Suriya: Isyonkorlar Homsni tark qilishmoqda

Image copyright Reuters
Image caption Homs Prezident Assadga qarshi ilk norozilik chiqishlariga sahna bo‘lgandi

Suriya faollari va kuzatuv guruhlariga ko‘ra, Homs shahridagi isyonkorlar hukumat bilan erishilgan otashkesim bitimi ostida o‘z nazoratlarida qolgan oxirgi mavzedan chiqib ketishmoqda.

Kelishuv butun shahar hukumat qo‘liga o‘tishini anglatadi.

Homsni tark etayotganlar Idlib viloyati hududiga ko‘chishayotgani xabar qilinadi. Idlib hamon isyonkorlar qo‘lida qolmoqda.

Suriya markazida joylashgan Homs bir paytlar "inqilob poytaxti" sanalgan hamda 2011 yil Prezident Bashar al Assadga qarshi ilk norozilik chiqishlariga sahna bo‘lgandi.

Chorshanba kuni jangchilar va ularning oilalarini Homsning al-Vayr mavzeidan olib ketishi uchun avtobuslar tashkil qilingan.

Suriya Inson haqlari kuzatuv markaziga ko‘ra, isyonkorlar va oddiy fuqarolar doxil 800 nafarga yaqin odam kun davomida shaharni tark qilishi lozim.

Homsdan chiqib ketayotganlar orasida "Al-Qoida"ga aloqador jangchilar borligi, ammo otashkesimni qabul qilgan guruhlar shaharda qolishlari qo‘shimcha qilinadi.

BMT homiyligida erishilgan kelishuvga binoan al-Vayrga qariyb bir yil asnosida ilk bor oziq-ovqat yordami yetkazilgan.

Suriya Qizil Xoch tashkiloti arab tilida yordam guruhlari hududda faoliyat qilayotganlari borasida twit qoldirgan, biroq u yerdagi ahvol haqida juda oz ma‘lumot mavjud.

Muzokaralar davomida Suriya hukumati Homsda ushlangan 35 nafar muxolifat jangchisini ozod qilgan.

"Biz eng yaxshi narsani tilaymiz", deydi shahar yashovchilaridan biri.

Al-Vayrda hisob-kitoblarga ko‘ra, 75,000 inson istiqomat qiladi. Suriya inqirozi boshlanmasdan oldin u yerdagi aholi soni 300, 000 bo‘lgani aytiladi.

Ayrim Suriya faollari otashkesim bitimini qamal bilan jazolab erishilgan kelishuv deya da‘vo qilishgan.

Boshqalar esa, al-Vayr ustidan erishilgan kelishuv ayrim guruhlarga qurol-yarog‘larini saqlab qolish va o‘z jamoalari ustidan nazorat qilish imkonini berishi aytishmoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq