BMT O‘zbekiston haqida yolg‘on yozganmi?

Image copyright bbcuzbek
Image caption Har kuz O‘zbekiston dunyoning ikkinchi yirik quldoriga aylanadi

O‘zbekistondagi "Ezgulik" inson huquqlari guruhi BMTning Xalqaro Mehnat Tashkiloti va Jahon Bankining "O‘zbekistonga keladigan ikkiyuzlamachi delegatsiyalari" bilan har qanday muloqot va uchrashuvlardan voz kechishini aytmoqda.

Tashkilot chiqargan bayonotga ko‘ra, bunga sabab - ayni tashkilotlar O‘zbekistondagi ahvol borasida noto‘g‘ri xabarlarni tarqatishgan.

"Ezgulik" jamiyati O‘zbekistonda bolalar mehnati mavjud emas, degan soxta xulosalarni jahon hamjamiyatiga havola etgan Jahon Banki va BMTning Xalqaro Mehnat Tashkilotiga boykot e‘lon qiladi" - deyiladi Toshkentda chiqarilgan jamiyat bayonotida.

Bayonotga binoan, O‘zbekistondagi ahvolni o‘rganishga kelgan mazkur xalqaro tashkilotlarning vakillari mamlakatdagi vaziyatni yaqindan kuzatib keladigan "Ezgulik" bilan uchrashmasdan, aksincha, "O‘zbekiston hukumatining nog‘orasiga o‘ynab, mamlakatda bola mehnati ekspluatatsiyasi hollariga ko‘z yumdi".

"Mamlakatimizning Andijon, Qashqadaryo, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida bolalar mehnatidan foydalanish, ularni paxta yig‘im-terimiga jalb etish hollari uchradi" - deydi "Ezgulik" o‘z kuzatuvlariga asoslanib.

Bolalar o‘rniga kattalar

XMT (Xalqaro Mehnat Tashkiloti) vakillari O‘zbekistonda bo‘lib, mamlakatda bola mehnatidan deyarli foydalanilmayotganini aytib, o‘z o‘rnida, "kattalarning majburiy mehnatga jalb qilinayotganidan" tashvish bildirishgandi.

Image copyright bbc
Image caption O‘zbek san‘atkorlari ham hukumatning majburiy mehnat siyosatiga hissa qo‘shadilar

BMTning Xalqaro Mehnat Tashkiloti kuzatuvlariga tayangan Jahon Banki ham joriy yilgi paxta terish mavsumida O‘zbekistonda "bolalar mehnatidan foydalanilganiga oid ishonchli dalillar" topilmaganini qayd etgan.

O‘tgan oyda e‘lon qilingan xulosa, ayni damda, xuddi 2013 yildagi kabi 2015 yili ham O‘zbekistonda bola mehnatidan muntazam foydalanilmaganini urg‘ulaydi.

XMT hisoboti O‘zbekistonda bolalarni ekspluatatsiya qilish hollari "o‘ta kam va onda-sonda" uchrab turishini ta‘kidlaydi.

Aytish joizki, bolalar huquqlari bilan shug‘ullanuvchi xalqaro tashkilotlar O‘zbekistonda uzoq yillar faoliyat yuritib kelishgan bo‘lsalar-da, ammo bu mamlakatda bolalarning majburiy mehnatga jalb etilishi bo‘yichayaqingacha biron jiddiy va keng qamrovli bayonotlar berishmagan.

Mahalliy hamda xalqaro inson huquqlari guruhlari o‘zbekistonlik bolalar mehnati muammosini tinimsiz ko‘tarib chiqishlari ortidan ayni holatni muammo sifatida ko‘ra boshladilar, xolos.

O‘zbekistonda rasman faoliyat yuritadigan o‘ta kam sonli inson huquqlari tashkilotlaridan bo‘lmish "Ezgulik" esa muntazam ravishda O‘zbekistonda majburiy mehnat, tadbirkorlar huquqlari buzilishi, poraxo‘rlik va kuch tizimlari zo‘ravonligi holatlarini kuzatib keladi.

O‘zbekiston - quldormi?

O‘zbekiston so‘nggi yillari bolalalarni dala mehnatiga majburlash tajribasidan rasman voz kechganini e‘lon qilgan.

Image copyright none
Image caption Majburiy mehnatni kuzatishga uringan o‘zbek faollari kaltaklanadi, tahqirlanadi yo qamaladi. Jizzaxlik O‘ktam Pardayev hibsga olingan

O‘zbekiston hukumati bola mehnati bois o‘z paxtasining yirik xalqaro tashkilotlar tarafidan boykot qilinishi, dunyoda o‘z obro‘si tushib ketgani hamda xalqaro bosimlar ostidagina shunday qarorga kelishga majbur bo‘lgandi.

Biroq shundan keyin ham qator mahalliy huquq faollari voyaga yetmagan bolalar ayrim viloyatlarda majburiy dala ishlariga chiqarilayotganini aytishgan.

To‘g‘ri, ilgari O‘zbekiston hukumati 8-9 yashar bolakaylarni ham o‘qishdan uzib, yozda chopiq, kuzda paxta terishga haydagan bo‘lsa, so‘nggi paytlarda kattaroq yoshdagi, ko‘pincha, 14-15 yashar bolalarni chiqargani aytiladi.

Biroq O‘zbekiston hamon majburiy mehnatdan voz kechmagan. Har yili yuz minglab davlat tashkilotlari xodimlari, xususan, shifokor va o‘qituvchilar paxta dalalarida ishlashga majburlanadi.

Jahonda qabul qilingan zamonaviy me‘yorlarga ko‘ra, bu holat qullikdir.

Xalqaro Qullik Ko‘rsatkichiga ko‘ra, kuzgi paxta terimi mavsumida O‘zbekiston hukumati o‘z xalqini shu asno qulga aylantirib, dunyoning ikkinchi yirik quldor tuzumiga aylanadi.

Ayni masalad O‘zbekistondan oldinda faqat Afrikaning Mavritaniyasi turadi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq