Rossiya: "Turkiyaning kiyimlari ham taqiqlansin"

Image copyright Oyku Altuntas

Bunday taklif bilan Rossiya Sanoat va savdo vazirligi chiqqan.

Vazirlik Turkiyadan kelayotgan yengil sanoat mahsulotlarining 70-80 foizchasi taqiqlansin, demoqda.

Bu haqda Rossiya Sanoat va savdo vaziri muovini Viktor Yevtuxov bildirgan.

Uning aytishicha, o‘z takliflarini allaqachon Rossiya hukumati ixtiyoriga ham havola etishgan.

"Biz o‘z taklifimizni kiritdik. Hukumatning bu borada qanday qarorga kelishi borasida men hozir aniq bir narsa deya olmayman", - deb aytgan Viktor Yevtuxov Rossiyaning "Interfaks" axborot agentligiga.

Shu oy boshida Rossiya rahbariyati Turkiyaga qarshi iqtisodiylari doxil turkum jazo choralari kiritishga qaror qilgandi.

Bunga 24 noyabr kuni Turkiyaning Suriya bilan o‘zaro chegarasida Su-24 Rossiya qiruvchi uchog‘ini urib tushirgani sabab bo‘lgandi.

Kim haq?

Turkiya tomoniga ko‘ra, uchoqni haqli ravishda urib tushirishgan.

Rasmiy Anqaraning bayon qilishicha, qiruvchi uchoq o‘z havo hududlarini buzib kirgan va o‘z yo‘nalishini o‘zgartirish talabiga quloq tutmagan.

Ammo, Rossiya hukumati umuman boshqacha fikrda: Ularga ko‘ra, Su-24 Suriya osmonida bo‘lgan va Turkiya tomoniga o‘tmagan.

Rossiya buni tajovuzkorlik, deb baholagan, Turkiyaning o‘zini esa, terrorchilarning hamtovog‘i ekanlikda ayblagandi.

Hodisada qiruvchi uchoqning ikki uchuvchisidan biri halok bo‘lgandi.

Uchoqdan parashyutda yerga sakragan ikkovlonni qutqarish uchun yo‘lga qo‘yilgan maxsus amaliyot chog‘ida ham bir rus harbiysi qurbon bo‘lgandi.

Yuz bergan voqea qisqa vaqtning o‘zida ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarga jiddiy raxna solishga ulgurgan.

Rossiya hukumati sanoqli kunlarning ichida Turkiyaga qarshi qator iqtisodiy sanktsiyalar kiritgan.

Image copyright AP

Turkiyadan kelayotgan meva va sabzavotlarga taqiq qo‘ygan, turk shirkatlarida ishlashni cheklagan.

Turkiyaga uyushtirilayotgan sayohatlarni ma‘n qilgan, charter reyslarni bekor qilgan, turk yuk mashinalari va Qora dengizdagi yuk kemalari ustidan nazoratni kuchaytirgan.

Bundan tashqari, Rossiya kelasi yil 1 yanvaridan boshlab Turkiya bilan ikki o‘rtadagi vizasiz tizimni bekor qilishga ham qaror qilgan.

3 dekabr kuni qilgan televizion murojaatida esa, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Turkiyani hali qilgan ishlaridan yaxshigina pushaymon bo‘lishlari bilan ogohlantirgandi.

Rossiyaning amallariga "og‘ir-bosiqlik bilan javob qaytarishi"ni bayon qilib kelayotgan Turkiya hukumati yaqinda qarshi jazo choralari masalasini muhokama etishganini ma‘lum qilgan.

Ammo so‘z Rossiyaga qarshi aynan qanday sanktsiyalar xususida ketayotgani tafsilotlarini ochiqlamagandi.

Shunda ham...

Rossiya hukumati Turkiyaga qarshi o‘zining sanktsiyalarini e‘lon qilgan paytda Sanoat va savdo vazirligi ular yengil sanoat mahsulotlarini ko‘zda tutmasligini bayon qilgandi.

Turkiya qishloq xo‘jalik mahsulotlaridan keyin Rossiyaga eng ko‘p yengil sanoat tovarlarini eksport qiladi.

Deylik, o‘tgan to‘qqiz oy ichida Turkiyadan Rossiyaga qiymati 562 million dollarga teng mato, kiyim-kechak va poyafzal keltirilgan.

Rossiya chetdan import qilayotgan ja‘mi yengil sanoat mahsulotlarining 10 foizga yaqini esa, Turkiyaning hissasiga to‘g‘ri keladi.

Oralaridagi munosabatni qayta tiklash uchun o‘tgan hafta Rossiya Turkiya tomoniga uchta shart bilan chiqqandi.

Image copyright GETTY

Jumladan, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi o‘zini haq, deb turib olgandan ko‘ra, Turkiya urib tushirilgan Su-24 uchog‘i uchun tovon puli to‘lashi, uzr so‘rashi va bu kabi voqea qaytib takrorlanmasligiga kafolat berishi lozimligini bayon qilgandi.

Ammo avvalboshdan qilgan ishlari uchun "pushaymon" emasliklarini ta‘kidlab kelayotgan rasmiy Anqara bu gal ham Rossiyadan kechirim so‘rash istagida emasliklarini aytib chiqqandi.

Buning ortidan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Moskvadagi yillik matbuot anjumani chog‘ida Turkiya borasida gapira turib, o‘ta qo‘pol, hatto haqoratli so‘zlarni ishlatgan: "Turklar amerikaliklarning bir joyini yalashga qaror qilishdi", – deb aytgandi.

Janob Putin bundayin "dushmanona ish" ortidan, Turkiya va Rossiya aloqalari yaxshilanishi istiqbollarini "ko‘rmayotganini" ham qistirib o‘tgandi.

Shundoq ham diplomatik tili bilan og‘izga tushmagan Rossiya prezidentining bu kabi haqoratomuz iborasi ko‘pchilik uchun kutilmagan bo‘lgan, Turkiya tomoni esa, hozircha, bu xususda biror bir rasmiy izoh bilan chiqmagan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq