Rossiya: ayrim Turk shirkatlari ishlashiga ruxsat berildi

Image copyright AFP
Image caption Turk shirkatlariga Davlat Dumasi binosini ta‘mirlashga ruxsat etilgan

Rossiyaning Turkiyaga qarshi joriy etgan jazo choralariga qaramasdan, 53 Turkiya shirkatiga Rossiyaning muhim binolarini qayta qurish ishlarini davom ettirishga izn berilgan.

Bu haqdagi Rossiya hukumati bayonoti e‘lon qilingan.

Rossiya matbuoti xabar tarqatishicha, taqiq joriy etilmaydigan Turkiya shirkatlari 2016 yilning 1 yanvaridan Rossiyaning turli hududlaridagi qurilish va qayta qurish ishlarini davom ettiradilar.

Bu hududlar Boshqirdiston, Tatariston, Krasnodar o‘lkasi, Vladimir, Kaluga, Moskva, Nijegorodskiy, Samara va Tyumen viloyatlari, Yamal-Nenets muxtor o‘lkasi, Moskva va Sankt-Peterburg shaharlari va Rossiya anneksiya qilib olgan Qrimdir.

Moskvada nashr qilinadigan "Kommersant" ro‘znomasi xabariga ko‘ra, Rossiyada ishlashga izn berilgan Turkiya shirkatlari Rossiya hukumati bilan muzoq muddatli shartnomalarga ega bo‘lgan shirkatlardir.

Ro‘znoma bundan keyin ham Rossiyadagi faoliyatini Enka, IC Ictas, Renaissance Construction, Ant Yapi, Mebe va Odak Group shirkatlari davom ettirishini xabar qilgan.

Bu shirkatlar Moskvadagi Davlat Dumasi binosini, "Moskva-Siti" majmuasining bir qismini, Sankt-Peterburg shahrining Pulkovo aeroporti va Qozon shahridagi Qul Sharif masjidini ta‘mirlash bilan shug‘ullanadilar.

Shu yil 24 noyabr kuni Rossiya harbiy uchog‘i Turkiyaning Suriya bilan chegaradosh hududida urib tushirildi.

Turkiya harbiylari ogohlantirishlarga qaramasdan, Rossiyaning Suriyada joylashtirilgan harbiy bazasidan parvoz qilgan Su-24 uchog‘i Turkiya havo hududini buzib kirgani haqida xabar qilganlar.

Rossiya Mudofaa vazirligi o‘z uchog‘i Turkiya havo hududini buzganini rad etadi.

Uchoq mojarosi ortidan Rossiya Turkiyaga nisbatan sanktsiyalar kiritdi.

Turkiya sohillarida hordiq chiqarayotgan rossiyaliklar vataniga qaytishga majbur bo‘ldilar, Rossiya hududida faoliyat yuritayotgan turk biznesmenlariga bosimlar boshlandi.

Rossiya Turkiyadan meva-sabzavot va tovuq go‘shtlari kiritilishini taqiqladi.

2016 yil 1 yanvaridan Turkiya bilan vizasiz tartibni ham bekor qilish qarori qabul qilindi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq