O‘ktam Pardayevni ozod qilishga yangi chaqiriq

Image copyright none

"O‘zbekiston hukumati zudlik bilan hech qanday shartlarsiz inson haqlari faoli O‘ktam Pardayevni qo‘yib yuborishi kerak", deydi "Paxta kampaniyasi" (Cotton Campaign) tashkiloti. Tashkilot faolga qarshi ilgari surilayotgan ayblovlar "soxta" ekani va ular imkon qadar tezlikda bekor qilinishi kerakligini aytgan.

Pardayev 15 noyabrda hibs qilingan va qator xalqaro inson huquqlari guruhlarining uni ozod qilishga oid chaqiriqlariga qaramay, qamoqda qolmoqda.

37 yoshli inson huquqlari faoli mahalliy poraxo‘rlikni fosh qilgan va paxta dalalaridagi bolalar va kattalarning majburiy mehnati bo‘yicha kuzatuv olib borgan.

"Biz O‘zbek hukumatini majburiy mehnatni to‘xtatishga va faollar, jurnalistlar va mustaqil kuzatuvchilar qo‘rqlarsiz inson haqlari bo‘yicha xavotirlarni o‘rganish va xabar qilishlariga izn berishga chaqiramiz", deydi Xalqaro mehnat huquqlari forumi rahbari Judi Gerxart.

Bundan oldin Markaziy Osiyodagi inson huquqlari bo‘yicha uyushma, Hyuman Rayts Votch, Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro sheriklik tashkiloti va Norvegiyaning Xelsinki qo‘mitasi ham qo‘shma bayonot chiqarib, Pardayevga qarshi ochilgan jinoiy ish to‘xtatilishini talab qilgandi.

Qarorgohi Londonda joylashgan Amnesty International tashkiloti ham jizzaxlik faol inson huquqlarini himoya qilgani uchun jazolanayotganini aytgandi.

Yangi himoyachi

Faolning ukasi Sharof Pardayev BBCga gapirarkan, akasining himoyasi uchun yangi himoyachi yollaganini aytadi.

"Bu advokat 2011 yili ukam O‘tkir Pardayevning mahkamasida uni himoya qilgandi. Yaxshi ishlagandi. Shuning uchun, uni qidirib topib bordik. Endi shu yangi himoyachi akamga ham yordam beradi, deb umid qilyapmiz, unga ham bosimlar bo‘lmasa-da... Shanba kuni oldiga kirib chiqdi. Ahvoli yaxshiligini aytdi. Bir soatlar gaplashgan", deydi Sharof Pardayev.

O‘ktam Pardayev 15 noyabrda Jizzax viloyati Do‘stlik tumani militsiya xizmatchilari tomonidan olib ketilgan va uning uyida tintuv o‘tkazilib, kompyuter protsessori, noutbuk, fotoapparat, fleshka va disklar olib ketilgan.

O‘shandan beri uning yaqinlari bilan uchrashishiga izn berilmayapti. "Bizni kirgizgani ham yo‘q, uchrashtirgani ham yo‘q o‘shandan beri. Mana 35 kun bo‘ldi", deydi Sharof Pardayev.

Unga ko‘ra, hali ish qaysi bosqichga yetganini aniqlashning imkoni bo‘lgani yo‘q.

"Yangi himoyachi tergovchini topa olmayapti. Uch marta keldi izlab, joyida yo‘q ekan. Undan avvalgi himoyachi ham ikki bor kelib, tergovchini topa olmagandi".

18 noyabr kuni unga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 168 va 211 moddalari - firibgarlik va pora olish bo‘yicha ayblov e‘lon qilingan.

Pardayevning ishini yaqindan kuzatib kelayotgan jurnalist va muxolifat faoli Malohat Eshonqulova: "O‘ktam o‘ziga qo‘yilayotgan ayblovlarni inkor qilib kelmoqda. Va ularga iqror bo‘lish niyati ham yo‘q", deydi.

O‘ktam Pardayev avvalroq mahalliy rasmiylarning o‘ziga chiqish vizasi bermaslik qarori yuzasidan mahkamaga shikoyat qilgan va OVIR bilan sudlashayotgan edi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq