Erondagi "mehribon devorlar"

Image copyright TwitterHamedKOP
Image caption "Mehribonlik devori"

Qish qahratoni va og‘ir iqtisodiy vaziyat tufayli aksariyat eronliklar xayriyaning o‘ziga xos bir yo‘lini kashf qilganlar.

"Mehribonlik devorlari" deb nomlangan bu xayriyani boshlab bergan eronlikning na nomi, na nasabi ma‘lum.

Uning g‘oyasi juda oddiy.

Ko‘cha devorlariga osqichlar o‘rnatib, ostiga "Sizga kerak bo‘lsa oling, bo‘lmasa qoldiring" deb yozib qo‘yilgan.

Uysizlar va yo kambag‘alroq eronliklar bu devorlardan boshqa, ehtimolki badavlatroq vatanloshlari qoldirgan issiq kiyimlarni olishlari mumkin.

Aksariyat eronliklar bu xayriya amalida mamlakat bo‘ylab jonbozlik ko‘rsatishmoqda ekan.

Ijtimoiy tarmoqlarda bu xayriya kampaniyasini quvvatlab, kambag‘allarga boshqa yordam yo‘llarini taklif qilib minglarcha eronlik bahs qilishmoqda.

"Xayriya devori" g‘oyasi muallifi esa ilk bor Mashhad ko‘chalarida ish boshlagani ma‘lum bo‘lgan.

Ammo u o‘z ismini oshkor etishni istamayapti, deb yozadi mahalliy gazetalardan biri.

Uning "Mehribonlik devori" butun mamlakat bo‘ylab "qad rostlamoqda" ekan.

Sovuq tushishi bilan bu kabi devorlarda osilgan kiyimlar suratlari ijtimoiy tarmoqlarda shiddat bilan tarqamoqda.

"Hech kimni sovuq yeyishiga yo‘l qo‘ymaylik", deb yozadi eronliklardan biri.

Image copyright
Image caption Eronliklarni yaqinlashtirayotgan devorlar

"Devorlar aslida bizni ajratadi, ammo bu kabi devorlar bizni yaqinlashtirmoqda", deb yozadi Sheroz shahridagi Twitter foydalanuvchilaridan biri.

Ammo ayrimlar bu devorlar bahonasida hukumatni tanqid qilishmoqda.

"Bunday bir badavlat mamlakatda yashayotgan odamlar bir-birlariga yordam berishmoqda. Hukumatdagilarning parvoyiga ham kelmayapti, shekilli", deb izoh qoldiradi eronliklardan biri.

"Agar bizning davlat boshlig‘imiz g‘amxo‘r va dono bo‘lganida edi, hech kim Eronday boy mamlakatda muhtojlikdan qiynalmas edi", deydi yana bir faol.

Atom dasturi bo‘yicha iyul oyida yirik kelishuvga erishgan va uning ortidan nisbatan dunyoga ochilayotgan bu mamlakat prezidenti Hasan Ruhoniy eronliklarga katta va‘dalar bergan edi.

Ammo iqtisodiy inqiroz, ishsizlik va uzoq muddat amalda bo‘lgan iqtisodiy jazo choralarining ta‘siri bu va‘dalarning hayotga tadbiq etilishiga to‘sqinlik qilmoqda.

Aksariyat eronliklarga ayni iqtisodiy inqiroz salbiy ta‘sir qilmoqda.

Yirik shaharlarda boshpanasizlar soni ortmoqda.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, Erondagi uysizlar soni 15 ming, ammo boshqa xabarlarda birgina Tehronda boshpanasizlar soni shu raqamdan oz emasligi aytiladi.

"Biz o‘zimiz yordam qilishimiz kerak. Umr juda qisqadir. Imkoningiz yetganiga qadar xayriya qiling", deb yozadi Instagramdagi eronliklardan biri.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio