Tojik somoniysini nima qutqaradi?

Image copyright Thinkstock

EurasiaNet.org tahliliy websahifasida chop etilgan maqolada aytilishicha, Tojikiston rasmiylarining milliy valyuta qiymatini saqlab qolish yo‘lida qabul qilgan qat‘iy choralarga qaramay somoniy qiymati tushishda davom etmoqda.

2015 yilning oxirgi kunida bir dollar rasmiy kursi 6.99 somoniy bo‘lsa, 6 yanvarga kelib 7.19 somoniyga chiqdi. Bu bir hafta mobaynida 2.5 foiz pasayishni anglatadi.

Banklar esa dollarning tijoriy narxini 7.7 deya taqdim etishmoqda.

Ayni vaqtda har bir kishi o‘z hisobidan 400 dollardan ko‘p dollar ololmasligi borasida cheklov ham kiritilgan.

Dekabr oyida Markaziy Bank barcha valyuta almashish xususiy do‘konlar faoliyatini to‘xtatib qo‘ygandi. Valyuta almashtirish huquqini faqatgina banklar saqlab qoldi.

Markaziy Bankning aytishicha, endilikda noqonunuiy ravishda valyuta almashtirish bilan shug‘ullanganlar katta jarimaga tortiladilar.

Shu bilan birga rasmiylar mamlakatda valyuta taqchilligi yo‘q ekanligiga aholini ishontirishga harakat qilmoqdalar.

Markaziy Bank ham valyuta almashtirish huquqiga ega bo‘lgan moliyaviy tashkilotlarni valyutani almashtirishdan bosh tortsa jarimaga tortilish yoda litsenziyadan mosuvo etilish bilan ogohlantirganlar.

Lekin bu choralar u qadar katta natija berayotgani yo‘q. EurasiaNet.org muxbirlari poytaxt Dushanbeda qator bank bo‘linmalariga borib ko‘rgan vaqtlari valyuta almashtirish huquqiga ega bo‘lgan banklar ham valyuta taklif qilish imkoniga ega emasliklariga guvoh bo‘lishgan.

Ko‘plab bank bo‘linmalari dollar sotib olmoqdalar, lekin sotmayaptilar.

"Yuan xohlasangiz marhamat, rossiya rubli ham bor, lekin dollar yo‘q", degan bank xodimlaridan biri.

Ayni vaqtda chayqov bozorida dollarning bozori chaqqon. Shu vaqtgacha shaxsiy tartibda valyuta alishtirish biznesini yuritib kelgan va o‘zining doimiy mojozlariga ega bo‘lganlar jinoiy javobgarlikka tortilish xavfi bo‘lsa ham dollarni 7.8-7.9 somonidan pullamoqdalar.

Shimoldagi So‘g‘d viloyati, xususan Xo‘jand shahrida esa bir dollar 8 somoniyga sotilayotgani haqida ham xabarlar bor.

Tahlilchilar 8 somoniy ham dollar uchun chegara emasligi, bu yil davomida ayni ko‘rsatgich 10 somoniyga chiqishi mumkinligini aytmoqdalar.

2015 yilning yanvar-sentyabr oylarida Rossiyadagi tojikistonlik muhojirlarning vatanga yuborayotgan pullari hajmi 61 foizga tushib ketgan.

2014 yil huddi shu muddat oralig‘ida tojikistonliklar uyga 3.16 milliard dollar yuborgan bo‘lsalar, o‘tgan yili atigi 1.54 milliard dollar yuborishga qodir bo‘lganlar,xolos.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio