Rossiya-O‘zbekiston: Munosabatlar sovuqmi yo iliq?

Image copyright AP
Image caption Prezidentlar

Rossiya Tashqi Ishlar vazirligi websahifasi ma‘lumotlariga ko‘ra, yaqinda Toshkentga borgan Rossiya vakili bilan prezident Islom Karimovning Moskvaga bo‘lajak safariga doir masalalar ko‘rib chiqilgan.

Karimov Rossiyaga qachon safar qilishi haqida hali ma‘lumot berilgani yo‘q.

Ammo o‘tgan iyul oyida Ufada ikki prezident uchrashuvi vaqti safar 2015 yil mobaynida bo‘lib o‘tishi haqida so‘z yuritilgani aytiladi.

Yil oxiriga qadar esa ko‘p vaqt qolgani yo‘q. Boshqa tomondan ikki tomon o‘rtasidagi bir sovuq, bir iliq munosabatlar nazarda tutilsa, umuman bu safardan nima kutish mumkin?

Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha siyosiy tahlilchi Arkadiy Dubnovning BBC bilan suhbatda aytishicha, bu kabi safar ana‘anaviy, MDH ga a‘zo davlatlar rahbarlari norasmiy sammiti doirasida bo‘lib o‘tadi.

Image copyright sayasat
Image caption "Putin bilan uchrashuvdan Karimov bosh olib qocha olmaydi..."

Arkadiy Dubnov: Bu kabi sammit oxirgi yillarda dekabr oyida Moskvada o‘tkazib kelinmoqda. Bu yil ham 21 dekabrda Ovrososiyo iqtisodiy ittifoqi sammiti va ketidan MDH sammiti bo‘lib o‘tadi va o‘ylaymanki, janob Karimovning rasmiy safari ham ana shu doirada tashkillashtirilgan bo‘ladi. Huddi shunday yo‘lda oktyabr oyida Qozog‘istondagi sammit ham o‘tkazilgandi.

BBC: Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar bir sovuqlashib, bir iliqlashib borishi bilan xarakterli. Hozirgi bosqichda ularni siz qanday ta‘riflagan bo‘lardingiz?

Arkadiy Dubnov: Ikki tomon o‘rtasidagi munosabatlarni ta‘riflashga kelganda Moskva va Toshkentning turfa masala va aloqalarda bir qadar uzoqdan turib yondoshuvlari ko‘zga tashlanadi, deb aytgan bo‘lardim. Bu manzarada Moskva albatta o‘z ta‘sirini ko‘proq o‘tkaza olishi uchun yaqinroq munosabatlar tarafdoridir. Lekin O‘zbekiston aksincha, o‘zini Kremldan o‘zini uzoqroq tutishga harakat qilib keladi. Ayniqsa, bu holat oxirgi vaqtlar Turkiya va Rossiya o‘rtasida munosabatlar yomonlashgani manzarasida tobora ko‘proq ko‘zga tashlanmoqda.

BBC: Demak agar bir tomon yaqinlashishni istasa, boshqa tomon istamasa, bu o‘rinda O‘zbekiston ko‘proq o‘z maqsadiga yetishayotgan ekanda?

Arkadiy Dubnov: Shuni tushunish kerakki, O‘zbekistonning siyosatida bu borada hech bir yangi narsa yo‘q. O‘zbekiston o‘zining MDH tarkibidagi o‘rnini muhim ko‘rish bilan birga, MDH doirasidagi integratsion jarayonlarda ishtirok etish istagi yo‘qligini hamisha aytib kelgan. Ovrosiyo Ittifoqiga kirishdan bosh tortgan, Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasidan ikki marotaba chiqqan, Rossiya bilan va nafaqat Rossiya bilan, alohida ikki tomonlama munosabatlarni qurishga harakat qilib keladi. Boshqa xorij davlatlari, shuningdek Shanxay Tashkiloti doirasida ham O‘zbekiston siyosatining yo‘nalishi, ta‘bir joiz bo‘lsa, serqirradir. Bunga oxirgi misol O‘zbekistonning Pekin tomonidan taklif qilingan erkin iqtisodiy hudud tashkil etish g‘oyasi Toshkent tomonidan rad etilganidir. Hozirgi pallada O‘zbekiston Rossiya -Turkiya munosabatlaridan ko‘proq xavotirda deb o‘ylayman.

BBC: Lekin bu yilning o‘zida Putin va Karimovning, mana dekabrni ham hisobga olsak, uch marotaba uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Demak uzoqlashuv harakatlariga qaramay qandaydir tashqi omillar ularni baribir yaqindan muloqotda bo‘lishlariga undamoqda, deb ayta olamizmi?

Arkadiy Dubnov: Siz aytayotgan Putin-Karimov uchrashuvlarini boshqa har qanday MDH davlati rahbari misolida ham aytishimiz mumkin. Ular turli tashkilotlar sammiti doirasida uchrashmoqdalar. Bu kabi uchrashuvlardan Karimov bosh olib qocha olmaydi. Agar bosh tortsa, bu demarsh sifatida talqin qilinadi. Ehtiyotkor siyosatchi sifatida janob Karimov bu kabi qadamga kamdan-kam boradi. Xullas, bu uchrashuvlar oddiy rasmiyatchilik doirasida bo‘lib o‘tayotgan muloqotlar. Bu uchrashuvlarni tashqi omil tufayli ular bir-birlari bilan uchrashishga majbur bo‘lmoqdalar, deb talqin qilish kerak emas deb o‘ylayman.

BBC: Kecha Shved mahkamasi Rossiya tomonidan ekstraditsiya qilingan O‘zbekiston fuqarosini taniqli imom suiqasdida aybdor deb topib, uzoq yillik qamoq jazosiga hukm qildi. Yuriy Jukovskiyning ekstraditsiyasi ikki tomon o‘rtasida biron darajada muhokama qilingan, deb o‘ylaysizmi?

Arkadiy Dubnov: O‘ylaymanki, O‘zbekistondagi yuqori rahbar doiralarga aloqasi bo‘lmagan biror shaxsning ekstraditsiyasi masalasini prezidentlar muhokama qilib o‘tirmaydilar. MDH davlatlari rahbarlari inson huquqlariga u qadar e‘tibor bermaydilar va alohida shaxslarning taqdiri kabi masalalarga ham to‘xtalib o‘tirmaydilar.

BBC: Lekin tergov davrida Yuriy Jukovskiyning O‘zbekistondan buyruq olgan bo‘lishi mumkinli borasida taxminlar o‘rtaga chiqqandi. Shu holatda ham O‘zbekiston tomoni hech qanday xavotirga ega bo‘lmagan, deb o‘ylaysizmi?

Arkadiy Dubnov: Men bu ishning tafsilotlarini bilmayman, lekin prezidentlarimizning o‘zaro muloqotlarni yaqindan kuzatish tajribam asosida shuni ayta olamanki, ya‘ni sobiq Sho‘ro davlatlari rahbarlarini nazarda tutmoqdaman, demak mening xulosam shundayki, bu kabi masalalar ikki rahbar o‘rtasidagi shasxiy uchrashuvlarda muhokama qilinmaydi. Lekin rahbarlarning ishorasi, so‘zi bilan pastroq darajadagi muloqotlarda ko‘rib chiqiladi. Bu kabi masalalar xavfsizlik xizmatlari o‘rtasidagi muloqotlarda birinchi rahbardan tushgan ishora asosida muhokama qilinadi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq