Toliblarga bas kelib bo‘ladimi?

Image caption Toliblarga bas kelib bo‘ladimi?

Afg‘oniston hukumati AQSh va NATOdagi boshqa hamkorlari bilan 14 yildan beri Toliblarga qarshi kurashadi.

Minglab jangarilari qurbon bo‘lganiga qaramasdan, bugunga kelib Tolibon mamlakatning kattagina qismini qayta egallab oldi.

Toliblarning qaytadan Afg‘onistonda jonlanayotganiga uchta sabab bor.

Birinchisi, 2014 yilda NATO va AQSh jangovar harbiy amaliyotlarni tugatib, aksariyat qo‘shinlarini mamlakatdan olib chiqarar ekan, Toliblar bombardimon va ishg‘ollardan deyarli qutilib qoldi.

Xalqaro hamjamiyat o‘z nazarini Suriya, Iroq va Ukraina kabi o‘lkalarga qaratishi ham Toliblarni bir ma‘noda quvvatlantirdi.

Ayni guruh harbiy bazalar, tuman markazlari va turfa tekshiruv nuqtalariga mamlakat bo‘ylab hujumlar uyushtirdi, natijada anchayin yirik aslahalarni qo‘lga kiritdi.

O‘nlab harbiy mashinalarni ham o‘lja oldi.

Ikkinchidan, Pokiston armiyasining Shimoliy Vaziristondagi harbiy amaliyotlari oqibatida minglab O‘zbek, Arab va Pokiston jangarilari mintaqani tark etib, Afg‘onistondagi toliblar safiga qo‘shilishdi.

Xabarlarga ko‘ra, Toliblar Pokistondan yirik sonda o‘z jangarilarini mamlakatga kiritishga muvaffaq bo‘lgan.

So‘nggi sabab shuki, Afg‘oniston xavfsizlik kuchlarida tajriba va qurol-aslaha taqchilligi bor.

Ayniqsa, havo kuchlari shakllanmagani pand beradi.

Markaziy hukumatda siyosiy qarama-qarshiliklar va hokimiyatning ojizligi ham Toliblarga qo‘l kelmoqda.

Xorijiy jangarilar

Image caption IShID Afg‘onistonda

Mamlakat bo‘ylab minglab xorijiy jangarilarning hozirligi ham vaziyatni battar tanglashtirmoqda.

Afg‘oniston mulozimlari o‘tgan yil iyun oyida mamlakatda 7000 dan ortiq xorijiy jangarilar borligini aytishgandi.

Toliblar saflarida Yaqin Sharq, Markaziy Osiyo davlatlari va pokistonlik jangarilar bor.

Bundan tashqari Afg‘onistonda o‘ndan ortiq turfa maqsadlarni ko‘zlagan jangari guruhlar mavjud.

Bu jangari guruhlarning ba‘zilari Toliblarga qarshi bo‘lsa, aksariyati ularni dastaklaydi.

IShIDning paydo bo‘lishi esa Toliblar va Al Qoidani bir-biriga ancha yaqinlashtirdi.

IShID har ikkala guruhga tahdid ekani aytiladi.

Toliblar va Al Qoidaning tub maqsadlari farqli bo‘lishidan qat‘iy nazar, ikkala guruh IShIDga qarshi kurashda hamkorlik qilmoqda.

Al Qoidaning rahbari Ayman al Zavahiriy Mullo Axtar Mansurni Toliblarning yangi rahbari o‘laroq e‘tirof etdi va boshqa jihodiy guruhlarni ham shunday yo‘l tutishga chaqirdi.

Afg‘onistondagi jangari guruhlar:

• Afg‘oniston Islomiy Amirligi – Mullo Axtar Muhammad

• Afg‘oniston Islomiy Amirligi Oliy Kengashi – bo‘lginchi Toliblar rahbari Mullo Muhammad Rasul

• Hizbi Islomiy yoki Islomiy partiya – Gulbiddin Hikmatyor

• Tehriki Tolibon –Pokistonning Toliblar guruhi

• IShID – Toliblarga asosiy muxolif guruh

• Al Qoida – Toliblar ittifoqchisi

• Lashkari Taiba – Pokiston jangari guruhi

• Lashkari Jangaviy – Pokistonning mazhabparast guruhi, asosan shialarga qarshi

• O‘zbekiston Islomiy harakati – 2015 yildan beri IShIDga aloqador

• Islomiy Jihod ittifoqi – O‘IHdan ajralib chiqqan va Toliblar ittifoqchisi

• Sharqiy Turkiston Islomiy harakati – asosan Xitoydagi uyg‘urlardan tashkil topgan guruh

Jabhalar

Image copyright EPA
Image caption Afg‘oniston hukumati kuchlariga tajriba va aslaha yetishmaydi

Toliblar endilikda uchta jabhada kurashishmoqda.

• Afg‘on hukumati va uning xorijiy ittifoqchilari

• IShID

• Toliblardan ajralib chiqqan Afg‘oniston Islomiy Amirligi Oliy Kengashi

Toliblar Afg‘oniston hukumati kuchlari hamda NATO va AQShga qarshi 2001 yildan beri kurashib kelmoqda.

O‘tgan yil yanvar oyidan boshlab esa IShID ham Toliblarga qarshi jangga kirgan.

Afg‘onistonda IShIDga loyiq guruh va jangarilar soni katta emas.

Shunga qaramay, ayni guruh Toliblar uchun boshog‘riqqa aylanib ulgurgan.

Toliblar ichida bo‘linish oqibatida paydo bo‘lgan guruh ham jiddiy muammoga aylanmoqda.

Toliblar 2015 yilda bahorgi hujumlarini ko‘proq hududlarni egallash, doimiy qarorgohlar barpo etish va ehtimoliy muzokaralarda imkon qadar yirikroq "savdolashish" uchun zamina yaratish maqsadlari bilan boshlashdi.

Ayni strategiya IShIDning Suriyadagi Raqqa va Iroqdagi Mosulda tutgan yo‘liga o‘xshab ketadi.

Ammo Toliblar yirik shaharlarni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lishmadi.

Afg‘onistonning yirik hududlari Toliblar nazorati ostiga o‘tayotgani esa avtomatik ravishda Kobuldagi hukumat inqirozini anglatmaydi.

Tinchlik muzokaralari yaqin o‘rtada boshlanishi kutilmoqda.

Kelasi hafta Afg‘oniston, Pokiston, Amerika va Xitoy mulozimlari uchrashishadi.

Bu uchrashuvdan maqsad Toliblar bilan muzokaralar uchun yo‘l xaritasini ishlab chiqish ekani aytilmoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq