Qozog‘iston Eron va Saudiya mojarosidan tashvishda

Image caption Rasmiy Ostona mazhablararo ziddiyatning yoyilishidan xavotir bildirgan

Qozog‘iston tashqi ishlar vazirligi Yaqin Sharq mintaqasidagi vaziyatdan tashvish izhor qilgan.

Vazirlik o‘z bayonotida Eron va Saudiya Arabistoni, shuningdek, mintaqadagi boshqa davlatlar rahbariyatini mazhablararo tanglikning yoyilishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirgan.

"Jahon hamjamiyatining mas‘uliyatli a‘zosi sifatida Qozog‘iston Saudiya Arabistoni Qirolligi va Eron Islom Respublikasi o‘rtasidagi munosabatlarda tanglikning kuchayishidan xavotir izhor qiladi", deyiladi rasmiy Ostona e‘lon qilgan bayonotda.

Qozog‘iston "mintaqaning qardosh davlatlari" - Saudiya Arabistoni va Eronni siyosiy muloqotni yo‘lga qo‘yish va diplomatik munosabatlarni tiklashga chaqirgan.

Bayonotda shuningdek, xorijiy davlatning diplomatik vakolatxonasiga hujumni qabul qilib bo‘lmasligi ta‘kidlanadi.

Rasmiy Ostonaga ko‘ra, yuzaga kelgan tanglikning yagona yechimi diplomatik yo‘ldir.

Qozog‘iston Eron va Saudiya mojarosiga munosabat bildirgan birinchi Markaziy Osiyo davlati bo‘lgan.

Shu hafta boshida Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon Ar-Riyodga safar qilgan, ammo Eron-Saudiya mojarosi haqida hech qanday bayonot bermagandi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi esa Yaqin Sharqdagi vaziyat borasida sukut saqlamoqda.

Yakshanba kuni Ar-Riyod Eron bilan diplomatik aloqalarni uzganini e‘lon qilgan.

Saudiyadagi taniqli shia ulamosi Shayx Nimr al-Nimrning qatl etilishi ortidan Tehron keskin bayonotlar bilan chiqqan va Qirollikning Tehrondagi elchixonasiga hujum uyushtirilgan.

Eron Saudiyani mintaqada keskinlikni avj oldirishda ayblagan.

Saudiya va Eron Yaqin Sharqda sunniy va shialarni namoyon qiluvchi ikki yirik davlat hisoblanadi va Suriyadagi mojaroda qarama-qarshi tomonlarni dastaklaydi.

Eron ruhoniy rahbari Oyatullo Homanaiyga ko‘ra, shayx Saudiya Arabistonining sunniy rahbariyatiga muxolifligi tufayli o‘ldirilgan.

Shayx Nimr 2012 yilda hibsga olinishidan avval arab bahoridan ruhlangan aksilhukumat namoyishlarining yetakchilaridan biri edi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio