib qolgan.

Viloyat markazi Xoro‘g‘dan "Tez yordam" mashinalari safarbar etilib, jabrdiylarga zudlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatilayotgani aytilmoqda.

Odamlar esa, yer yana qimirlaydi, degan xavotirda tashqarida qolishni afzal bilishmoqda.

Xoro‘g‘liklarning aytishlaricha, zilzila oqibatida ayrim binolarga darz yetgan.

Dastlabkisi ortidan, yana bir nechta yer silkinishi yuz berarkan, shahar maktablaridagi tahsillar bekor qilingan.

Zilzila markazi bo‘lgan Murg‘ob bilan bog‘lanishning qiyin ekani aytilmoqda.

Muxbirimizga ko‘ra, u yer bilan mobil aloqa ham deyarli yo‘q.

Zilzila kuchidan poytaxt Dushanbe ham bir chetda qolmagan, ammo beziyon kechgan.

Lekin, shunga qaramay, shahardagi maktablar yopilgan.

Tog‘li Badaxshon - Tojikistonning eng nochor va ishsizlik keng tarqalgan viloyatlaridan biri sanaladi.

Image copyright AP

Yerosti silkinishlari Pokiston, Hindiston va Markaziy Osiyo davlatlarida ham sezilgan.

Ayrim xabarlarga ko‘ra, Pokistonda zilzilaning kuchi Rixter shkalasi bo‘yicha 7.1 ballni tashkil qilgan.

Ammo bu yerdan ham, hozircha, biror bir talofatga oid xabarlar yo‘q.

Jumladan, kun.uz nashrining ijtimoiy muloqot tarmoqlari foydalanuvchilarining xabarlariga tayanib yozishicha, zilzila O‘zbekistonda ham sezilgan.

O‘zbekistonning turli hududlarida 2-3 balldan 4-5 ballgacha bo‘lgan yer silkinishlari kuzatilgan.

Bu yerdan ham, hozircha, qurbonlar va vayronagarchiliklarga oid rasmiy xabarlar yo‘q.

Mintaqa so‘nggi ikki oy ichida qator yer silkinishlariga sahna bo‘lgan, ularda o‘nlab odamlar qurbon bo‘lishgandi.

Ustma-ust zilzilalardan eng ko‘p Afg‘oniston, Pokiston, Qirg‘iziston va Tojikiston ziyon chekishgandi.

Jumladan, Qirg‘izistonning O‘zbekistonga bevosita qo‘shni O‘sh viloyatida yuzlab uylar vayron bo‘lgandi.

Pomir tog‘larida joylashgan Sarez ko‘li esa, yillarki, mintaqa mutaxassislarining jiddiy xavotirlariga sabab bo‘lib keladi.

Ya‘ni, Sarez - Markaziy Osiyo mintaqasiga eng ko‘p xavf soluvchi ko‘l hisoblanadi.

Mazkur ko‘l 1911 yilda yirik tog‘ ko‘chkisi natijasida paydo bo‘lgan, Sarez mintaqasida bir qishloq suv ostida qolgandi.

Ushbu tabiiy ofat natijasida kamida 90 odamning halok bo‘lgani ishoniladi.

Mutaxassislarga ko‘ra, aynan kuchli zilzilalar sabab, Sarez ko‘li o‘z o‘zanidan chiqib ketishi va Amu Daryo havzasida joylashgan Tojikiston, Afg‘oniston, O‘zbekiston hamda Turkmanistonda besh milliondan ortiq insonning hayotini xavf ostiga qo‘yishi mumkin.

Tojikistonning Rog‘un shahri yaqinida qurilayotgan va Markaziy Osiyoda eng yirigi bo‘lishi kutilayotgan GES ham aynan zilzilalar bois, qolgan mintaqa davlatlari, ayniqsa, O‘zbekistonning jiddiy xavotirlariga sabab bo‘lib keladi.

Jumladan, o‘zbekistonlik mutaxassislarga ko‘ra, yangi GESning balandligi 335 metr bo‘lishi kutilayotgan to‘g‘oniga darz yetishi – Amudaryoning quyi oqimida joylashgan davlatlar uchun haqiqiy fojeaga aylanadi.

Xuddi shu manzarada Rog‘un GESini qurish loyihasi ikki mamlakat munosabatlarini keskin sovuqlashtirgan.

Tojikiston seysmik faol mintaqada joylashganini rad etmagan ayrim mahalliy mutaxassislarga ko‘ra esa, Rog‘un GESi qurilishi mintaqaga xavf solmaydi.

2010 yilda Tojikistonning Rog‘un GESi qurilayotgan sathiga yaqin va mamlakatdagi eng yirik Norak GESi joylashgan shimoliy-sharqiy mintaqalarida qariyb 6 balli yer silkinishi yuz bergandi.

Tojikiston zilzila tez-tez yuz beradigan tog‘li mamlakat.

Ayrim hisob-kitoblarga ko‘ra, Tojikistonda yiliga 2.000 dan ortiq yengil yer silkinishlari kuzatiladi.

Ulardan ayrimlari o‘nlab insonning umriga zomin bo‘lgani, yana katta sondagisiga tan jarohati yetkazgani ham bor gap.

Bundan bir necha yil burun Tojikistonning tog‘li Pomir mintaqasida ro‘y bergan qaqshatqich zilzila oqibatida esa, yuzlab kishilar boshpanasiz qolishgandi.

Tojikistonning sharqiy Badaxshon viloyati ham zilzilalarga juda moyil mintaqa hisoblanadi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq