Obidxon qori joniga qasd qilgan Yuriy Jukovskiy 18 yilga qamaldi

Image copyright none
Image caption Obidxon qori hamon tibbiy muolaja oladi

Shvetsiyaning Ostershund shahrida taniqli imom Obidxon qori Nazarov hayotiga suiqasd qilishga urinish yuzasidan mahkama Yuriy Jukovskiyni 18 yillik qamoq jazosiga hukm qildi.

Obidxon qori Nazarov 2012 yili 22 fevral kuni Shvetsiyada otib ketilgan edi.

Ayni voqea Shvetsiya jamoatchiligini larzaga solgan va ayrim jurnalistlar, jamoat arboblari Obidxon qori Nazarovni o‘ldirish buyrug‘i O‘zbekistondan kelgani haqida taxminlarni o‘rtaga tashlashgan edi.

Jukovskiy Rossiya tomonidan Shvetsiyaga ekstraditsiya qilinar va mahkama ishi boshlanar ekan, qoralov tomoni unga umrbod qamoq jazosi tayinlanishini so‘ragan edi.

BBC bilan suhbatda Obid qori Nazarovning o‘g‘li Dovudxon Nazarov "Yuriy Jukovskiyga buyruq bergan shaxslar bor o‘rtada, kamida bitta, bir nechta shaxslar bor. O‘sha shaxslar buyruqni O‘zbekistondan olgani taxmin qilinmoqda hozir. Bu yerda shunga ishora qiluvchi bir qancha dalillar bor", deb aytgan edi.

O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan Yuriy Jukovskiy joriy yilning 25 avgustida Rossiyadan Shvetsiyaga ekstraditsiya qilingandi.

Imomni o‘ldirish buyrug‘ini kim bergan?

Image copyright metro.se
Image caption Qotillikka harakat izlari Toshkentga yetaklaydimi?

Markaziy Osiyoning eng mustabid mamlakati bo‘lmish O‘zbekiston fuqarosi qurol ko‘tarib, Shvetsiyada yashayotgan imomni otib ketishi mamlakat matbuotining asosiy mavzularidan biriga aylandi.

Ayni qotillik urinishiga O‘zbekiston hukumati aralashganmi yo‘qmi degan savol ham baralla yangray boshladi.

Shuningdek, nima uchun Shvetsiya o‘zi boshpana bergan shaxsni bu kabi hujumdan asrab qololmagani haqida ham so‘rovlar o‘rtaga tashlandi.

Obid qori Nazarov joniga qasd qilinganidan keyin oylab hushsiz yotdi, jiddiy jarohat oldi, ammo omon qoldi.

37 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Yuriy Jukovskiy qotillikka urinish aybi bilan uzoq yillik qamoq jazosiga hukm qilindi.

Ammo qoralovchi Krister Petersonga ko‘ra, ayni suiqasd amali ortida O‘zbekiston hukumati turganiga doir jiddiy dalillar mavjud.

Inson huquqlari tashkilotlari O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan beri mamlakatdagi vaziyatni tanqid qilib kelishadi.

O‘zbekistonda matbuot davlat nazorati ostida va hech qachon erkin bo‘lmagan.

Hukumat tanqidchilari qamoqqa tashlanadi.

Qamoqlarda esa qiynoqqa solish, BMTga ko‘ra, muntazamlik kasb etgan.

Obidxon qori 2006 yilda Shvetsiyada siyosiy boshpana olgan edi.

U o‘tgan asrning to‘qsoninchi yillarida O‘zbekistondagi eng mashhur imom edi.

O‘zining diniy, siyosiy va ijtimoiy masalalarda o‘tkir chiqishlari bilan Obidxon qori tanqidga toqatsiz O‘zbekiston hukumatining qahriga uchraydi.

Xalq orasida kun sayin obro‘si ortib borayotgan imomdan cho‘chigan prezident Karimov uni o‘z rejimiga xavf deb qabul qilgani tayin.

1998 yilda uni ekstremizm ayblari bilan qamoqqa olish buyrug‘i chiqadi.

Bu payt Obidxon qori Nazarov qo‘shni Qozog‘istonda yashardi.

BMT qochqinlik agentligi uning qochqinlik maqomi so‘rab qilgan murojaatini bir necha yil o‘tib keyin qabul qiladi.

Shvetsiyaga kelar ekan, Obid qori O‘zbekiston hukumatini inson huquqlarini buzishi, mustaqil dindorlarga qarshi amallarini tanqid qilishda davom etadi.

Internet sahifalarida diniy ma‘rifatchilik bilan shug‘ullanadi.

Hukumat esa mashhur imom va uning izdoshlarini "davlat dushmani" deya qoralashini qo‘ymaydi.

Mulozimlar Obid qorini O‘zbekiston Islomiy harakatiga ruhoniy rahbarlik va mamlakatda portlashlarni rejalashda ayblashadi.

Obid qori Nazarov bu kabi ayblovlarni doim rad etib kelgan.

Shvetsiyada uni yaqindan tanigan o‘zbekistonliklarga ko‘ra, Obid qori bir necha bor o‘z hayotiga tahdidlar bitilgan nomalar olgan.

"Qotilning uzun qo‘li"

Image copyright none
Image caption Muxolifat lideri Muhammad Solihga ham tahdidlar to‘xtamagan

Bundan uch yarim yil avval Obid qori Nazarovning joniga qasd qilinar ekan, aksariyat nafaqat bu qotillikka qo‘l urib ko‘rgan shaxs, balki uning mamlakati haqida gapira boshladi.

Britaniyaning Ekzeter universitetidan doktor Devid Luisga ko‘ra, ayni qotillik harakatini O‘zbekiston hukumati bilan bog‘laydigan, aniq-tiniq bir dalil yo‘qligi rost, ammo...

"Bu qotillikka urinish O‘zbekiston hukumati tomonidan xorijdagi muxolifat hamda diniy faollarni nazorat qilish istagi va bu yo‘ldagi harakatlarining o‘ziga xos xaritasiga mos tushadi. Ana shu harakatlar qatoriga xavfsizlik xizmatlarining jismoniy zo‘ravonlikka qo‘l urishlarini ham qo‘shish mumkin".

Obid qorining joniga qasd qilinishi alohida bir voqea emas.

Orada O‘zbekiston hukumatining tanqidchilari joniga bir necha bor qasd qilindi va yoki shunga harakatlar ro‘y berdi.

Ularning hammasini ham bir qolipga solish va tushuntirib berish mushkul.

2011 yilda Fuad Rustamxo‘jayev Rossiyada otib o‘ldirildi.

U mamlakat tashqarisida tuzilgan yangi muxolif guruh - O‘zbekiston Xalq harakatining asoschilaridan biri edi.

Uni o‘ldirib ketishlaridan atigi bir necha oy avval harakat Berlinda o‘zining ta‘sis qurultoyini o‘tkazgan edi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, uni boshqa biznesmenlarni hukumat tanqidchilari qatoriga qo‘shilmaslikdan ogohlantirish o‘laroq o‘ldirishgan.

Ayniqsa, bu kabi muxolifat harakatlarni moliyalash qanday oqibatlarga olib kelishini ko‘rsatib qo‘yishgan...

Bundan bir yil avval esa hukumatning yana bir tanqidchisi Turkiyada o‘ldirib ketildi.

O‘zbek imomi Abdulla Buxoriy kunduz kuni Istanbulda otib tashlandi.

Kuzatuv kameralarida muhrlangan sahnada, bir shaxs Abdulla Buxoriyning ortidan kelib otib ketgani tasvirlanadi.

Ayni qotillik bo‘yicha hech kim mahkamaga tortilgani yo‘q.

Bir necha hafta avval esa O‘zbekistonning eng taniqli muxolifat lideri, prezident Karimovning 1992 yilgi saylovda raqibi Muhammad Solih uyi yaqinidan Turkiya politsiyasi besh shubhali shaxsni hibsga olgani haqida xabarlar tarqaldi.

Mahalliy matbuotda ularning biri O‘zbekiston fuqarosi ekani aytildi.

Muhammad Solihning uyi 2013 yilda ham o‘qqa tutilgandi.

Terror taktikasi

Image copyright none
Image caption Dovudxon Nazarovga ko‘ra, ularning oilasiga nisbatan "qiziqish" so‘nmagan

Yuqorida keltirilgan hujumlarning aksariyati ochilmay qolgani bilan inson huquqlari faollari va jurnalistlar O‘zbekiston xavfsizlik xizmatlari tomonidan zo‘ravonlikka asoslangan amallarni yaxshigina hujjatlashtirishgan.

Xorijdagi o‘zbekistonliklar ko‘pincha tahdidlar ostida qolishadi.

Xavfsizlik xizmatlari ularning vatanda qolgan yaqinlari taqdiri bilan po‘pisa qilib, o‘zlari uchun ishlatishga urinishadi.

Mamlakatdagi mustaqil fikrlovchilar qamoqqa tashlanadi yoki harakatlari cheklab qo‘yiladi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, ana shunday shantaj yo‘llari bilan O‘zbekiston xavfsizlik xizmatlari o‘zlari uchun talaygina "josuslarni ishga" yollashgan.

Ammo doktor Luisga ko‘ra, biror bir qotillikni siyosiy ekanligini isbot qilish oson emas.

"Shvetsiya misolida oladigan bo‘lsak...aftidan O‘zbekiston hukumati bu kabi siyosiy qotilliklarda o‘z "odamlarini" ishlatayotgani yo‘q...Ular odatda hukumat doiralaridan uzoqlashtirilgan va yoki uyushgan jinoyatchilikka aloqador shaxslar bo‘lishadi. Ammo hukumat ayni voqealardan mutlaqo xabarsiz deyish mushkul", deydi Devid Luis.

Shvetsiyada Obidxon qori joniga qasd qilish ishi bilan mahkama kechishi va aybdorning hukm etilishi yirik bir voqeadir.

Obidxon qori oilasi uchun ham o‘ziga xos bir g‘alaba.

Ammo bu xorijdan panoh topgan minglab o‘zbekistonliklar uchun xavotirlar butkul aridi degani emas.

Obidxon qorini o‘ldiraman deb qasd qilganlarning maqsadi kattaroq bo‘lgani aniq.

Ular bu bilan O‘zbekiston hukumatining boshqa tanqidchilarini ham qo‘rqitib qo‘yishni istashgani tayin.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq