Tog‘li Badaxshonda yana zilzila ro‘y berdi

Image copyright Anora sarkorova BBC
Image caption Tog‘li Badaxshon

Tojikistonning Tog‘li Badaxshon muxtor viloyatida yana zilzila ro‘y bergan.

Bu gal yer qimirlash Rixter shkalasi bo‘yicha 4 ball bo‘lgani aytilmoqda.

7 dekabr kuni ro‘y bergan zilzila oqibatida mintaqada jiddiy vayronagarchiliklar ro‘y bergan va hamon qutqaruv amaliyotlari davom etmoqda.

Tojikistonlik qutqaruvchilar bu tog‘li mintaqada vayron bo‘lgan yo‘llarni tiklashga harakat qilishmoqda.

Tosh ko‘chishi tufayli mintaqa markazi Bartang vodiysidan uzilib qolgani xabar qilingan.

Zilziladan jabr ko‘rgan, yo‘llar vayron bo‘lgani uchun qamalda qolgan qishloqlarga vertolyotlarda oziq-ovqat yordamini yetkazish amallari ham to‘xtatilgan.

Bunga ob-havoning yomon kelishi sabab bo‘lgani aytilmoqda.

Hozirda tog‘li qishloqlarga oziq-ovqat eshaklarda yetkazilmoqda.

Bartang vodiysida boshpanasiz qolgan minglab tog‘liklar maktablar, palatkalar va tibbiy markazlarga joylashtirilgan.

Nisur qishlog‘idan 60 ortiq oila qo‘shni mintaqalarga ko‘chirilgan.

Ob-havo tug‘dirayotgan noqulayliklar va yer silkinishlari tez-tez ro‘y berib turgani vayronagarchiliklar ko‘lamini kengaytirmoqda.

Bartang vodiysida hozirgi kunlar havo harorati minus 15-18 darajaga qadar sovub ketadi va bu boshpanasiz qolganlar taqdiridan xavotirlar uyg‘otmoqda.

Mobil aloqa hali tiklanmagan va elektr energiyasiga cheklovlar saqlanib qolgan.

"Uchoq va vertolyotlarda yordam berishga tayyormiz, ammo qalin bulutlar parvozlarga to‘sqinlik qilmoqda. Mintaqada hukumatning bir necha ishchi guruhlari faoliyat olib bormoqda. Hozir yo‘llarni toshlardan tozalashmoqda. Yordam esa faqat hayvonlar yordamida tashilmoqda”, deb aytgan BBC bilan suhbatda Tog‘li Badaxshon muxtor viloyati mulozimi Nilufar Aslamshoyeva.

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, 7 dekabrda ro‘y bergan kuchli zilzilada kamida ikki kishi qurbon bo‘lgan, o‘ndan ortiq inson yaralangan.

Gudar, Nisor, Barjid, Basi dva Ruxchi qishloqlarida yuzlab turar joylar vayron bo‘lgan.

Sarez ko‘lidan xavotirlar

Image caption "Uyqudagi ajdarho"

Tog‘li Badaxshonda ketma-ket yer silkinishlari ro‘y berayotgani Sarez ko‘li borasida xavotirlarning yana jonlanishiga sabab bo‘lgan.

Ayrim mutaxassislarga ko‘ra, aynan kuchli zilzilalar sabab, Sarez ko‘li o‘z o‘zanidan chiqib ketishi va Amu Daryo havzasida joylashgan Tojikiston, Afg‘oniston, O‘zbekiston hamda Turkmanistonda besh milliondan ortiq odamning hayotini xavf ostiga qo‘yishi mumkin.

Sarez ko‘li 1911 yilda ro‘y bergan zilzila oqibati paydo bo‘lgan.

Hozirda Sarez ko‘liga so‘nggi yer silkinishlarining ta‘sirini o‘rganish uchun hukumat maxsus guruh tuzgan.

Olimlar Sarez ko‘lini uyqudagi ajdarhoga tenglashtiradilar.

Sarezga qadar avtomobil yo‘li yo‘q, u yerda borish uchun 18 chaqirim piyoda yurish kerak bo‘ladi.

Sarez atrofida o‘nlab qishloqlar joylashgan.

Ayrim olimlarga ko‘ra, so‘nggi yuz yil ichida bu mintaqada bir necha yirik yer silkinishlari ro‘y bergan,ammo Sarez ko‘lining o‘zanlarida jiddiy o‘zgarishlar bo‘lmagan.

Ammo ba‘zi mutaxassislar Sarezdagi haqiqiy ahvol oxirgi yillarda tubdan o‘rganilmagani, bunga xalqaro miqyosda yondashuv kerakligini aytishadi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq