Rossiya: "Tolibon bilan manfaatimiz bir"

Image copyright

Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Afg‘onistondagi maxsus vakili Zamir Kabulov bayon qilgan.

Rossiyalik yuqori martabali bu diplomatning aytishicha, mamlakati Tolibon harakati kabi Afg‘onistondagi IShID guruhiga qarshi kurashdan birdek manfaatdor.

"Bu masalada toliblarning qiziqishlari shundoq ham bizniki bilan mos keladi. Axborot almashish uchun toliblar bilan lozim kanallarga ega ekanimiz haqida esa, bundan avval ham aytganman", - deya bayon qilgan Rossiya prezidentining maxsus vakili.

Zamir Kabulovga ko‘ra, Rossiya Afg‘onistonga qurol-yarog‘ yetkazishga ham tayyor.

Rossiya tomoni, o‘z o‘rnida, Afg‘onistondagi Nato kuchlarining afg‘on harbiylarini tayyorgarlikdan o‘tkazish ishlaridan ham qoniqish hosil qilmagan.

Prezident Vladimir Putin maxsus vakilining so‘nggi chiqishi esa, Afg‘oniston Tolibon harakati janubiy Helmand viloyatining yirik tumanlaridan biri – Sanginni deyarli bosib olgan bir manzarada yangramoqda.

Helmand Qandahor viloyati bilan birga Afg‘onistonda Tolibon harakatining ikkita asosiy tayanch nuqtasidan bittasi sifatida ko‘riladi.

So‘nggi paytlarda Rossiya hukumati Afg‘onistonning aksariyati Markaziy Osiyo davlatlariga bevosita chegaradosh shimoliy-sharqiy mintaqalaridagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyatdan jiddiy xavotirga tushib qolgan.

Image copyright Reuters

Rossiya tomoni Afg‘onistondan kelayotgan tahdid borasidagi tashvishlarini, hatto, prezidenti Vladimir Putin darajasida bayon qilishgacha borgan.

Jumladan, janob Putin so‘nggi yillardagi chiqishlarida Afg‘onistondagi vaziyatning Iroqdagisi kabi tus olib ketishidan jiddiy xavotir izhor etib keladi.

Afg‘oniston shimoli-sharqida joriy yil boshidan buyon noodatiy ravishda toliblarning nihoyatda faollashgani kuzatiladi.

Xuddi shu manzarada afg‘onistonlik mas‘ullar IShID jangarilarining ham mintaqaga kirib kelishga muvaffaq bo‘lishganini aytishadi.

Ular bu jangarilarning aksariyatini o‘tgan yil sentyabr oyida IShID guruhiga to‘lig‘icha rasman bay‘at keltirgan O‘zbekiston Islomiy Harakati a‘zolariga nisbat berishadi.

Ammo, ayni o‘rinda ta‘kidlash joiz, Rossiya diplomatining so‘nggi chiqishi Afg‘oniston Tolibon harakatining IShID bilan munosabatlari ziddiyatli bo‘lgan bir vaziyatga to‘g‘ri kelmoqda.

Bir tomondan, joriy yilda Tolibon harakati "IShID jangarilari" bilan uyushtirishga muvaffaq bo‘lgan yirik hujumlar va muayyan muddatga bo‘lsin, qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan ustma-ust muvaffaqiyatlari ham aynan Afg‘onistonning shimoliy-sharqiy viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Boshqa tarafdan, so‘nggi paytlarda Afg‘onistonning qator janubiy, janubiy-sharqiy va sharqiy viloyatlarida kuzatilayotgan qaqshatqich janglar aynan toliblar va IShID jangarilari orasida kechayotgani kuzatiladi.

Mavjud holatga baho bergan xalqaro harbiy tahlilchilar esa, Afg‘onistonda bugun shakllangan vaziyatning nihoyatda chigalligi va afg‘on hukumatining yangi paydo bo‘layotgan xavfga bardosh berishi oson bo‘lmasligi bilan ham ogohlantirishadi.

Xavotirlar

Image copyright Reuters

Xuddi shu manzarada Rossiya hukumati afg‘on hukumatiga rasmiy bayonot bilan chiqqan va ularni Afg‘oniston shimoli-sharqiga xavfsizligiga jiddiy e‘tibor qaratmayotganlikda ayblab chiqqandi.

Rossiya prezidenti esa, xorijiy ittifoq qo‘shinlarining ommaviy safarbarligi ortidan Afg‘onistondagi vaziyat oson bo‘lmasligi bilan ogohlantirib, agar, lozim bo‘lsa, mamlakati u yerdagi vaziyatni barqarorlashtirishda ko‘mak berishga hozir ekanini ham bayon qilgandi.

Bundan tashqari, Rossiya o‘ziniki doxil sobiq Sho‘ro davlatlaridan Suriya va Iroqqa jang qilish uchun ketayotgan odamlar sonining ortib borayotganidan ham xavotirda.

Rasmiy Kreml, bir tomondan, ayni shu tashvishlari bois ham, shu yil sentyabr oyida IShIDning Suriyadagi nishonlariga qarshi qaratilgan havo hujumlariga qo‘shilganligini aytadi.

Rossiya yaqinda IShID bilan birga Suriyada faol bo‘lgan "Nusrat jabhasi" guruhini ham "terrorchi va ekstremistik tashkilot", deb e‘lon qilgan.

Bu ikki guruhning o‘z hududida faoliyat yuritishini rasman taqiqlagan.

Rasmiy manbalarda Yaqin Sharqda IShID guruhi saflarida jang qilayotgan Rossiya fuqarolarining soni 1.500 atrofida ekani taxmin etiladi.

O‘tgan oy Rossiya Federal Xavfsizlik Byurosi rahbari muovini va milliy aksilterror qo‘mitasi boshlig‘i Yevgeniy Sisoyev esa, yanada jiddiyroq bayonot bilan chiqqandi.

Rossiyalik yuqori martabali xavfsizlik mulozimi Yaqin Sharqdagi IShID guruhining Afg‘oniston shimolida o‘z viloyatiga asos solish rejasi Markaziy Osiyo, Eron va Xitoyga tahdid solmay qo‘ymasligi bilan ogohlantirgandi.

Janob Sisoyevning ta‘kidlashicha, boshqa terrorchi guruhlar qatorida "shu yil yil yanvar oyida Xuroson amirligini barpo etajagini e‘lon qilgan IShID ham Afg‘onistonda o‘z mavqe‘larini mustahkamlamoqda".

"IShIDning ushbu rejasiga muvofiq, Afg‘oniston islomiy kvazidavlatning yangi viloyatini tashkil etishda boshlang‘ich maydoncha vazifasini o‘tashi lozim. Uning tarkibiga esa, Afg‘onistondan tashqari, O‘zbekiston, Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Xitoyning shimoliy-g‘arbiy viloyatlarini qo‘shib olish rejalangan", - deb aytgandi janob Sisoyev.

Uning bu so‘zlari Markaziy va Sharqiy Ovro‘po, shu jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari prokurorlari xalqaro uyushmasining Sochida bo‘lib o‘tgan 7-mintaqaviy anjumani chog‘ida yangragandi.

Rossiyalik yuqori martabali xavfsizlik mulozimining nazdida, "Turkmaniston islomiy partiyasi" kabi Afg‘onistonda faoliyat yuritayotgan boshqa terrorchi guruhlarning ham "Islomiy Davlat" saflariga o‘tishi mavjud tahdidga asos solgan yana bir omilga aylangan.

Yevgeniy Sisoyevga ko‘ra, bu kabi holat Suriya, Iroq va Afg‘onistonga intilganlari doxil Markaziy Osiyo fuqarolari orasida ham terrorchilar tarafdorlari sonining ortishiga xizmat qilishi mumkin.

Ammo, eng qizig‘i, xuddi o‘sha chiqishida Rossiya milliy aksilterror qo‘mitasining rahbari Afg‘oniston Tolibon harakatining joriy paytda qanchalik faollashib borayotganiga ham diqqat qaratgan.

Harakat Afg‘onistonning janubi, janubi-sharqi, shimoli va markazidagi strategik jihatdan muhim tumanlarda o‘z mavqeini mustahkamlab olayotganini aytgandi.

Lekin, shunga qaramay, o‘tgan 13 yil davomida Rossiya Afg‘onistonga o‘z harbiy qo‘shinlarini yubormagan.

Faqat ta‘minot ishlari va AQSh bilan hamkorlikda Afg‘oniston xavfsizlik kuchlarini qurollantirish ishlariga bosh qo‘shib kelgan.

Afg‘onistonni qayta tiklash harakatlarida moliyaviy jihatdan ko‘mak bergan.

Orada Afg‘onistonning Sho‘rolar davridan qolgan 10 milliard dollardan oshiqroq qarzidan ham butkul voz kechgan.

Image copyright AFP

Sobiq Sho‘rolar Ittifoqi ham 10 yillik harbiy hozirligi ortidan, 1989 yilda Afg‘onistonni tashlab chiqishga majbur bo‘lgan.

Buning ortidan, Afg‘oniston bir necha yilga cho‘zilgan qonli fuqarolar urushiga botgan va alal-oqibat bularning barchasi 1996 yilda qudratga toliblarning kelishi bilan yakun topgandi.

Joriy paytda dunyodagi eng boyvachcha va qudratli guruh sanalayotgan IShID esa, shu yil boshida Afg‘onistonga shundoq qo‘shni Pokistonda o‘zining Janubiy Osiyodagi tarmog‘iga asos solgan va orada kechgan vaqt davomida aksariyatini sobiq toliblar tashkil etuvchi yuzlab yangi a‘zolar yollashga muvaffaq bo‘lgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq