Boks afsonasi Muhammad Ali Trampga qarshi

Image copyright Reuters

Boks afsonasi Muhammad Ali musulmonlarga oid so‘zlari uchun Amerika prezidentligiga respublikachi nomzod Donald Trampni tanqid qilib chiqdi.

"Musulmonlar Islomdan o‘z shaxsiy manfaatlari yo‘lida foydalanuvchi insonlarga qarshi turishlari kerak", - deb aytgan boks afsonasi Donald Trampning ism-sharifini tutmagan holda.

73 yoshli bokschi jahondagi eng mashhur musulmonlardan biri sanaladi.

Janob Tramp o‘zining saylovoldi tablig‘ot amaliyoti chog‘ida musulmonlarni Amerikaga kiritmaslikka chaqirgandi.

Uning bu da‘vati ham Amerika ichkarisi va hg‘am tashqarisida keskin tanqidlarga sabab bo‘layotgan esa-da, Donald Tramp prezidentlik uchun kurashini davom ettirishini aytmoqda.

Dushanba kungi chaqirig‘i ortidan, Oq Uy musulmonlarga oid so‘zlari janob Trampning prezidentlik poygasidan allaqachon chiqib ketganini anglatishini bayon qilgandi.

Muhammad Ali o‘zining bayonoti "Musulmonlarning Amerikaga migratsiyasini ma‘n etishni taklif qilayotgan prezidentlikka nomzodlarga qaratilgani"ni aytgan.

"Ular ko‘pchilikni Islomni o‘rganishdan bezitishmoqda, ortga qaytarishmoqda", - degan jahon boks afsonasi.

Sobiq jahon chempioni, o‘z navbatida, Yaqin Sharqdagi "Islomiy Davlat" guruhi sodir etayotgan zo‘ravonliklarni ham keskin qoralab chiqqan.

"Haqiqiy musulmonlar o‘zini Islomiy Jihodchilar, deb atayotgan shaxslar sodir etayotgan shafqatsiz amallar bizning dinimizga mutlaq zid ekanini yaxshi bilishadi", - deb aytgan Muhammad Ali.

"Yanglish yo‘lda yurgan bu qotillar asl Islom haqida odamlarning qarashlarini buzib yuborishdi".

"Men o‘zim musulmonman. Parij bo‘ladimi, San Bernardino yoki dunyoning qayerida bo‘lmasin, begunoh odamlarning o‘limiga Islomning hech bir aloqasi yo‘q", - deya bayon qilgan boks bo‘yicha uch karra sobiq jahon chempioni.

Professional ringni tark etishi ortidan, 1984 yilda Muhammad Aliga Parkinson xastaligi tashxisi qo‘yilgan.

Asl ismi Kassius Kley bo‘lgan boks afsonasi 1964 yilda Islom dinini qabul qilib, o‘z ism-sharifini Muhammad Aliga o‘zgartirgan.

Donald Trampning o‘z saylovchilari qarshisidagi da‘vati esa, Amerikaning amaldagi prezidenti Barak Obamaning musulmonlar masalasida Oq Uyda qilgan chiqishidan kun o‘tib yangragandi.

Prezident Barak Obama, "musulmon fuqarolarini Amerika jamiyatining bir qismi, deb atagan va terrorizmni mavh etmoqchi bo‘lishsa, ularni eng kuchli ittifoqchilaridan biri sifatida ko‘rishlari shart"ligini aytgandi. Aks-holda, bu - "Islomiy Davlat"ga qo‘l kelishi bilan ogohlantirgandi.

AQSh prezidenti va prezidentlikka nomzodning chiqishlari o‘tgan chorshanba kuni San Bernardinoda sodir etilgan va o‘ndan ortiq kishining umriga zomin bo‘lgan otishma ortidan kuzatilgandi.

Mahalliy politsiya kuchlari esa, bu hujumda musulmon er-xotinni gumon etishmoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq