Biometrik pasport: Muhojirlar aro yo‘lda

Image copyright Getty

Bugun Xalqaro inson huquqlarini himoya qilish kuni. Moskvadagi "Fuqaroviy ko‘mak" nodavlat tashkiloti rahbari Svetlana Gannushkina mehnat muhojirlarining inson huquqlari qanday bajarilishini monitoring qiladi.

O‘zbekiston va mamlakat tashqarisida biometrik pasport mashmashasi davom etar ekan, Rossiyadagi millionlab mehnat muhojirlarini bu masala mushkul vaziyatda qolgan.

Svetlana Gannushkinaga ko‘ra, 2016 yil yanvarigacha o‘z joriy hujjatlarini biometrik pasportga almashtirish kerakligi borasidagi xabarlarni eshitib, uning tashkilotiga murojaat qilgan o‘zbekistonliklarning soni so‘nggi paytda ko‘paygan.

S. Gannushkina: Tashkilotimizga O‘zbekistonga qayta ololmayotgan odamlar murojaat qilishgan, ularni bu juda qattiq tashvishlantiradi. Ayni masalada Rossiya mulozimlarining munosabati hanuzgacha aniq emas. Nazarimda, boshpana maqomini qo‘lga kiritganlarga joriy pasport o‘rniga ehtimol boshqa hujjat beriladi. Lekin qay muddatga berilishi aniq emas. Deylik, vaqtinchalik boshpana maqomining muddati tugaganida, uni uzaytirish uchun pasport kerak bo‘ladi. Boshqa tomondan, vaqtinchalik qochqin maqomi berilgan shaxslardan safar qilmasliklari talab qilinadi. Ular Rossiyani tark etmasliklari kerak. Shuning uchun juda ko‘p mushkulotlar paydo bo‘lmoqda. O‘zbekistonga safar qilishdan xavfsirayotgan muhojirlar uchun ayniqsa vaziyat juda qiyin...

BBC: Bu xalqaro inson haqlari andozalarini himoyalovchi qonunlarga qanday mos keladi?

S. Gannushkina: Halqaro qonunchilik nuqtai nazaridan gapirsak, bu masalada aniq bir qoida ifodalanmagan. Lekin, masalan, Rossiyada men hatto sovet davrida olingan pasportim bilan uzoq muddat davomida bemalol yurganman. Qoidaga ko‘ra, ma‘lum bir muddatga berilgan pasport o‘sha muddat davomida haqiqiy deb sanaladi ya‘ni amal qilishi kerak va uning muddati o‘tgani bilan almashtirish kerakligi talab qilinadi. O‘zbekiston fuqarolariga misol uchun 2012 yilda berilgan oddiy pasportning muddati hali o‘tgani yo‘q, biroq ulardan biometrik hujjatga almashtirish uchun qisqa vaqt quyilgani noto‘g‘ri deb o‘ylayman . Menimcha, bu harakatlarni qiynoqlar bilan solishtirish mumkin. Chunki agar inson O‘zbekistonga qaytishdan qo‘rqsa, u boshqa MDH mamlaktlarida ham qonuniy maqomini yo‘qotishi mumkin va boshpana olishga murojaat qilishni o‘zi uchun yagona yo‘l deb hisoblashi mumkin. Bu kabi odamlar uchun ayni vaziyat fojia deb atasak bo‘ladi.

BBC: Lekin bunday holatga tushgan O‘zbekiston fuqarolari nima qilishlari kerak? Yoki o‘zbek rasmiylari qanday qo‘shimcha chora-tadbir ko‘rishlari mumkin?

S. Gannushkina: Rasmiylarning harakatlari mantiqqa to‘g‘ri kelmaydigan talab. Elchixona qoshida katta bir idorani ochib, pasportlarni Rossiyaning o‘zida berishlari lozim, agar shunchalik zaruriyat bo‘lsa! Nazarimda, ushbu harakatlar orqali o‘zbek rasmiylari mamlakatdan tashqari bo‘lgan diasporani, ya‘ni o‘z fuqarolarini nazorat ostiga olishmoqchi.

Image copyright bbcuzbek.com

BBC: Siz boshida boshpana so‘rovchilarni tilga oldingiz. Bunday shaxslarning soni so‘nggi pasport talablari yuzasidan boshpana olish uchun murojaat qilishlari ko‘payadi, deb o‘ylaysizmi?

S. Gannushkina: So‘zsiz, bunday odamlarning soni ko‘payadi. O‘zbekiston fuqarolari Rossiya va Qozog‘iston hududlarida mehnat qiladilar. Ko‘plarning oilalari bor. Ular joriy holatga ko‘nikib, yashab kelishmoqda. Vaqt-vaqti bilan ular o‘z vataniga borib qaytib kelishardi, ko‘plar ish patentini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan. Aksar mehnat muhojirlari uchun Rossiyada qulay sharoitlar yaratildi, deb aytsam bo‘ladi. Ular Rossiya hududida bemalol ishlashadi. Endi esa hovliqmalik va ortiqcha harajat boshlanib ketadi. Shuning uchun noilojlikdan ko‘plab o‘zbekistonliklar boshpana olishga qaror qilishlari turgan gap va bunday odamlarning soni minglab bo‘lishi mumkin.

BBC: Yanvardan keyin Rossiya rasmiy idoralarining munosabati qanday bo‘lishi haqida nima deya olasiz?

S. Gannushkina: Gap shundaki, bugungi kunda huquq-tartibot idoralarimiz muhojirlar borasida, yoki xususan, ularni deportatsiya qilish borasida qarorlarni juda yengillik bilan qabul qilishadi. Va sudlarimiz mazkur qarorlarni hamisha tasdiqdan o‘tkazishadi. Misol uchun, mahkama jarayonida bir sudlanuvchi uning xotini olib kelgan hujjatlarni olish uchun binodan chiqib ketganida, uni hibsga olib, hibsxonaga joylashtirish hollari juda ko‘p. Bu mehnat muhojiri hibsxonada o‘tirganida na ishlay oladi, na oilasini boqa oladi. Va Moskva shaxar sudining "Tekshiruv vaqtida xorijiy fuqaro tegishli hujjatlarni ko‘rsatishi kerak" degan qarori, menimcha, shafqatsiz qarorlardan biri. Bu vahshiy bir bema‘nilik. Biz hozirda Moskva sudlarining muhojirlarga oid ishlari ustidan kuzatuv olib borayapmiz. Muhojirlarga yangi yildan boshlab "oblava" yoki ov qilishlarni uyushtirishni ko‘zlayotgan Rossiya politsiyasi va sudlar deportatsiya haqida yengil, osongina qaror chiqarishlarini inobatga olib, bu kelajakda juda yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin, deb aytsam bo‘ladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq