Tramp musulmonlarni AQShga kiritmaslikka chaqirdi

Image copyright AP

AQSh prezidentligiga Respublikachilar partiyasi nomidan o‘z nomzodligini ilgari surayotgan Donald Tramp Kaliforniyadagi qonli otishma ortidan AQShga musulmonlarni kiritmaslikka chaqirdi.

U chiqargan bayonotda aytilishicha, AQSh hukumati musulmonlarning Amerikaga munosabatini "aniqlab olmaguncha", musulmonlarning mamlakatga kirishi "butkul" to‘xtatilishi kerak.

Janob Tramp o‘z bayonoti ortidan Janubiy Karolina shtatidagi tarafdorlarining qarsaklari ostida bu chaqirig‘ini takrorladi.

Oq uy va boshqa respublikachilar Tramning chaqirig‘ini tezda qoralab chiqdilar.

Oq uyning bayonotida Trampning so‘zlari AQSh qadriyatlari va milliy xavfsizlik manfaatlariga zid ekani aytiladi.

O‘tgan hafta Kaliforniya shtatida musulmon er-xotin 14 kishini otib o‘ldirishi Amerika uchun 11 sentyabr voqealaridan beri eng qonli terror hujumi bo‘ldi.

Yakshanba kuni Prezident Barak Obama amerikaliklar qarshisida chiqish qilib, AQSh o‘zaro bo‘linishlar qurboni bo‘lib qolmasligi kerakligini aytdi.

Janob Trampning bayonotida aytilishicha, an‘anador tadqiqot markazi sanalmish Xavfsizlik siyosati markazi olib borgan so‘rov 25 foiz musulmonlar Amerikaga qarshi hujumlar asosli ekaniga ishonishishini aniqlagan.

"Turli so‘rovlarga qarab o‘tirmasdan ham, bu nafratni tushunish qiyinligi hammaga kundek ravshan. Bu nafrat qayerdan paydo bo‘lgan va nima uchun, buni aniqlashimiz kerak bo‘ladi. Bu muammonini tushunib, uning tahdidini aniqlamagunimizcha, bizning mamlakatimiz Jihodga ishonadigan va inson hayotini hurmat qilmaydigan odamlarning qurboni bo‘lib qola olmaydi", - dedi Donald Tramp.

Avvalroq Tramp ba‘zi masjidlar yopilishi va AQShdagi musulmonlar muntazam ravishda kuzatuv ostida bo‘lishlariga chaqirgandi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio