"IShIDning amallari qatliomga teng ko‘rilsin"

Image copyright Getty
Image caption IShIDdan qochayotganlar

Britaniya parlamentining 60 dan ortiq a‘zosi Bosh vazirga yo‘llagan maktubida IShID tomonidan diniy va milliy ozchiliklarning o‘ldirilishini qatliom ( genotsid) deb tan olishga chaqiriladi.

Parlament a‘zolari Bosh vazir Devid Kameronni o‘z mavqeidan foydalanib, BMTning bu masalani ijobiy hal etishi va IShID jinoyatlarini qatliomga tenglashtirish uchun ta‘sir o‘tkazishga da‘vat qilishgan.

Maktubga ko‘ra, bu amal bilan qatllar uchun mas‘ullar qo‘lga olinadi, mahkamaga tortiladi va jazo tayinlanadi. IShID Iroq va Suriyadagi nasroniylar, yazidiylarni muntazam qirib kelmoqda, deyiladi maktubda.

Avvalroq BMT ham yazidiylarga nisbatan IShID tomonidan uyushtirilgan qirg‘inlarni qatliom va Iroqda urush jinoyatlariga teng amal bo‘lishi mumkin degan xavotirlarni izhor etgandi.

Inson haqlari tashkilotlariga ko‘ra, bu jihod da‘vosidagi guruh Iroqdagi boshqa ozchiliklarni ham qirish harakatiga tushgan.

Britaniya parlamenti a‘zolari Rod Flello va Devid Alton tomonidan yozilgan ayni maktubda shuningdek, IShID Iroq va Suriyada cherkov ruhoniylarini o‘ldirayotgani, ommaviy qatllar uyushtirayotgani, qiynoqlar qo‘llab kelayotgani va nasroniy jamoalardan odamlarni garovga olayotgani, nasroniy xotin-qizlarni jinsiy qul qilib zo‘rlayotgani haqida dalillar yetarlidir.

Ayni maktubda yozilishicha, IShID boshqa dindagilarni majburan Islomga kiritmoqda.

Cherkovlar buzilmoqda, nasroniylarning qabristonlari vayron qilinib, ruhoniylarning mol-mulklari tortib olinmoqda.

Maktubga imzo qo‘yganlar IShIDning ayni amallarini qatliom deb atalishini talab qilishgan.

"Qatliom" BMT bahosida:

"Qatliom butun bir milliy, etnik, irqiy va yo diniy guruhni yoki qisman va yo tamoman yo‘q qilish harakatidir:

Biror guruh a‘zolarini avvaldan reja va hisob bilan qisman yoki butunlay jismonan yo‘q qilish harakati;

Shu guruh ichida tug‘ilishga qarshi choralar ko‘rish;

Ayni guruhda tug‘ilgan bolalarni boshqa bir guruhga majburan ko‘chirish".

IShID - Suriya sharqi va Iroq shimoli hamda g‘arbida yirik hududlarni nazorat qilayotgan radikal islomiy guruhdir.

Uning ommaviy qatl, diniy va etnik ozchilik vakillarini o‘g‘irlab ketish, askarlar va jurnalistlarning boshini tanasidan judo qilish kabi shafqatsiz usullari dunyo bo‘ylab vahima hamda g‘azab uyg‘otishi barobarida AQShning harbiy mudohalasiga ham sabab bo‘lgan.

Guruh shariat qoidalari asosida yagona siyosiy va diniy rahbar tomonidan boshqariladigan davlat - Xalifalik qurishni maqsad qilib olgan.

Garchi hozirda Iroq va Suriya sarhadlari bilan cheklangan esa-da, IShID Iordaniya va Livan "chegaralarini buzish" va Falastinni ozod etish"ga va‘da bergan.

IShID shuningdek, Markaziy Osiyo doxil, Pokiston, Eron va Afg‘onistonni ham o‘z ichiga olgan Xurosonga da‘vogarlik qiladi.

Tashkilot butun dunyodan ayrim musulmonlarning dastagiga ega va ulardan o‘z rahbari - Ibrohim Avod Ibrohim Ali al-Badriy al-Samarraiy yoki Abu Bakr al-Bag‘dodiyga bay‘at etishlarini talab qiladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq