Prezidentlikka nomzod uchun imzolar kamayishi nimani o‘zgartiradi?

Image copyright AFP
Image caption Islom Karimov oxirgi prezidentlik saylovlarida 90,39% ovoz bilan navbatdagi besh yillik muddatga saylandi

O‘zbekiston fuqarosi uchun prezidentlikka o‘z nomzodini ilgari surishi yo‘lida zarur bo‘lgan imzolar soni 1 milliondan 200 mingga tushiriladi. Shuningdek, Ovro‘poda xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti tavsiyasi bilan, saylovdan oldingi bir kun davomida saylovoldi targ‘ibot ishlari olib borilmaydi.

Bu haqida O‘zbekistonda nashr etiluvchi Sputnik va Podrobno saytlari xabar tarqatishgan.

Imzolar sonini saylovchilarning 5 foizidan 1 foiziga tushirilishi borasidagi qonun loyihasi kelgusi yil boshida O‘zbekiston parlamenti deputatlari tomonidan muhokama qilinishi mo‘ljallangan.

Parlament matbuot kotibining Sputnik saytiga aytishicha, 1 million imzo yig‘ish talabi nomzodlar uchun katta ma‘muriy qiyinchiliklar tug‘dirib kelgan.

Yangi qonunga binoan, saylovlardan bir kun avval "sokin kun", ya‘ni saylovoldi targ‘ibot ishlarining to‘xtatilishi ham ko‘zda tutiladi.

Hozirda "sokin kun" qoidasiga faqat parlament saylovlaridan bir kun oldin amal qilinadi.

"Yaxshi o‘zgarish"

Siyosiy tahdilchi Farhod Hazratqulovning BBCga aytishicha, bu O‘zbekistondagi siyosiy islohotlar doirasida qo‘yilgan ijobiy qadamdir.

"Bu yaxshi xabar, menimcha. Yaxshi bir o‘zgarish. Bu O‘zbekistonda prezidentlikka nomzodlar oldida bo‘ladigan byurokratik to‘siqlardan birining real hayotga moslashgan holda olib tashlanishini anglatadi. Avvallari 1 million imzo to‘plash uchun u nomzodda ham ma‘muriy, ham moliyaviy zahiralar juda yuqori bo‘lgan bo‘lishi kerak edi. Endi esa imzolarning 200 mingga tushishi har bir lider erishishi mumkin bo‘lgan real ko‘rsatkich bo‘layapti", - deydi tahlilchi.

Joriy yilning 29 martida davlat rahbari Islom Karimov prezidentlik saylovlarida 90,39% ovoz bilan navbatdagi besh yillik muddatga saylandi.

Unga qarshi o‘z nomzodlarini ilgari surgan Akmal Saidov, Xotamjon Ketmonov va Narimon Umarovlar, muxolifat va xalqaro tahlilchilarga ko‘ra, mamlakatdagi haqiqiy hurfikrlilikni aks ettirmaganlar.

2008 yilgi prezidentlik saylovlariga o‘z nomzodini ilgari surishini aytgan toshkentlik iqtisodchi va mustaqil nomzod Jahongir Shosalimov o‘z oilasi bosimga uchraganini da‘vo qilgan va saylovlar raqobatsiz o‘tishini aytgandi.

Farhod Hazratqulovning aytishicha, O‘zbekiston saylov qonunlarida hali isloh qilinishi zarur bo‘lgan muammolar ko‘p.

"Masalan, saylovlarning haqqoniy va hurfikrlilik, demokratik andozalarga mos ravishda o‘tishi uchun hali jamiyatda juda ko‘p islohotlar amalga oshirilishi kerak. Jamiyatda siyosiy harakatlarning tom ma‘noda chuqur ildiz otib, partiyalarning paydo bo‘lishi, raqobatbardoshlik muhitining paydo bo‘lishi - saylovlarning yanada haqqoniy va demokratik o‘tishini o‘lchab turadigan mezon. Ana shundagina, saylovlarimizni Ovro‘po yoki jahon standartlaridagi erkin saylovlar deya hisoblasak bo‘ladi. Lekin, bugungi o‘zgarish baribir ijobiy, chunki u jamiyatdagi siyosiy faollashuvga olib keladi", - deydi tahlilchi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio