Tojikistonlik ona: "O‘g‘lim Suriyaga qanday borganini bilmayman"

Image caption Baxtiyorning Suriyaga qanday borib qolgani hamon noaniq

Tojikiston fuqarosi 27 yoshli Baxtiyor Sherov Suriyada Ahmad Tojiki nomi bilan ma‘lum bo‘lgan.

U 2014 yilning martida Halab yaqinida halok bo‘lganiga ishoniladi.

Arab, ingliz va rus tillarini yaxshi bilgan Baxtiyorni yaqinlari quvnoq, mehribon, uyatchan, kamtar inson sifatida eslaydilar.

Tojikiston rasmiylariga ko‘ra, "Islomiy Davlat" atalmish jangari guruh saflarida 700ga yaqin tojikistonlik jang qilmoqda.

Baxtiyorning onasi, 49 yoshli Hosiyat Saburova Xatlon viloyatining Ko‘lob shahrida yashaydi.

BBC bilan suhbatda u o‘z taqdiri, Suriyaga ketganlar haqida shakllangan qarashlar haqiqiy voqelikka to‘g‘ri kelmasligini aytgan.

Hosiyat Saburova: Ko‘plar uchun men jihodchining onasiman. Yaqinlari Suriya urushiga ketganlar o‘zlarini qanday his qilishlarini avval tasavvur ham qilmagandim. Yer yuzidagi millionlab odamlar kabi men ham Suriyadagi hodisalar, IShID haqida, ularning safiga qo‘shilayotgan yoshlar borasida matbuotdan ko‘rib, eshitib yurardim. Lekin, bir kun kelib, o‘zimning bunga aloqam bo‘lishi mumkinligi xayolimga ham keltira olmasdim.

Bizni gunohkor qilishmasin, bu eng oson ish. Men faqat yoshlar nima uchun urushga ketayotganlari sabablarini topishga undayman. Nima uchun, ular begona urushdagi o‘lim va uydagi hayotdan birini tanlashga kelganda, birinchi yo‘lni afzal ko‘rishmoqda.

Men o‘z hayotim, oilam, o‘g‘lim hikoyasini so‘zlab berishni istayman, toki siz bunday hol har kimning boshiga tushishi mumkinligini tushunib yeting. Hech kimning xatodan, pastkash odamlar, yollovchilardan himoyasi kafolatlanmagan. Mening og‘rig‘im va fojeamni anglashlari uchun odamlar o‘z dinlari, etnik va milliy o‘zliklaridan yuqori turishlari kerak. Men sizga o‘g‘lini yo‘qotgan ona hikoyasini so‘zlayman.

Image caption Hosiyat Saburova o‘g‘li qanday qilib jihodchilar safiga borib qolganiga tushunmaydi

O‘g‘lim Baxtiyor1987 yili tug‘ilgan. U uzoq kutilgan farzand edi. Baxtiyorgacha ikki qiz ko‘rganman va ikkovidan ham ayrilganman. U mening to‘ng‘ichim va yakkayu yagona o‘g‘lim edi. Baxtiyorning dunyoga kelishi bizga juda katta quvonch bergandi. U juda ko‘rkam, sochlari uzun-uzun bola edi. Hamma meni qutlagandi o‘shanda. Farzandim shunchalar chiroyli tug‘ildi, demak, uning hayoti ham go‘zal bo‘ladi, deb o‘ylagandim. U juda bosiq, aqlli bola edi. Keyin yana ikki qiz ko‘rdim. U singillariga qarashga yordam bergandi. Maktabda ham yaxshi o‘qirdi. O‘qituvchilar doim o‘g‘limning tarbiyasi, o‘zlashtirishi, og‘ir-bosiqligi, yumshoqligi va haqgo‘yligi uchun maqtashardi. Uni boshqalarga o‘rnak qilib ko‘rsatishar edi.

Sakkizinchi sinfni bitirganidan keyin mening qistovim bilan harbiy litseyga kirdi. Men hamisha o‘g‘limning kuch tizimlarida xizmat qilishini istagandim. Ammo, pulimiz yo‘qligi uchun harbiy ta‘limini davom ettira olmadi.

Mamlakatda siyosiy vaziyat notinch edi, ichki urush endigina nihoya topgandi, mening topganim kun o‘tkazishimizga zo‘rg‘a yetardi. O‘g‘lim Ko‘lobga qaytib keldi va mening qistovim bilan Islomni o‘rgana boshladi. Mustaqil ravishda arab tilini o‘rgandi. Baxtiyorning chiroyli ovozi bor edi. Keyin u muazzin bo‘ldi.

Esimda, Baxtiyorning o‘zi harbiy ta‘lim uchun pulimiz bo‘lmaganidan xursand ham bo‘lgandi. U menga tez-tez kuch tizimlarida ishlash uchun qattiqqo‘l va shafqatsiz bo‘lish kerakligi, u esa, odamlarga ozor yetkaza olmasligi haqida gapirardi. Bolam juda taqvodor inson edi.

BBC: Keyin u nimalar bilan shug‘ullandi?

Hosiyat Saburova: Boshqalar kabi Rossiyaga ishlagani borib turdi. Bir necha marta Moskvada bo‘ldi. Vatanda ishga joylashish qiyin edi. Ilk yillar men ham o‘g‘limning oldiga borib turdim, u bilan ayriliqni ko‘tara olmadim. Unutilmas paytlar. Men enagalik qilardim, u esa, turli ishlarni bajarardi. Ko‘pda biz birga tushlik qilardik, Mir shohko‘chasidagi masjidga borardik.

O‘g‘limda radikallashuv, tajovuzkorlik umuman yo‘q edi. Ba‘zan yeyishga puli bo‘lmasa-da, tilanchilarga ehson berib yurardi. Ko‘p o‘qirdi. Islom asosida yashashga urinardi. Uning uchun yaxshilik, kattalarga hurmat kabi qadriyatlar muhim edi. Men bu qadar ko‘ngilchan va vijdonli insonni tarbiya qila olganimdan xursand bo‘lardim.

BBC: Suriyaga u qanday qanday borib qoldi?

Image caption Baxtiyorning hayotidan suratlar

Hosiyat Saburova: Men o‘g‘limdan oldin Rossiyadan qaytdim. Ota-onam vafot etishgandi. U Rossiyadan turib menga dalda bo‘lishga harakat qilgandi. Og‘a-inim bo‘lmagani uchun o‘g‘lim hammaning o‘rnini bosardi. Doim qo‘ng‘iroq qilar, yupatar, ko‘nglimni ko‘tarardi. So‘nggi bor kelganidan majburlab uylantirdim. O‘zim unga qalliq topgandim. Keyin yana Rossiyaga ketishiga to‘g‘ri keldi. Hozirgacha o‘zimni kechira olmayman. Rossiyaga chipta olish uchun ham pulimiz yo‘q edi. Men 400 dollar qarz oldim. O‘g‘lim ishlab pulni qaytarishini aytdi. Shaxsan o‘zim unga chipta olib berdim. Bir necha oy ishlab pul topa olmadi. Ish beruvchilar uni aldaganlarini aytdi.

Bir kuni qo‘ng‘iroq qilib, Olmoniyaga ketayotgani, oq yo‘l tilashimni so‘radi. Men yig‘ladim, bunaqa rejadan voz kechishini, uning bu qadar uzoqda bo‘lishini tasavvur qila olmasligimni aytdim. Baxtiyor ko‘pga ketmayotgani, yana ikki yurtdoshi o‘zi bilan birga ekanini gapirdi. Yalinaverganimdan keyin, u o‘ylab ko‘rishga va‘da berdi. O‘g‘lim shu bilan besh oy telefon qilmadi. Unga nima bo‘lgani, kim bilan qayerga ketgani haqida aytish juda qiyin. Men o‘g‘limning Suriyaga ketishi mumkinligini xayolimga keltirmagandim. Bunday ehtimolni tasavvur ham qilmaganman.

BBC: Keyinchalik bog‘landimi, siz bilan?

Hosiyat Saburova: Besh oy o‘tib qo‘ng‘iroq qildi. Nomer ko‘rinmadi. Men faqat yig‘ladim. U meni yupatdi. Men uning qayerda ekan, nima ish qilayotgani bilan qiziqa boshladim. Ammo, bu savollarga javob bermadi. Yana bir necha bor telefon qildi. Lekin, uzoq gaplashmasdik, umumiy gaplar, juda kamgap edi. Oxirgi marotaba gaplashganimizda ovozi siniq, horg‘in va bo‘g‘iq edi. "Nima bo‘ldi" desam, javob bermadi. Men yig‘ladim, qaytgin deb iltijo qildim, u sukut saqladi. So‘nggi marta telefon qilganida nomeri ko‘rindi. Qayta qo‘ng‘iroq qilsam, arab tilida avtomat javob keldi. Olmoniyada bo‘lsa, nega arabcha ovoz kelayotgani meni hayron qoldirdi. Xatolik bo‘lgandir, deb o‘zimni tinchlantirdim.

BBC: O‘limi haqida qanday xabar topdingiz?

Hosiyat Saburova: Bir kun oldin tobim qochdi. Etim uyushib, boshim og‘rirdi. O‘zimga nima bo‘layotganini tushuna olmadim. Xuddi tomog‘imdan birov bug‘ayotgandek bo‘ldi, nafas ololmadim. keyin birdan qo‘yib yubordi. Ko‘nglim nimadir sezdi, o‘g‘lim ortiq hayot emasligini darrov angladim.

Buni tushuntirish qiyin, ammo meni onalar tushunishadi, ayniqsa, farzandini yo‘qotganlar. Ona o‘z bolasining o‘limini sezadi.

Keyin bildim, mening betobligim o‘g‘lim hayotining so‘nggi daqiqalariga to‘g‘ri kelgan ekan.

Mart oyi oxirida menga telefon qilishdi, tojik tilida: "Abu Ahmadning onasimisiz", deb so‘rashdi. Men hech qanday Abu Ahmad tanimasligimni Baxtiyorning onasi ekanimni aytdim.

Lekin, u: "Bardam bo‘ling. O‘g‘lingiz halok bo‘ldi, bugun dafn qildik. Sabr bersin sizga", dedi.

Hushimni yo‘qotdim, qancha yotganimni bilmayman. Qarasam, telefon hali ham o‘chmagan, qo‘ng‘iroq qilgan odam mening dod-faryodimni eshitib turgan ekan. Men undan isbot talab qila boshladim. O‘g‘limning surati, u haqdagi ma‘lumotni ko‘rishim mumkin bo‘lgan websahifa manzilini berishdi.

Jasadini yuborishlarini so‘radim. U buning iloji yo‘qligi, u tuproqqa topshirilganini aytdi. Men hanuz nima uchun o‘g‘limning jasadini Olmoniyadan yuborish imkonsizligiga tushuna olmasdim.

Ma‘rakalarni qanday o‘tkazganimiz esimda yo‘q. Qarindoshlarim o‘g‘limning harbiy kiyim-boshdagi va o‘lik holatdagi suratlarini olib kelishdi.

Avval, fotomontaj qilishgan deb o‘yladim, lekin o‘g‘limni tanidim. Meni aldashmoqchi, mazax qilmoqchi bo‘lishsa kerak, deb o‘yladim. Ammo qizim akasi o‘ldirilgani, hammasi rostligini va o‘g‘lim endi yo‘qlini aytdi.

BBC: O‘g‘lingiz Suriyada bo‘lishi mumkinligini sezganmidingiz?

Hosiyat Saburova: Yo‘q. Suriya haqida xabarlarni ko‘rardim, lekin mening o‘g‘lim u yerdagi urushda ishtirok etishi mumkinligi hech ham xayolimga kelmagan. Suriya va mening o‘g‘lim. Axir ular bir-biridan yiroq, bir-biriga to‘g‘ri kelmaydigan tushuncha. Axir mening o‘g‘lim bosiq, hayotni sevuvchi, yumshoq va ko‘ngilchan inson edi. U qanday qilib urushga borib qolsin? Suriyadagi suratlarida u ulg‘aygan ko‘rinadi. U boshqacha, katta yoshli odamga aylangandi.

Uning Suriyada ekanligini ham matbuotdan bildim. Bir necha oy karaxt bo‘lib yurdim. Hech nimani tushunmasdim. Odamlar o‘g‘lim Suriyadagi urushda ishtirok etayotgani haqida gapirishardi, men ahamiyat bermaslikka harakat qilardim. Reallik men uchun g‘oyib bo‘lgandi. Shokka tushganimni keyin tushunib yetdim. Biroz o‘zimga kelgach, internetni titkilab, birdaniga o‘g‘lim qayerda bo‘lganini anglab yetdim.

BBC: O‘g‘lingizning o‘limi haiqdagi xabardan so‘ng hayotingiz qanday o‘zgardi?

Image caption Suriyada olingani da‘vo qilingan surat

Hosiyat Saburova: Men bilan maxsus xizmatlar shug‘ullana boshlashdi. Bilaman, bu - ularning ishlari. Lekin, bu azob edi. Xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligidan to‘xtovsiz kelishardi. O‘g‘limning Suriyada ekanligi, rejalaridan xabarim bo‘lgan-bo‘lmagani, qancha pul olgani, menga qancha yuborgani bilan qiziqishdi. Bu juda og‘ir paytlar bo‘lgandi.

Baxtiyorni yaxshi bilganlarning menga munosabati o‘zgarmadi. Hamdard bo‘lishdi, yordam berishga harakat qilishdi. O‘g‘limning hikoyasi ular uchun ham dahshatli edi.

Ba‘zilar meni nazoratga olishgani, xonadonimda kamera o‘rnatilgan bo‘lishi mumkinligi haqida gapira boshlashdi. Shu bois, qarindoshlar ishlarini yo‘qotishdan qo‘rqib, meni ko‘rgani kelishmasdi.

Ayrimlar telefon raqamlarini o‘zgartirishdi. Boshqalar telefon qilsam, go‘shakni qo‘yib qo‘yishardi. Ko‘chada ko‘rsalar, ko‘rmaganga olishardi. Men uchun bu juda og‘riqli edi, ammo men ularni tushunardim.

Ko‘plar bilan aloqam uzildi. Hatto, ishdan haydashga harakat qilishdi, ketish haqida ariza yozishga majbur qildilar. Men rozi bo‘lmadim, aybim nima ekanini isbotlashlarini talab qildim.

Yaqinlarim bilan bordi-keldi qilmayapman. Chunki, ular og‘ir kunlarimda mendan yuz o‘girishdi. Ular uchun men o‘lganman, men uchun ular...

Hayotimning ma‘nosi yo‘qoldi. Yaxshi so‘zga, dastakka muxtoj edim. Ular esa, o‘z ishlari, kareralaridan qo‘rqdilar. Men ularni tushunaman, lekin endi ular menga kerak emas.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq