Shimoliy Koreya vodorod bombasini sinovdan o‘tkazdi

Image copyright AP
Image caption Vodorod bombasi sinovi haqida e‘lon

Shimoliy Koreya vodorod bombasini yer ostida sinovdan o‘tkazganini aytmoqda.

Ayni da‘vo tasdig‘ini topadigan bo‘lsa, bu 2006 yildan beri to‘rtinchi ommaviy qirg‘in qurol sinovi bo‘ladi.

5.1 darajali yer silkinishi yadro quroli sinovlari o‘tadigan joyga yaqin mintaqada qayd etilgan.

Shimoliy Koreya ilk bor atom bombasidan ham kuchliroq bo‘lgan vodorod bombasini sinovdan o‘tkazganini da‘vo qilmoqda.

Ammo xalqaro mutaxassislar bu da‘voning aniq tasdig‘i yo‘qligini aytishmoqda.

Shimoliy Koreya yadro raketasi bilan hujum qilishga qodirmi?

Shimoliy Koreyaning da‘volariga qaramasdan aksariyat mutaxassislar mamlakat yadro qurolini raketaga moslanadigan darajada kichraytirishga qodir ekaniga shubha bildirishadi.

So‘nggi sinov borasida nima ma‘lum?

Image copyright AFP
Image caption Shimoliy Koreya askarlari

Kuzatuvchilarning ishonishicha, so‘nggi portlash yadroviy bo‘lishi mumkin. Portlash 2013 yilgi sinovdan ko‘ra yirikroq ekani ham aytilmoqda. Ammo Shimoliy Koreya da‘vo qilayotgani kabi ayni sinov vodorod bombasi ekaniga shubha bor. Portlash miqyosi mutaxassislarga ko‘ra, vodorod bombasiniki kabi yirik bo‘lmagan.

Har holatda ham, agar Shimoliy Koreya vodorod bombasini sinagan bo‘lsa, bu bir qadam ilgarilashdir.

Chunki bu bombaning vazni yengilroq, ammo portlash kuchi yirikroq bo‘lishi ma‘lum.

2013 yilgi sinov xalqaro hamjamiyat tomonidan qoralangan, BMT Xavfsizlik kengashi favqulodda yig‘in o‘tkazib, Shimoliy Koreyaning ittifoqchisi sanalgan Xitoy doxil boshqa qudratli davlatlar ham keskin tanqidlar bilan chiqishgandi.

So‘nggi sinov borasida ham Shimoliy Koreyaga tanqidlar yog‘dirilmoqda.

Shimoliy Koreyaning yaqin ittifoqchisi sanalgan Xitoy ham sinovni qoralab chiqqan.

Xitoyga ko‘ra, "ayni sinov xalqaro hamjamiyatning muxolifligini nazarga ilmagan".

Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abe Shimoliy Koreyaning so‘nggi sinovi o‘z mamlakati xavfsizligiga tahdid ekani va bunga toqat qilib bo‘lmasligini aytgan.

AQSh Shimoliy Koreyani xalqaro majburiyatlarini bajarishga chaqirgan.

Vashington bu kabi ig‘vogarlikni javobsiz qoldirmasligini urg‘ulagan.

BMT Xavfsizlik kengashi chorshanba kuni ayni masala bo‘yicha yig‘in o‘tkazishi kutilmoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq