Pasport mashmashasi: Ayb kimda?

Image caption O‘zbekistonda biometrik pasport olish jarayoni ko‘pchilik uchun yugur-yugur, pora tutqazish, tanish-bilishchilik va tekshir-tekshirga aylangan

O‘zbekistonda eski pasportlarni biometriklariga almashtirish muhlati tugab borayotganidan qanchalik xavotirdasiz, degan savolga ko‘pchilik o‘z boshidan o‘tgan misollar bilan javob bergan.

Ko‘rinishicha, har kimning qayerda yashashiga qarab, tajribasi ham har xil.

Hasan Abdurazzoqov, masalan, pasport olishga puli yo‘qligini yozadi.

"Pasport almashtirish uchun pul yetmayapti. Bola-chaqa, ro‘zg‘ordan ortmayapti" - deydi bu o‘quvchi.

Ayb odamlardami?

"Odamlarga hayronman, eski pasportlar 2015 yil oxirigacha amal qilishini bila turib, shuncha vaqt ichidayam biometrik pasport almashtirish harakatini qilmaganlar" - birinchilardan bo‘lib fikr qoldiradi Dilya Matyakubova.

"2011 yil yanvaridan kiritila boshlandi biometrlik pasportlar. Hademay besh yil bo‘ladi. Loqaydlik qilib, endi aybni boshqalardan qidirishning keragi yo‘q".

Uning yozishicha, o‘zini ortiqcha urintirishga erinib, aybni hukumatga to‘nkaydilar bor va shu jamiyatda yashagandan keyin o‘rnatilgan tartib-qoidaga rioya qilish shart.

Zuhra Qosimova ham uning gaplariga qo‘shiladi va bir yarim yil oldin o‘zi ham, eri ham bir haftaga yetmasdan pasport almashtira olishganini aytadi.

Biroq Gul Bashibuyuk ayni fikrlarga e‘tiroz bildirgan.

"Men 2014 yil may oyida navbat oldin va 20 kun o‘tib rasmga tushdim. Keyin roppa-rosa 40 kunda pasportimni oldim" - deydi Gul Bashibuyuk.

"Viza uchun berdim va vizam 25 kunda chiqdi. Yozda chet elga chiqib, dam olish uchun boshlagan ishim yoz oxirida, ta‘til tugaganida bitdi".

"Bir haftada pasport oldim, degan hikoyalarga ishonmayman" - xulosa qiladi bu o‘quvchimiz.

Ayb hukumatdami?

Tohir Bilolov esa ayni o‘rinda xalqni ayblamasdan, balki hukumat chiqargan qarorni savol ostiga oladi.

"Bu qonun aholi soni, o‘sish sur‘ati va biometrik pasportlarni bosib chiqarish uchun mavjud logistika hisobga olinmasdan chiqarilgan" - yozadi Tohir Bilolov.

"O‘zbekiston hukumatining rasmiy muassasa emas, balki masxarabozlar to‘plangan bir karvonsaroy ekanligini ko‘rsatib qo‘ymaydimi?"

Ayni fikrni Malik Amanov ham qo‘llab-quvvatlaydi.

"Davlat pasportga kerakli qog‘ozlarni sarhisob qilmagani uchun xalq aybdor emas" - deydi Malik Amanov - "Biz 3 oy pasport kutdik. Pasport kelmadi".

Abdurashid Yunusov ismli tinglovchi esa mamlakat poytaxti misolida aholi soniga qarab hisob-kitob qilishga intiladi.

"Toshkentdagi tumanlarda 4 yil ichida har kuni 250tadan odamni qabul qilishsa, ulgurish mumkin" - deydi Abdurashid Yunusov - "2016 yil oxirigachayam ulgurishmaydi".

Pasport va fuqarolik

Nasrullo Sayid ismli o‘quvchi esa siyosiy ayblovlar bilan qamalish tahdidi ostida 10 yil oldin O‘zbekistonni tark etib, Kanadaga ketganini, ammo endi har safar pasportini almashtirish uchun O‘zbekiston vakolatxonsiga murojaat qilsa, unga yangidan-yangi jinoiy ishlar ochilganini aytadi.

"Agar biometrik pasportga o‘tish muddati tugasa, biz nima qilamiz? Fuqaroligimiz nima bo‘ladi? Fuqaroliksiz qoldirish xalqaro qonunlarga mos keladimi?" - bir nechta savol qo‘yadi Nasrullo Sayid.

"Bu inson huquqlari xalqaro pakti normalariga ham axir zid-ku? Menga o‘xshab Vatandagi siyosiy ta‘qiblardan qochib, hanuzgacha o‘z yurtiga borolmayotgan fuqarolar juda ko‘p".

"Mustaqil bo‘lganimizga 25 yil bo‘lyapti" - fikrini davom ettiradi Nasrullo Sayid - "Karimov o‘zi va‘da qilgan demokratik islohotlarni qachon boshlaydi?"

"O‘zgacha fikrlagani uchun o‘z fuqarolarini ta‘qib qilishga chek qo‘yish vaqti yetib kelmadimikin?"

Pasport muammosi bormi yo yo‘qmi?

Dilmurod Xodjabayev ismli tinglovchimizga ko‘ra, kim biometrik pasport olaman, deb harakat qilsa, bu muammo emas.

"Ikki-uch oy muammo emasmi?" - unga e‘tiroz bildiradi Kurban Nazarov.

"Eski pasport muhlati tugaganida yangi pasportni olinganida edi, pasport stolida aholi bunchalik tiqilinchda, 2-3 oylik navbatlarda qolib ketmasdi" - fikr tashlaydi Kavkaz Asirasi laqabli o‘quvchimiz.

"Shu yil mart oyida pasport uchun hujjat topshirgan onam avgustda yangi pasport olishga muvaffaq bo‘ldi va shunda ham tanish-bilish degandek, odamlar aralashdi".

Strelets laqabi ostida fikr qoldirgan o‘quvchimiz esa yangi yilgacha qolgan bir necha hafta ichida O‘zbekistonda barchaning pasport olib ulgurishiga ishonmaydi.

"Menimcha, yana bir yilga uzaytirilsa kerak, chunki bir oy ichida qolgan aholini yangi pasportga o‘tkazishning texnik jihatdan imkoni yo‘q" - deydi Strelets.

"Oxirgi ma‘lumotlarga qaraganda, prezidentga shu haqida hisobot kiritishga tayyorgarlik ko‘rilyapti".

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq