O‘zbekiston: IShID va qo‘rquv fazosi

Image copyright Reuters
Image caption Karimov IShID O‘zbekiston chegaralariga yaqinlashib kelayotganini aytgan

O‘zini "Islomiy davlat" deb atayotgan guruhga qarshi kurashda ko‘pchilik davlatlar yuz tutayotgan jiddiy, ammo uncha ko‘zga tashlanmaydigan bir tahdid mavjud.

Jangarilarning harakatlari g‘arb davlatlarining poytaxtlariga hujumlar, uchoqlarni bombalash yoki tinch fuqarolarni o‘ldirish bilan cheklanmagan.

Bu kabi radikal guruhlarga qarshi kurashayotganda hukumatlar, o‘zlari istab-istamagan holda yakkahokim tuzumlarni mustahkamlashlari yoki demokratik qadriyatlarga putur yetkazishlari mumkin.

Buning yaqqol misoli O‘zbekistondir.

Markaziy Osiyoning ushbu davlati dunyodagi eng repressiv davlatlardan biri sifatida ko‘riladi.

Siyosiy haq-huquqlar va fuqaro erkinliklari haqida so‘z borarkan, Freedom House singari nohukumat tashkilotlari O‘zbekistonni Shimoliy Koreya bilan bir qatorga qo‘yishadi.

Prezident Islom Karimov IShID O‘zbekiston chegaralariga yaqinlashib kelayotgani va mintaqada "jangovar ekstremizm hamda diniy radikalizm" tahdidi kuchayib borayotgani haqida bong urgan.

Xalqaro radikallashuv va siyosiy zo‘ravonliklarni o‘rganish markazining tadqiqotlariga ko‘ra, hozirda 500 nafarga yaqin O‘zbekiston fuqarolari Suriya va Iroqdagi jangarilarga qo‘shilishgan.

Ammo ayrim alohida hujumlarni hisobga olmaganda, O‘zbekistonga IShID va boshqa jihodiy guruhlarning tahdidi ancha cheklangan deb aytish mumkin.

Image caption 500 ga yaqin O‘zbekiston fuqarolari Suriya va Iroqdagi jangarilarga qo‘shilishgan

Islom anchayin dunyoviy ko‘rinishga ega bo‘lgan Markaziy Osiyoning deyarli barcha aholisiga IShID mafkurasi yot.

Mintaqada mazhabiy bo‘linishlar yo‘q va odamlar sunniy-shia mojarosi haqida deyarli hech narsa bilmaydilar.

Masjidlar sonining ko‘payishi va Islom aqidalariga rioya qilishning kuchayishi hukumatlar tomonidan ko‘pincha radikallashuv belgisi deb ko‘riladi.

IShIDga qarshi kampaniya

Britaniyadagi Ekseter va AQShdagi Pittsburg universiteti tadqiqotchilari Jon Xizershou va Devid Montgomeriga ko‘ra, islomiylashuv radikallashuvni anglatmaydi.

Londondagi "Chatem-xaus" qirollik tadqiqotlar markazi tomonidan e‘lon qilingan hisobotda mualliflar Markaziy Osiyoda "sezilarli islomiy ekstremizm va siyosiy zo‘ravonlik dalillari kam yoki umuman yo‘q" ekanini ta‘kidlashadi.

Ammo shunga qaramay, O‘zbekistonda IShIDga qarshi, tabiiyki, prezident ma‘muriyatining ruxsati yo-da to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatmasi bilan to‘laqonli kampaniya boshlab yuborilgan.

Din ulamolari va hukumat rasmiylari davlat televideniyesida terrorchilik va diniy ekstremizm tahdidini muhokama qiladilar.

Image copyright BBCUZBEK.COM
Image caption Mamlakatda ijtimoiy muammolar muhokama etilmaydi

Jihodchilikning yovuz qiyofasi film va teatr sahnalarida jonlantiriladi.

Jamoa yetakchilari va mahalla faollari yoshlarni IShIDga o‘xshash guruhlarga qo‘shilmaslik haqida ogohlantiradilar.

Bularning hammasi g‘alati, chunki O‘zbekiston hukumati biron-bir muammoga yuz tutayotganini tan olmaydi.

Uning asosiy shiori-"O‘zbekiston kelajagi buyuk davlat" degan shiordir.

Mamlakatda ijtimoiy muammolarni muhokama qilish man etilgan. Qo‘rquv muhiti

Xo‘sh, O‘zbekiston nega IShIDga qarshi yirik kampaniya boshladi?

Sababi oddiy-hukumat odamlar nazarida mavjud tuzumga yagona muqobil bu- IShID degan tasavvurni yaratmoqda.

IShID jangchilari haqidagi videoni tomosha qilgan o‘zbeklardan biri menga "agar prezident ketsa, O‘zbekistonda jazavaga tushgan islomchilar hokimiyatga keladi", deb aytdi.

Image caption Xavfsizlik choralarining kuchaytirilishi IShID tahdidi bilan tushuntiriladi

Xavfsizlik choralarining kuchaytirilishi xuddi shu IShID tahdidi bilan tushuntiriladi.

Bu choralar mamlakat fuqarolari ustidan josuslik qilish, noqonuniy hibsga olishlar va o‘zgacha fikrlovchilarga qarshi qiynoqlar qo‘llanishiga izn beradi.

Ular fuqarolarni hukumatning amallarini savol ostiga olishdan qaytaradi.

So‘nggi oylarda o‘zbek militsiyasi xonadonlarga reydlar uyushtirib, odamlarni so‘roq qilmoqda.

O‘tgan oy mahalliy huquq faollari IShIDga a‘zolikda gumon qilingan 200 dan ortiq kishining hibsga olingani haqida xabar tarqatganlar.

Hyuman Rayts Votchdan Stiv Sverdlouning aytishicha, bu hibsga olishlar yangilik emas.

"O‘zbekiston maxsus xizmatlarining asosan tinch, mustaqil dindorlarni hibsga olishi va hech qanday dalilsiz uzoq yillik qamoq jazolariga mahkum etishi yaxshi hujjatlashtirilgan tendentsiyadir", - deydi u.

Stiv Sverdlouga ko‘ra, bu yerdagi yangilik ular mansub deb ko‘rilayotgan guruhning nomi, ya‘ni IShID, xolos.

Eski dalillar

Amalda "islomiy ekstremizm" iborasini O‘zbekiston hukumati o‘tmishda o‘z targ‘ibotlarida keng ishlatgan.

Ammo hozirga qadar nomi tilga olingan guruhlarning birontasi IShID chalik vahshiy bo‘lmagan.

Odamlarning ko‘zida tahdid qanchalik katta bo‘lsa, ularni nazorat qilish ham shunchalik oson bo‘ladi.

Image caption O‘tgan oy 200 dan ortiq odamning hibsga olingani xabar qilingan

Radikal guruhlar tahdidi xayoliy emas va o‘tgan oy hibsga olinganlarning ba‘zilari haqiqatan ham IShID ga aloqador bo‘lishlari mumkin.

Biroq O‘zbekistondagi tuzum yopiq va bironta ham mustaqil matbuot yo-da inson huquqlari tashkilotlariga vaziyatni o‘rganishga ruxsat bermaydi.

Xo‘sh, nima uchun davlat shunchalik ko‘p odamni soxta ayblovlar bilan hibsga olmoqda?

Ularning hammasi ham hukumatga muxolif bo‘lishi ehtimoli kam, shuning uchun ham amaldagi tuzumga tahdid solishlari qiyin.

Gap shundaki, bu ommaviy hibsga olishlar qo‘rquv fazosini yaratishga yordam beradi.

Ya‘ni hukumat odamlarni jihodchilar tahdidi muqarrar, ular mamlakat chegaralariga yetib kelishgan va hatto jamiyatga sizganlar, deb ishontirishga urinmoqda.

Odamlar o‘zlarining qashshoq turmushlari va repressiv tartibdan mamnun bo‘lmasliklari mumkin, ammo ular yagona muqobil IShID deb ishonishadi va mavjud tartibni qabul qiladilar.

Natijada ular noqonuniy hibsga olishlar, qashshoqlik, gaz va elektr tanqisligi kabi kundalik muammolardan norozilik bildirishmaydi.

Ammo shuni ham ta‘kidlash joizki, qo‘rquv nafaqat yakkahokim tuzumlar, balki demokratik jamiyatlarni ham chirkinlashtirishi mumkin.

U milliy xavfsizlik evaziga demokratik tamoyillardan voz kechishni mantiqiy qilib ko‘rsatadi.

Lekin tarix shuni ko‘rsatmoqdaki, bunday usul yechimdan ko‘ra ko‘proq muammolarni paydo qiladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio