"O‘zbekistonda san‘atkorlar IShIDga qarshi jihod qilishadi"

Image caption Xonandalar zanjirband qilinmoqdami?

O‘zbekistonlik xonandalarning har uch oyda bir marta mulozimlar ko‘rigidan o‘tib turishi haqidagi BBC Trending mavzusiga aylangan.

Yangi qarorga ko‘ra, bu kabi choradan bosh tovlagan xonandalar litsenziyasidan mosuvo bo‘ladi.

Ayni qarorda mamlakatdagi shou-biznesda "milliy qadriyatlarga mos tushmaydigan" qo‘shiqlaru videolar ko‘payib ketgani aytiladi.

Bu esa yangi avlodning ma‘naviy ulg‘ayishiga zarar yetkazishi urg‘ulanadi.

O‘tmishda qator xonandalar xorijga "beruxsat" safarlari uchun hukumat qahriga uchragan va litsenziyalaridan mahrum bo‘lgan edi.

O‘zbekiston hukumati san‘at va adabiyotni sho‘rochasiga "zo‘rlash" siyosatini avj oldirmoqda.

Bu haqda ismi sir tutilishi sharti bilan gapirgan o‘zbekistonlik jurnalistning aytishicha, so‘nggi paytlar hukumatning "milliy qadriyatlarimiz, an‘analarimizga yot" degan kurashi evrilib bormoqda.

Endilikda nafaqat "yarim-yalang‘och"likka qarshi kurash, balki "islomiy ekstremizm" mavzusi ham kun tartibiga chiqqan.

"O‘zi milliy qadriyatlar degan hech kim tagiga yetmagan da‘vo bilan hamma boshog‘riqqa chalingandi. Qaysi majlisda qatnashma hamma ana shu qadriyatlardan so‘z ochadi, ammo hech kim bu milliy qadriyatlarimizning to‘qson foizi islomiy ekanini eslatmaydi...Mana qo‘shiqchilarga ham buyruq tushgan. Vatan haqida kuylaysan, shukr qilishni ulug‘laysan deganday...Bitta shoir konstitutsiyaga bag‘ishlab ham she‘r yozvoribdi. "Sakkizinchi dekabr, doim qilingay qadr, ozod vatan haqdadir, bizning konstitutsiya", deb o‘tlaydi", deydi jurnalist.

Mutlaq nazorat vasvasi

Endilikda o‘zbekistonlik xonandalar endilikda har uch oyda hukumatning mutasaddi tashkilotlari bilan uchrashib turishi, chorak yil mobaynida nimalar bilan mashg‘ul bo‘lgani haqida hisobot berishi kerak bo‘ladi.

Ayni paytda xonanda o‘zining repertuarini ham tasdiqlab olishi shart ekani aytilmoqda.

Maqsad esa yana anchayin eskirib qolgan bahona, ya‘ni qo‘shiqlarning "milliy ma‘naviyat, qadriyatlar va an‘analarga" mos bo‘lishini ta‘minlash degan jumlaga jam bo‘ladi.

"Milliy qadriyatlarimizga yot g‘oyalar" degan ta‘bir esa, o‘zbekistonlik jurnalistga ko‘ra, bugun televizordan bir ko‘rinish berib qolish ilinjidagi deyarli har bir shoiru yozuvchi, ashulachi, jurnalistning orzusiga aylangan.

"Otaxon qarib qoldi, televizorni ham uning ta‘biga moslab qo‘yishgan...Qanchayin serjag‘roq bo‘lsangiz, pandu nasihatlarga boy va ayniqsa, shukr qilish bilan to‘yintirilgan mavzuda soatlab, charchamay gapiradigan bo‘lsangiz, ayni muddao..."

"Qanotlari qayrilgan qush..."

Image caption Qanotlari qayrilgan qush...

"Ma‘naviyatga yot" kiyinishi uchun O‘zbekistondagi "o‘ziga xos va mos" ziyoli qatlamning qahriga uchragan qo‘shiqchilardan biri Lola Yo‘ldoshevadir.

Internet nashrlaridan biri bilan suhbatda Lola o‘zining shaxsiy hayoti kontsertlarini bekor qilinishiga sabab bo‘layotganidan noliydi.

Lola shou-biznesni chetdan kuzatayotgani va bu qadar qattiq nazoratdan hayratda ekanini aytadi.

"Bu xuddi qushning qanotlarini qayrib tashlashday bir ahvol", deydi u.

Lola O‘zbekistonda ijod qilish uchun beriladigan litsenziyasidan ayrilgan bir necha qo‘shiqchilar safida qolmoqda.

O‘zbekiston internet nashrlari yana bir tanqidlar nishoniga aylangan xonanda Rayhonning reklamasi haqida yozishgan.

Rayhon suratga zanjirlarga "burkanib" tushgani uchun reklamasi bekor qilinganligi aytiladi.

Ijtimoiy tarmoq faollaridan biri "Rayhon O‘zbekistonda ijodkorlarni tasvirlagan, ularning bari zanjirband", deb fikr qoldirgan.

"Yaqinda xonandalar IShIDga qarshi qo‘shiq kuylashga majbur qilinsa, ajablanmayman, mana Ozodbek Suriyada o‘lgan bolakay haqida "O‘zbekistonda tug‘ilganingda maza qilib yashar eding", deb qo‘shiq aytib chiqdi", deydi o‘zbekistonlik jurnalist.

O‘zbekistonlik jurnalistning aytishicha, xonandalar bugun qanday yo‘l tutishni bilishmaydi, chunki hukumatning o‘zi ayni masalada vasvasaga tushganday harakat qilmoqda.

"Ro‘mol yopinganlarni ham, yopinmaganlarni ham birday quvishmoqda... Milliy qadriyatlar deganda nimani nazarda tutishadi? O‘tgan asrning oltmishinchi yillaridagi mini yubkalarnimi? Balki hatto o‘ttizinchi yillarga qadar yopingan paranjilarni qaytarish kerakdir", deydi jurnalist.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq