Toliblar nima uchun IShIDga qarshi?

Image caption IShID Afg‘onistonda

Afg‘onistonlik toliblarga ko‘ra, ular IShIDga qarshi "maxsus kuchlar"ni jangga tashlashgan.

Ikki raqib guruh o‘rtasidagi janglar tobora qonli kechmoqda.

Toliblarning Afg‘onistonda jangari guruh o‘laroq "yakkahokimligiga" IShID jiddiy tahdid solayotgani aytiladi.

Ikki raqib guruh o‘rtasidagi bu jangda kim g‘alabaga erishishi mumkin?

Toliblardagi manbaning aytishicha, bu "maxsus kuchlar" safida jangarilarning soni mingdan oshgan.

Ular yaxshiroq jangovar tayyorgarlikdan o‘tgan va qurollari ham oddiy toliblarnikidan farq qilishi aytiladi.

Bu guruhning yagona maqsadi mamlakatda IShIDni yo‘q qilishdir.

Maxsus guruhga jangarilarning eng sarasi tanlab olingan bo‘lib, ular IShID faol bo‘lgan barcha mintaqalar – Nangarhor,Farah, Helmand va Zabulda jang qilishmoqda.

Ammo, manbaga ko‘ra, Toliblar bu guruhni IShID harakatlanayotgan har bir mintaqaga jo‘natadi, qolgan jangarilar esa xorijiy kuchlar va Afg‘on qo‘shinlariga qarshi kurashadi.

O‘zbekistonliklar IShID qo‘mondonlarimi?

Image copyright
Image caption IShIDmi yo Tolibon

IShID Afg‘onistonga kirar ekan, Toliblar o‘z jangarilarini bu guruhga qarshi turishga buyruq berdi.

Ayni yo‘lda "barcha imkoniyatlar" ishga solinishi haqida aytildi.

Aprel oyidan beri IShID va Toliblar o‘zaro bir necha marta jang qilishdi.

Toliblar IShIDning turfa mintaqalardagi "qarorgoh"larini hujumga tutdi.

Afg‘onistondagi IShIDga sobiq Tolibon jangarilari qatori Pokiston va o‘zbekistonlik qo‘mondonlar rahbarlik qilishadi.

Nangarhor, Helmand, Farah va Zabulda kechgan janglarda har ikki tomondan yuzlab jangarilar qurbon bo‘lgani aytiladi.

Garchand, talofatlar haqida aniq ma‘lumotlar bo‘lmasa ham, oktyabr oyidan beri Toliblarning maxsus kuchlari o‘nlab IShID jangarilarini o‘ldirgani haqida xabarlar bor.

IShID ham qo‘l qovushtirib o‘tirgani yo‘q.

Birgina Nangarhordagi janglarda o‘nlab toliblar qurbon bo‘lgani ma‘lum.

Ular Toliblarni har imkon bo‘lgan mintaqada pistirmadan turib nishonga olishmoqda.

Shu yil boshlarida esa IShID 10 nafar tolibon jangarilarining boshini tanasidan judo qilgan edi.

Iyun oyida esa Toliblarning yuqori lavozimli mulozimlaridan biri Mavlaviy Mir Ahmad Gul Peshovarda o‘ldirib ketildi.

Ishonilishicha, bu hujumni IShID uyushtirgan.

Hozirgi paytda IShID mamlakat g‘arbi va janubidan butunlay siqib chiqarilganday taasurot uyg‘onadi.

Ammo IShIDning kichik guruhlari hamon Nangarhor va Kunar viloyatlarida jang qilishmoqda.

IShID shuningdek, mamlakat shimoliga ham e‘tiborini qaratgan.

Maqsad mintaqadagi O‘zbek, Tojik, Chechen va Uyg‘ur jangarilari bilan robitani mustahkamlash va Markaziy Osiyo tomon chegaralarga osonlik bilan daxl qilishdir.

Ikki guruh qachon yovlashdi?

Image copyright BBC World Service
Image caption "Xuroson"ga ko‘z tikkan Bag‘dodiy

IShID "Xuroson" mintaqalarida hukmronlik da‘vosi bilan chiqar ekan, Toliblar ularga qarshi urush e‘lon qildi.

Tarixiy Xuroson hududi Afg‘oniston, Pokiston, Eron va Markaziy Osiyoning ayrim mintaqalarini qamrab oladi.

Bu kelib chiqishi Arab dunyosida bo‘lgan guruhning ilk bor "hududlarni kengaytirish" da‘vosi edi.

IShID Afg‘oniston Toliblariga qarshi kurashishga ahd qilgan ilk guruh edi.

Muqaddam Al Qoida rahbarlari mamlakatga kiritilgan va ular Toliblarning rahbari "Amirul mo‘minin" Mullo Muhammad Umarga loyiq "mehmonlar" deb ko‘rilgandi.

Ammo IShID Toliblarga ochiqchasiga qarshi chiqdi, bu guruh Pokistonning josuslik xizmati ISIni qo‘llab-quvvatlaydi deya targ‘ibot boshladi.

Toliblar esa IShIDni "muqobil jihod jabhasi"ni ochishda aybladi.

IShID rahbariga yo‘llangan ochiq xatda Toliblar "o‘z g‘alabalarini himoya qilishlari" haqida aytdi.

IShID bir hafta o‘tib javob qildi.

Unda Liviya, Suriya va Xurosondagi muxoliflar tilga olinib, bu guruhlar "diniy jinoyatga" qo‘l urganlikda ayblandi.

IShID o‘z jangarilarini "tavba qilmagan va Xalifalikka qo‘shilmaganlarga" nisbatan mutlaqo shafqat va rahm qilmaslikka buyurdi.

Vaziyat Toliblar uchun qanchalar jiddiy?

Image copyright AP
Image caption Afg‘oniston Toliblari

Toliblarning qudrati hech qachon boshqa bir jangari guruh tomonidan bu qadar muxoliflikka uchramagan edi.

O‘z bo‘lgan jangarilarning IShIDga ommaviy qo‘shilib ketish ehtimoli Toliblar uchun eng dahshatli tushday bir gap.

Bu ehtimolning oldini olish uchun Toliblar dushmanga qarshi ham g‘oyaviy va ham jangovor kurashni kuchaytirishgan.

IShID o‘z safiga yollash uchun tajavuzkorana usullarni ishga solgan.

Bu guruh asosan Toliblar safidan chetlashtirilgan yoki quvilgan jangarilarni yollash nishoniga aylantirmoqda.

Toliblar ichida Mullo Muhammad Umar o‘limi e‘lon qilinishi va yangi rahbar tayinlanishi ortidan yuzaga kelgan parchalanish IShID uchun ayni muddao bo‘lgani ekani aytiladi.

Bundan tashqari IShID ixtiyoridagi moliyaviy imkoniyatning ko‘pligi ham qo‘l kelmoqda.

Yosh, asosan ishsiz afg‘onlar oyida 500 AQSh dollariga teng maosh uchun ayni guruh saflariga ko‘shilmoqda.

Ammo IShIDning Afg‘onistondagi faoliyati va kelajagi bevosita uning Suriya hamda Iroqdagi taqdiri bilan bog‘liqdir.

Xabarlarga ko‘ra,Toliblar safidagi aksariyat jangarilari hozircha kutib turishni ma‘qul ko‘rishmoqda.

Ayrim jangarilar IShID safiga ochiqcha o‘tgach, Toliblarning qahriga duchor bo‘lishdan cho‘chishadi.

Pokistonning qudratli armiyasidagi unsurlar ham bu ikki raqib guruh muhorabasida hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin.

IShID Amirlikka qarshi

Image copyright AP
Image caption Bugun Tolibon, ertaga...

Ayni guruhlar bir necha madaniy va g‘oyaviy farqlarga ega.

IShID panislomchi tashkilot bo‘lib, global jihod g‘oyasini targ‘ib qiladi.

IShIDga ko‘ra, jihoddan maqsad barcha musulmon mamlakat va hududlardan yagona davlat yaratishdir.

Toliblar esa o‘z maqsadi faqat Afg‘oniston bilan cheklanganini urg‘ulaydi.

Afg‘onistonni "xorijiy istilochilar"dan tozalash Toliblar kurashining asosidagi maqsad ekani aytiladi.

IShID rahbari Bag‘dodiy esa o‘zini xalifa, ixtiyoridagi hududlarni xalifalik deb e‘lon qilar ekan, hamma musulmonlarning unga bayyat keltirishini istaydi.

"Xuroson"ga atalgan video targ‘ibotida IShID dunyoda ikki xalifa bo‘lishi mumkin emasligi, bir loyig‘i topilgach boshqasi yo‘q qilishini lozimligini urg‘ulaydi.

G‘oyalarda ham bu ikki guruh farqlanadi.

Tolibon an‘anador diniy harakat bo‘lib, Hanafiy mazhabidagi sunniylardan tashkil topgan.

Afg‘onlarning aksariyati hanafiylardir.

Toliblar so‘fiylikni inkor etmaydi va shialarga qarshi mazhabiy zo‘ravonliklardan tiyilishadi.

IShID esa vahhobiy – salafiylardan tashkil topgan, so‘fiylikka qarshi va shia mazhabidagilarni kofir deb sanaydi.

Dron hujumlari

Image copyright AFP
Image caption Dron hujumlari o‘nlab IShID jangarilari o‘ldirgan

Afg‘onistondagi IShID jangarilari uchun dron hujumlari jiddiy muammoga aylangan.

IShID Xuroson hokimi deb sobiq Pokiston toliblarining qo‘mondoni Hafiz Said Xon va uning o‘rinbosari etib Abdul Rauf Xademni tayinlashidan ikki hafta o‘tmay Xadem AQShning dron hujumida qurbon bo‘ldi.

Fevralda ro‘y bergan bu voqea ortidan ko‘p o‘tmay, xuddi shunga o‘xshash hujumda uning o‘rniga tayinlangan shaxs ham o‘ldirildi.

Iyul oyida IShIDning yana bir ko‘zga ko‘ringan qo‘mondoni, Pokiston toliblarining sobiq qo‘mondonlaridan biri Shahidullah Shahid Nangarhor viloyatida AQSh havo hujumida jonidan ayrildi.

Oradan bir necha kun o‘tib esa, Afg‘oniston xavfsizlik xizmati Hafiz Said Xon ham o‘zining 30 nafar jangarisi bilan shu mintaqada, yana AQSh dron hujumida qurbon bo‘lganini ma‘lum qildi.

O‘tgan yil davomida IShIDning mingdan ortiq jangarisi AQShning dron hujumlarida o‘ldirilgani aytiladi.

IShI jangarilari shafqatsiz qatllari bilangina emas, balki o‘z muxoliflarining uylariga o‘t berish, mollarini talash bilan ham nom chiqarishgan.

Janubiy va Markaziy Osiyodagi ayrim jangarilar IShIDning xalifalik g‘oyasiga oshiq bo‘lishgani bilan, aksariyat guruhning shafqatsiz jang usullariga qarshidir.

Endi nima bo‘ladi?

Image caption Mintaqa uchun Toliblar IShIDdan yaxshiroqmi?

IShIDning Afg‘onistonda bo‘y ko‘rsatishi Toliblar uchun yirik muammodir.

Ammo ayrim sohalarda Toliblar uchun ayni guruh "yordamchi" ham bo‘ldi.

Toliblar mintaqadagi bir necha davlatlar bilan muloqotga kirishib, ularga IShIDni "yaqin yo‘latmaslik" va‘dasini berishdi.

Eron, Xitoy va Rossiya kabi qudratli davlatlar Toliblarga nisbatan siyosatlarini qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘ldilar.

IShID esa shundoq ham jangari guruhlar kam bo‘lmagan mintaqada ancha qiynalib qolgani tayin.

Ammo agar IShID Afg‘onistonda muvaffaqiyatga erishadigan bo‘lsa, bu mamlakatdagi tinchlik jarayoniga doir barcha umidlarni puchga chiqaradi.

Kengroq mintaqada xavfsizlik vaziyati yomonlashadi.

Hukumatlar IShIDga qarshi yagona reja ishlab chiqishmas ekan, nafaqat Afg‘oniston, balki butun mintaqaning kelajagi anchayin qorong‘u ko‘rinadi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq