Xalqaro mahkama Oxus Goldning O‘zbekistonga qarshi da‘volarini qondirmadi

Image copyright Reuters

Britaniyaning Oxus Gold ma‘dan shirkat moliya bozorlaridagi o‘z hissalari savdocini to‘xtatishga majbur bo‘lgan.

Bunga O‘zbekiston hukumatga qarshi mahkama ishida shirkatning yutqizgani sabab bo‘lgan.

Bugunda shirkat kelajagi savol ostida qolgan va hissalari narxi keskin tushib ketishi mumkin.

Oxus Gold 2013 yilning avgustida Parijdagi xalqaro arbitrajga murojaat qilgandi.

"Amantaytau Goldfilds" qo‘shma korxonasi nomi ostida ish yuritgan shirkat O‘zbekiston hukumatini o‘z sarmoyalarini noqonuniy ravishda olib qo‘yganlikda ayblagandi.

Bundan tashqari Oxus Gold O‘zbek hukumati shirkat va uning homiyligi ostida faoliyat yuritgan korxonalarga adolatsiz munosabat qilgani va ularni himoya qilmaganini ham da‘vo qilgan. Ya‘ni, bu bilan hukumat xorijiy sarmoyadorlar oldidagi majburiyatlarini bajarmagani aytilgan.

Oxus Gold o‘ziga yetkazilgan zararlari uchun 400 million AQSh dollari miqdoridagi tavon puliga ko‘z tikkandi.

So‘nggi bayonotida bildirilishicha, Parijdagi xalqaro arbitraj shirkatning aksar da‘volarni qondirmagan.

Mahkama faqat sarmoya yotqizishga oid ikkitomonlama shartnomaning "xolis va adolatli munosabat"ga oid qoidasi buzilgan, deb topgan va O‘zbekiston shirkatga 10 million dollar to‘lashi borasida qaror chiqargan.

Shirkat aynan shu o‘zi hisobiga chiqarilgan ijobiy qaror ekanini aytadi.

Umumiy olganda, Oxus Gold mahkama chiqargan hukmdan xafsalasi pir bo‘lganini bildiradi va shirkat himoyachilari hissadorlar manfaatlari muhofazasi yo‘lidagi faoliyatini davom etishini ham ta‘kidlaydi.

Hozirgi bosqichda Oxus Gold o‘z biznesini davom ettiradimi yo‘qligi qorong‘u qolmoqda.

Bayonotda, shuningdek, sobiq xodimlaridan biri O‘zbekistondagi qamoqda ekani ham tilga olingan.

"Amantaytau Goldfilds"ning sobiq bosh geologi janob Said Ashurov qamoqda qolmoqda", deyiladi bayonotda.

Said Ashurov O‘zbekistonda josuslikda ayblanib, 2011 yil avgustida 12 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi.

Shirkat buni "adolatsiz va nomaqbul" chiqarilgan hukm sifatida ta‘riflaydi.

Ashurovning ishi Parijdagi xalqaro arbitrajga qo‘yilmagandi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq