So‘z Sizga: Iqlim o‘zgarishi O‘zbekiston va mintaqaga xavf soladimi?

Image caption Markaziy Osiyo tog‘larida muzliklar shiddat bilan erimoqda...

Ijtimoiy tarmoqlarda bu hafta ko‘targan asosiy mavzularimizdan biri global iqlim o‘zgarishi va uning mintaqaga ta‘siri haqida edi.

Qoldirilgan fikr-mulozahalar soni va sifatidan xulosa chiqariladigan bo‘lsa, bu masalada xabardorlardan ko‘ra, xabarsizlar ko‘proq ekan.

"Bu masalani oldinga chiqarish kerak, ko‘p o‘zbekistonliklar bexabar. Iqlim o‘zgarishi nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyoga xavf solmoqda", deb xavotir bildiradi Hasan Jo‘rayev.

O‘tgan hafta Parijda Iqlim o‘zgarishiga bag‘ishlangan yirik anjuman jahon bo‘ylab haroratni 2S, ya‘ni ikki darajadan pastda ushlab turish bo‘yicha kelishuvni imzoladi.

Bu kelishuv mintaqa davlatlari orasida Qozog‘iston tomonidan ham olqishlandi.

AQSh va Xitoy kabi sayyoramizni eng ko‘p ifloslantirib, eng katta miqdorda issiqxona gazlarini chiqarayotgan davlatlarning iqlim isishini jilovlash yo‘lidagi kelishuvlarga qo‘shilishlari katta qadam bo‘lgani ta‘kidlandi.

Ammo Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha iqlim o‘zgarishi muammosiga qaraydigan bo‘lsak, mintaqa tog‘laridagi muzliklar shiddat bilan erib bormoqda.

Mintaqa ichimlik suvining 80 foizi asosi Pamir va Tyanshan muzliklaridir.

Bu muzliklarning global havo ilishi tufayli haddan ziyod erib borayotgani, mutaxassislarga ko‘ra, yaqin kelajakda mintaqadagi ichimlik suvi taqchilligiga sabab bo‘lishi mumkin.

O‘zbekistonda esa, olimlarga ko‘ra, sahrolar kengayishi tezlashgan.

Yer osti suvlari paxtachilikda ishlatilgan kimyoviy moddalar bilar zaharlangan va sho‘rlanish darajasi ham yuqori ekani aytiladi.

Iqlim isishi Markaziy Osiyo kabi dengizdan uzoq, suv zahiralari kam, sahrolashish kuchli mintaqada ham halokatli kechishi mumkin.

Tojikiston hamda Qirg‘iziston vakillari ba‘zi muzliklar 20-30% eriganini aytishmoqda.

Bir necha o‘n yilliklar ichida esa bu muzliklarning yarmidan ko‘pi erib bitishi mumkin.

O‘zbekiston kabi o‘z suv zaxiralari juda kam, aholisi katta va aksar sahrodan iborat davlatlar uchun iqlim isishi oqibatlari yaxshilik keltirmaydi.

Qolaversa, bu mamlakatning boshqa suv manbalariga chiqadigan yo‘llari ham yo‘q.

Shunga qaramay, O‘zbekiston hamon o‘ta ko‘p suv talab qiladigan paxta ekishni davom ettirmoqda.

"O‘zbekiston paxtadan tashqari juda katta yerosti boyliklari ega, demak, paxtani deb bebaho boylik suvdan voz kecha olmaymiz. Suvga kelsak, doim isrof qilamiz. Haftada ikki martadan suv berilsa, zaxira qilib ishlatilsa ayni muddao. Paxtani deb SSSR suvni izhor qildi, zahirani qayta to‘ldirmadi va Orol quridi. Tabiatdagi o‘zgarishlarni ham sezmoqdamiz. Qoru yomg‘irli kunlar kamaygan", deb xavotirlarini izhor qiladi Nuriddinshoh Ahmedov.

Rashid O‘razboyev esa, "tabiat qiladiganini qiladi, unga bas kelib bo‘lmaydi. Mantiqsiz gaplardan foyda yo‘q", deb izoh qoldirgan.

Iroda Abdurazoqova ham suvni tejash masalasiga to‘xtalgan.

"Tarvuz va qovunlarni yarim kunlab vodoprovod tagiga oqizib qo‘yamiz. Biz ahamiyat berishimiz kerak bo‘lgan misollar talaygina", deydi u.

Dilmurod Xo‘jaboyev esa yarim kinoya bilan "Issiq yaxshi, gaz va elektr kam ishlatiladi, meva sabzavot ko‘p bo‘ladi neftning narxi pasayadi. Menimcha dunyoning isishi Uzbekiston ekonomikasiga juda yaxshi ta‘sir ko‘rsatdi", deb yozadi.

Mirza Anvar Hamidov esa ayni masala har bir insonni tashvishga solishi kerakligi yozar ekan, "Paxta yakkahokimligini davom ettirish o‘ta mantiqsiz va zararlidir! Paxta ham ko‘p suvtalab qiladigan o‘simlik, hamda yer strukturasini buzadigan kimyoviy o‘g‘itlarga moslashib qolgan, moslashtirib qo‘yilgan o‘simlik bo‘lganligi uchun ham zararlidir. Ammo muammo shundaki, O‘zbekiston aholisi insoniyat taqdirini tubdan o‘zgartirib yuborishi mumkin bo‘lgan bunday muammolarni ko‘tarib chiqish imkoniyatidan mahrum etib qo‘yilgan. Kotta nima desa, shu bo‘ladi. Atrofidagi laganbardorlar esa faqat uning fikrini qo‘llab quvvatlash bilan ovvora! Tuyaqushga o‘xshab boshini qumga tiqib olib yurishavershadi", deydi.

Odnoklassnikidagi BBCUZBEK guruhidan S T R Ye L E Ts atalmish muxlisimiz esa boshqalardan farqli bir fikrni o‘rtaga tashlaydi.

"Paxta suv kup talab kilinadigan ekin degan suz oxirgi paytlarda juda ommalashib ketdi. Aslida esa unday emas, paxta usib xosili pishguncha 3-4 marta sugoriladi, solishtirish uchun poliz ekinlari: kovun 7-8 marta, tarvuz 15 martagacha, bodring 15-19 marta, sabzavotlar: sabzi 8-10 marta, sholgom,trup xam 8-10 marta, tomatdoshlar: pomidor 12-15 marta, kartoshka 7-9 marta, don ekinlari, makka 9-11 marta, bugdoy, suli, javdar (sugoriladigan yerlarda) 6-7 marta. Boglar: olma, urik 4 marta (1 martasi kishki) uzum 4-5 marta, anor 9-12 marta... v.k-zo. Endi uylab kursak paxta ekmay joyiga boshka ekinlar ekilsa xam suv paxtaga nisbatan 2-3 barobar sarflashi kerak. Suvni tejash uchun paxtaga yopishavermay kishlok xujaligini islox kilish kerak, yangi texnologiyalar kullash kerak (tomchilab sugorish, suspenziya kilish) Biz paxtadan voz kechib urniga boshka ekinlar ekishga utganimiz bilan kishlok xujaligini islox kilmasak suvni sarfi oshib ketsa oshadiki, aslo kamaymaydi".

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq