"Ulug" dohiy’ning zarhal haykali quladi

Image copyright Reuters

Bunday kun shaxsiga qanchalik sig‘inilgani bilan nom chiqargan Xitoy sobiq rahbari marhum Mao Tszedun sharafiga yaqindagina o‘rnatilgan qariyb 40 metrlik ulkan haykalning boshiga tushdi.

Bu haqda yana Xitoy davlat ommaviy-axborot vositalarining o‘zlari xabar berishgan.

Marhum dohiyning ulkan va zarhal haykali bor-yo‘g‘i bir necha kun burun Xitoy chekkasidagi qishloqlarning birida qad rostlagandi.

Kutilmagan so‘nggi yangilikdan ham "People's Daily" nashrini qishloq mas‘ullaridan biri boxabar etgan.

Xabarlarda bu haykalning qariyb yarim million AQSh dollariga tushgani aytilgan, uning o‘rnatilganiga oid xabar butun dunyo bo‘ylab keng aks-sado bergandi.

Bugunga kelib, mahalliy mulozimlar so‘zlaridan ayon bo‘lishicha, ulug‘ dohiy sharafiga barpo etilgan haykal hech kimning ruxsatisiz o‘rnatilgan va xuddi shu bois ham, uni olib tashlashga qaror qilingan.

Boshqa bir mas‘ul ham "People's Daily" nashriga bu ulkan haykalni allaqachon buzishga kirishilganiga oid xabarlarni tasdiqlagan. Ammo sababini bilmasligini aytgan.

"Ulug‘ dohiy" haykalining "boshiga tushgan kun" turli ijtimoiy muloqot tarmoqlariga chiqib ketgan fotosuratlarda ham aks etgan.

Image copyright Reuters

Ammo bu fotosuratlarning haqiqiymi-yo‘qligini mustaqil manbalardan tekshirishning imkoni bo‘lmagan.

Bu fotosuratlarda Mao haykali oyoqsiz ahvolda va boshiga qora mato o‘rab qo‘yilgan ahvolda namoyon bo‘lgan.

O‘rnatilishidan tortib, olib tashlanishiga qadar katta gap-so‘zga sabab bo‘lgan haykalga ketgan pulni esa, qishloqliklarning o‘zlari va mahalliy biznesmenlar moliyalashgan.

Ular bundan maqsad – ulug‘ dohiylarini sharaflash bo‘lganini aytishgan.

Ammo tashabbuskorlarning qilgan ishlari turli internet nashrlarida tanqidlarga ham sabab bo‘lgan.

Bu tanqidlarda aytilishicha, shuncha pul behudaga sarflangan va haykalning o‘zi ham nomunosib bir joyda o‘rnatilgan.

Image copyright Reuters

Yangi haykal qad rostlagan Xenan viloyati esa, aynan Mao Tszedunning siyosati tufayli o‘tgan asrning 50-yillarida dahshatli ochlikni boshidan kechirgan.

Ochlik millionlab odamlarning yostiqlarini quritgan.

Lekin, bunga qaramay, Xitoydagi aksariyat, shu jumladan, prezident Shi Jinpingning ham Mao Tszedunga hurmati katta.

Shi Jinping, hatto, prezidentlik boshqaruvi ostida qudratni markazlashtirishga urinarkan, Mao Tszedunning siyosiy tajribasiga tayangan, ammo uning "xatolari" borligini ham qistirib o‘tishni unutmagan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq