"Ayol semirsa, umri qisqaradi"

Image copyright PA
Image caption Semizlik ham boy, ham kambag‘al davlatlarda muammoga aylanmoqda

"Semizlik ayollarning eng asosiy qotili va unga qarshi kurashga davlat miqyosida e‘tibor qaratish zarur".

Britaniyaning eng yetakchi shifokori Selli Devis maxsus tadqiqot natijasida chiqarilgan hisobotda ana shunday, deb ogohlantirgan.

Hisobotga ko‘ra, oziq-ovqat sanoati ustidan nazoratni kuchaytirish hamda odamlar o‘zlari yeydigan taom tarkibini bilishlari shart.

Shakarning ozi yaxshi

Tayyor va yarim tayyor mahsulotlar tarkibida nafaqat yog‘lar, balki ularni uzoq saqlovchi turli kimyoviy moddalar hamda shakar miqdori ham katta.

Haddan tashqari ko‘p shakar iste‘mol qilish esa har-xil kasalliklarga yetaklaydi.

Odamlar do‘konlardagi quruq yo tayyor taomlar ichida qancha shakar yo qanday kimyoviy moddalar borligini tuzuk bilishmaydi.

Chunki G‘arbdagi mahsulotlar ustiga yozilgan ba‘zi nomlar ostida qo‘shimcha shakar yo kimyoviy moddalar yashirin bo‘lishi mumkin.

Rivojlanayotgan davlatlarda esa bunga har doim ham e‘tibor beraverishmaydi.

Xonim Devisning aytishicha, semizlik hozir ayollar umrini qisqartira boshlagan.

Image caption O‘zbek taomlarida shakar kam, ammo yog‘ ko‘p

"Semizlik tufayli ko‘krak, tuxumdon va bachadon bo‘yni saratoni, qand va yurak-qon tomir kasalliklari ko‘paymoqda".

Bachadon yo tuxumdon saratoniga chalingan xotin-qizlarni hatto Britaniyada ham to‘liq davolay olishmaydi.

Shu bois hisbotga ko‘ra, agar oziq-ovqat sanoati yetarlicha chora ko‘rmasa, ularga "shakar solig‘i" solish kerak.

Semiz ona - kasal bola

Ayol homilador bo‘lganida, uning semizligi bolasiga ham salbiy ta‘sir etadi.

Xususan, chaqaloq ham qand kasalligi bilan yo ortiqcha vazn bilan tug‘ilishi mumkin.

Semiz ona bachadonida o‘sgan bola hatto bir necha yillar o‘tib, ulg‘ayganidan keyin ham qator kasalliklarga chalinishi ehtimoli katta bo‘ladi.

"Homilador ayol ikki kishining ovqatini yeyishi kerak kabi gaplar asossiz" - deydi Selli Devis.

"Shuningdek, og‘iroyoq ayollar ko‘proq meva-sabzavot yeyishi va umuman chekmasligi hamda spirtli ichimlik ismasligi kerak".

"Agar semizlikka qarshi samarali chora ko‘rilmasa, mamlakat sog‘liqni saqlash tizimi bankort bo‘ladi" - ogohlantiradi britaniyalik kardiolog professor Nik Fayner.

"Ko‘p ham, kam ham yemang"

Britaniya olimlariga ko‘ra, bolalarning kam ovqat yeyishini ham, ko‘p ovqatlanishini ham ota-onalar va shifokorlar kuzatib borishlari kerak.

Image copyright THINKSTOCK
Image caption Amerikani semirtirgan burgerlar endi butun dunyoga tarqalmoqda...

Chunki nafaqat ko‘p ovqat yeydigan yoshlar, balki semirmaslik niyatida o‘ta keskin va noto‘g‘ri parhez qiladigan qizlar ham turli kasalliklarga yo‘liqishadi.

Shu bois hozir shifokorlar har ikkala holatda ham ortiqcha yo kam vaznni o‘lchab, kerakli choralarni ko‘rishlari zarurligi aytilmoqda.

Eng qizig‘i, shu paytgacha saraton kasalligi boy davlatlar kasalligi sanalgan bo‘lsa, hozir kambag‘al va rivojlanayotgan mamlakatlarda ham ko‘p uchramoqda.

Bu o‘rinda, oziq-ovqat sifati ham muhim omil sanaladi.

Chunki kambag‘al davlatlarda ham tayyor va yarim tayyor oziq-ovqatlar iste‘moli oshgan. Ularning tarkibida shakar, arzon yog‘ va kimyoviy moddalar ko‘p.

Ular odamlarni semirtirishi yo turli kasalliklarga ro‘baru qilishi mumkin.

Beldan pastimiz - tabu emas

Xotin-qizlar muayyan tana uzvlaridagi kasalliklar va muammolari haqida ochiq gapiraverishmaydi.

Image caption Markaziy Osiyoda kelinlar kasal bo‘lsa ham, shikoyat qilmay, ish qilishi kerak

Xususan, belimizdan pastdagi tana a‘zolarimiz haqida iloji boricha gapirmaymiz.

Ma‘lum bo‘lishicha, bu nafaqat an‘anaviy jamiyatlarda, balki Britaniya kabi G‘arb davlatlarida ham keng tarqalgan odatdir.

Ayniqsa, qizlar va yosh ayollar siydik yo‘llari va hojat chiqarish paytidagi qiyinchiliklar yo kasalliklarni ilk pallalarida na oila a‘zolari, na shifokorlarga aytishadi.

Shuningdek, siydik yo najosatni tutolmaslik hamda hayz ko‘rishga oid muammolarni ham uyalib, yashiradilar.

Ba‘zida esa bu kasalliklar haqida o‘z boshliqlariga ayta olmasdan, qiynalib bo‘lsa ham ishga chiqadilar.

Markaziy Osiyo mamlakatlarida esa qizlar va yosh kelinlar sog‘lig‘i qanday bo‘lmasin, yelib-yugurib, issiq-sovuq demay xizmat qilishlari kerak.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq