"Meni qiynoqqa solishganini britaniyalik josus ko‘rgan"

Image caption "Meni qiynashganini britaniyalik josus kuzatib o‘tirgan..."

Dunyodagi eng mashhur qamoqxona Guantanamodan chiqqan so‘nggi britaniyalik mahbus Shaker Amerga ko‘ra, u hukumatni mahkamaga berish niyatida emas.

Shaker Amer Afg‘onistonda qo‘lga olinar ekan, AQShning bu mamlakatdagi hisbxonasida qiynoqqa solinganini aytgan.

U o‘zining kaltaklanishini Britaniya mulozimi kuzatib turganini da‘vo qilgan.

Shunga qaramay, Amer hech kimni o‘z ishi bo‘yicha mahkamaga tortish niyatida emasligini aytgan.

Shaker Amer 48 yoshda va u 14 yillik ayriliqdan keyin o‘z oilasi bilan ko‘rishganidan qanchalar mamnun ekani haqida gapirgan.

U o‘zining Buyuk Britaniyaga xatar ekanini rad etgan.

U Britaniya hukumatini mahkamaga tortish niyatida emasligini urg‘ular ekan, "Men o‘tmishdagi voqealar bo‘yicha mahkama odil hukm chiqarishiga ishonmayman", deb aytgan.

"Men hech kimni mahkamaga tortmoqchi emasman. O‘tmishda kim qanday mavqeida bo‘lganini surishtirmoq niyatim yo‘q, faqat odamlar rost so‘zlashini istayman".

U tovon puli haqida ham gapirishdan bosh tortgan.

Shaker Amerning nazarida "islomiy ektremizmning urchishiga sabab adolatsizlikdir".

Ayni shu adolatsizliklar uning fikricha "g‘azab va nafrat" tuyg‘ulariga "ozuqa" bo‘lmoqda.

Avvalroq u Britaniya gazetalaridan biri bilan suhbatda britaniyalik askar Li Rigbining London ko‘chasida o‘ldirib ketilganini qoralagandi.

"Bunaqa odamlar Britaniyadan yo‘qolsin", degan edi u bu suhbatida.

"Mutlaqo noinsoniy munosabat"

Image copyright PA
Image caption Guantanamodan avval

Shaker Amer 2001 yilda Afg‘onistonni amerikaliklar istilo qilishgan davrda qo‘lga olingandi.

Amerikaliklar va‘da qilgan kattagina mablag‘ ilinjida bo‘lgan mahalliy guruhlar uni sotib yuborishadi.

Avvaliga Afg‘onistondagi Amerika hibsxonasida saqlangan Amerni, 2002 yilda Guantanamoga jo‘natishadi.

AQSh josuslik xizmatlariga ko‘ra, Shaker Amer Usama bin Loden bilan birga ishlagan.

Ammo Amer Afg‘onistonga xayriya uchun borganini aytadi.

Shaker Amerga mahkamaga tortilmagan, 2007 yilda unga qo‘yilgan ayblar olib tashlangan.

Asli saudiyalik Shaker Amer ikki oy avval Britaniyaga qaytgandi.

U ozod etilar ekan, oilasi bag‘riga qaytishini o‘ylab qattiq hayojonlanganini aytadi.

O‘z bolalarimga begona bo‘lib qoldimmikan deya qo‘rqqanini yashirmaydi.

Uning farzandlaridan biri Guantanamoga kelgan yili tavallud topgandi.

"Ular menga qarashib, ko‘zlariga ishonishmas edi...Kim bu odam deb o‘ylashgan bo‘lishsa kerak. Ularning ko‘zlaridagi ifodada men o‘zimni begona his qilardim", deydi Amer.

U Afg‘onistonda tergov qilinar ekan, tergovchilardan biri qizingni zo‘rlayman deb qo‘rqitganini eslaydi. Amerning qizalog‘i o‘sha payt besh yoshda edi.

"U menga xotining va qizing biz bilan, agar gapirmasang, men qizingni zo‘rlayman, qizingni "dada, dadajon" deb yig‘laganini eshitasan degan edi".

"Bu mutlaqo noinsoniy munosabat edi. Kaltaklashdan ham battar edi bu...men o‘sha yerda faqat qilt etmay o‘tirdim..."

BBC bilan suhbatda Shaker Amerdan uning Al-Qoida bilan aloqasi haqida so‘ralgan.

U bu guruh bilan mutlaqo aloqasi yo‘qligini urg‘ulagan.

Amer o‘zining Usama bin Ladenga aloqasi haqidagi da‘volarni ham keskin rad qilgan.

"Qani? Qayerda? Qachon? Ko‘rsating isbotlaringizni", deb aytgan Amer.

Afg‘onistonda ekan, Amer quduqlar qazish, maktablar ochish kabi xayriya amallarida qatnashganini aytadi.

Afg‘onistonda Shimoliy Ittifoq muxolif kuchlari tomonidan hibsga olingan Amer, o‘zining kaltaklanishi va tergov qilinishini Britaniya josuslik xizmati xodimi kuzatib turganini aytadi.

"Boshimni devorga urishardi, ayovsiz urishardi", deb xotirlaydi Amer.

Uning aytishicha, bu qiynoqlarni britaniyalik josus kuzatib turgan.

"Men bunga 90 foiz ishonaman, u ingliz edi, o‘zining tutishi va gapirishi ingliz edi...Mendan uzoqda o‘tirdi, ehtiyotkor edi", deb xotirlaydi Shaker Amer.

Britaniya parlamentining konservatorlar partiyasidan a‘zosi Dominik Griiv Josuslik va Xavfsizlik qo‘mitasining raisidir.

U Shaker Amer o‘z qo‘mitasiga guvohlik berishiga umid qilishini aytadi.

Bu jarayonga sobiq Bosh vazir Toni Bleyr va o‘sha payt Ichki ishlar vaziri Jek Strouni ham taklif qilishi ehtimolini rad etmaydi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio