Rossiya pop yulduzlarining dastagi

Image copyright Other
Image caption Pop yulduzlari Yuliya Chicherina (Ch) va Zara (O‘) rus askarlarining ruhini kutarish uchun qo‘shiq aytmoqdalar

Suriyada xizmat ko‘rsatayotgan rus askarlari ruhini ko‘tarish uchun Rossiya estradasi yulduzlarining ishtiroki davlat televideniyesi tomonidan "yulduzlar tezkor kuchi" deb nomlangan.

Latakiya yonidagi Hmeymim havo bazasida kuylagan xonandalar orasida Yuliya Chicherina bilan birga Zara ham bor edi.

"Urushda sevgi uchun ham joy bor", deb kuyladi Ural tog‘larining rok yulduzi Yuliya Chicherina.

Uning orqasida qumga to‘la xaltalar to‘plangan va butun manzara kontsert xarbiy holatda o‘tayotganidan taasurot qoldiradi. Yuliya gitarasini chalib turganida, kamera uning ko‘ksidagi yaltirab turgan medallarni ko‘rsatadi.

Yuliya Chicherina Duma deputati va artistlarning faxriysi Iosif Kobzon bilan birga isyonchilar ushlab turgan Sharqiy Ukraina va Rossiya tomonidan tortib olingan Qrimda kontsert bergani uchun Ukraina tomonidan qora ro‘yxatga kiritilgan bir necha xonandalardan biridir.

Image copyright Getty Images
Image caption Yuliya Chicherina Qrimda ham kontsert bilan chiqqan

Yangi yil arafasida Hmeymim havo kuchlari oldida pop musiqasi yulduzi Zara ham kuylagan.

Ushbu ikki kontsert chog‘ida harbiy kuchlarning o‘zlari ham chiqish qilishgan. Harbiy orkestr musiqasida dengizchilar raqsga tushayotganlari ko‘rsatildi.

Artistlar dastagi

Rossiya generallari uchun qo‘shinlarning jangovar ruhini ushlab turish o‘ta muhim.

Rossiya Suriya Prezidenti Bashar al-Assad kuchlari va uning Eron bilan Livanning Hezbulloh kabi ittifoqdoshlariga aksil-hukumat isyonchilar va IShID jihodiy guruhiga qarshi kurash olib borishda yordam bermoqda.

Yangi yil oldi yo‘llagan tabrigida Prezident va harbiy kuchlar bosh qo‘mondoni Vladimir Putin askarlarni "olis hududlarda xalqaro terrorizmga qarshi va Rossiya milliy manfaatlarini muhofaza qilayotgan harbiy kuchlarimiz" deya alohida tabrikladi.

Suriyaga safar qilgan sa‘natkorlar ham yig‘ilgan harbiylarga o‘z dastaklarini izhor etganlar.

"Men askarlarimizdan juda ham minnatdorman, ular terrorizm xavfi mamlakatimiz chegaralariga yetib kelmasligini oldini olish uchun, har kuni o‘zlarini qurbon qilishmoqda",- dedi Zara Gazeta.ru saytiga.

Suriyadagi kontsertlarni yoritgan Rossiya davlat telekanali mamlakat havo kuchlari katta ehtiyotkorlik bilan va muntazam ravishda IShID va boshqa "terrorchilarga" qarshi urush olib borayotganlarini astoydil uqtirishga harakat qiladi.

Image copyright Reuters
Image caption Rossiya TVsi rus bombardimonchilari "aniq zarbalarni" amalga oshirayotganlari haqida xabar beradi

"Musiqa taronalari qiruvchi uchoqlarning motorlariga hamohang", degan sarlavha bilan Rossiya birinchi kanalida yangiliklar boshlanadi.

Muxbirlar "kun va tun bo‘yi" qilinayotgan parvozlar haqida xabar qilishar, rus bombardimonchilari "aniq zarbalarni" amalga oshirayotganlariga urg‘u berishadi.

Biroq, inson huquqlari tashkilotlari Moskvani haddan ortiq kuch ishlatishda ayblashdi. Xalqaro Amnistiyaning so‘nggi tadqiqotiga ko‘ra, sentyabr va noyabr oylari davomida Rossiya havo hujumlari oqibatida kamida 200 tinch suriyalik halok bo‘lgan.

Rossiya Mudofa vazirligi bu tadqiqotni "soxta uydirmalarga to‘la" deb rad etgan.

Shubhasiz, Suriya kontsert ijrochilari Afg‘onistonda saksoninchi yillarda sovet qo‘shinlari oldida ijro etgan artistlarni eslatadi.

O‘sha paytda sovet estradasi yetakchi ijrochilaridan biri Iosif Kobzon bo‘lgan. Afg‘on urushi faxriylaridan birining eslashicha, u harbiy yuk mashinasi kuzovida turib atrofida besh xonanda qiz bilan birga ashula kuylagandi.

Image copyright APTN
Image caption Sovet estradasining faxriysi Iosif Kobzon harbiy kontsertlarda doimo ishtirok etadi

Afg‘on urushi davomida Kobzon to‘qqiz marta Afg‘onistonga safar qilgan.

Biroq, pop yulduzi Zara bilan birga kontsertda ishtirok etgan Ruslan Alexno, ba‘zi artistlar qo‘shinlarni qo‘llab-quvatlashdan bosh tortganlari haqida aytgan.

"Men ularning ismlarini oshkor qilmayman, lekin rostini aytsam, juda ko‘p artistlar borishdan bosh tortdilar", dedi u Gazeta.ru saytiga.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio