Putin: "Qora qutini xalqaro ekspertlar o‘rganishsin"

Image copyright EPA

Rossiya prezidenti Turkiya urib tushirgan Su-24 qiruvchi uchog‘ining qora qutisini o‘rganishga xalqaro ekspertlarni ham jalb etishga qaror qilgan.

Turkiya Rossiya qiruvchi uchog‘ini shu yilning 24 noyabr kuni Suriya bilan o‘zaro chegarasida urib tushirgandi.

Rasmiy Anqara o‘z qarori sababini rossiyalik uchuvchilar o‘z havo hududini buzib kirganliklari bilan izohlagandi.

Turkiya tomonining da‘vo qilishicha, ularni bir necha daqiqaning o‘zida qayta-qayta ogohlantirishgan va ogohliklari bejavob qolgach, Su-24 qiruvchi uchog‘ini urib tushirishga qaror qilishgan.

Ammo rasmiy Kremlning davomiy ravishda rad etishicha, o‘z uchuvchilari noqonuniy ish tutishmagan.

Qiruvchi uchoqning ikki uchuvchisi parashyutda yerga sakrashga muvaffaq bo‘lishgan. Ammo ulardan biri keyinchalik o‘ldirilgan, biri omon qolgandi.

Ikkovlonni qidirish uchun olib borilgan qutqaruv amaliyoti chog‘ida ham rossiyalik harbiylardan biri hayotdan ko‘z yumgandi.

Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu uchoqning qora qutisini prezident Putinga kecha seshanba kuni taqdim etgandi.

Vladimir Putin bilan uchrasharkan, Rossiya Mudofaa vaziri "o‘z uchuvchisiga o‘tgan ochganlarni "jangarilar", deb atagan.

"O‘zlari ana shu "jangarilar" joylashgan hududda faol ish olib borishgani, Suriya Qurolli kuchlarining maxsus bo‘linmasi bilan hamkorlikda u yerni ozod etishgani va qora qutini ham hududni ko‘zdan kechirarkan, suriyalik harbiylar topishgani"ni bayon qilgan.

Rossiya Mudofaa vaziriga ko‘ra, jangarilar qora qutini olib ketishga ulgurishmagan va o‘zlari uni Moskvaga keltirishga muvaffaq bo‘lishgan.

Image copyright AFP

Prezident Vladimir Putinning aytishicha, qora qutidagi yozuvlar Su-24 uchog‘ining harakatlanish yo‘nalishi va urib tushirilgan paytda aynan qayerda bo‘lganini aniqlashga ko‘mak beradi.

Ammo, xuddi shu so‘zlarni aytarkan, Rossiya rahbari o‘z Mudofaa vaziridan qora qutini hozircha ochmasliklarini iltimos qilgan.

Bu ishni xalqaro ekspertlar bilan hamkorlikda qilish va yozuvlarni sinchiklab o‘rganish lozimligini aytgan.

"O‘z gapimni indallosidan boshlab qo‘ya qolay. Biz yuz bergan hodisaning tagiga yetishimiz lozim. Ammo, yakuniy xulosamiz qanday bo‘lmasin, Turkiya hukumatining qilgan ishiga munosabatimiz hech bir o‘zgarishsiz qoladi. Yana bir marta takrorlayman, biz Turkiyani nafaqat o‘zimizga do‘st davlat, balki terrorga qarshi urushda ittifoqchimiz sifatida ham ko‘rib kelganmiz. Xuddi shu bois ham, hech kim orqamizdan bu kabi qabihona va xiyonotkorana zarba berilishini kutmagandi", - deya bayon qilgan prezident Vladimir Putin.

Su-24 qiruvchi uchog‘i bilan yuz bergan hodisa bor-yo‘g‘i bir necha kunning o‘zida ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarga jiddiy raxna solgan.

Rossiya hukumati Turkiyaga qarshi to‘plam iqtisodiy jazo choralari kiritgan.

Turkiyadan Rossiyaga kelayotgan meva va sabzavotlarga taqiq qo‘ygan.

Rasmiy Anqara bilan qator qo‘shma loyihalarini to‘xtatib qo‘yishga qaror qilgan.

Kelasi yilning 1 yanvaridan boshlab ikki o‘rtadagi vizasiz tizimni bekor qilishini bildirgan.

O‘z navbatida, Turkiyani Yaqin Sharqdagi "Islomiy Davlat" guruhi bilan noqonuniy neft oldi-berdisida ayblagan.

Image copyright AFP

Bularning barchasi ortidan, Turkiya hukumati ham 7 dekabr kungi yig‘ini chog‘ida Rossiyaga qarshi javob sanktsiyalari kiritish masalasini muhokama etganligini ma‘lum qilgan.

Ammo bu haqda bayon qilgan Turkiya Bosh vaziri Ahmet Dovuto‘g‘li so‘z aynan qanday jazo choralari xususida ketayotganini ochiqlamagan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq