AQSh: O‘zbekistonlik uzoq yilga hukm etildi

Aydaxo shtati mahkamasi 33 yoshli Fazliddin Qurbonovni 25 yillik qamoq jazosiga hukm qilgan.

Bu haqda AQSh Adliya vazirligi o‘zining rasmiy web sahifasida xabar bergan.

Mahkama o‘tgan yil avgust oyida bo‘lib o‘tgan 20 kunlik jarayon ortidan, Fazliddin Qurbonovni "O‘zbekiston Islomiy Harakatiga moddiy dastak berishga til biriktirish va bu ishga urinishda aybdor", deb topgandi.

Bundan tashqari, o‘zbekistonlik sudlanuvchi Amerika tuprog‘ida terrorchilik hujumini amalga oshirish maqsadida portlovchi modda yasovchi ayoshlarni qo‘lga kiritgan", degan xulosaga ham kelgandi.

Fazliddin Qurbonovga qarshi yakuniy hukm kecha payshanba kuni bo‘lib o‘tgan mahkama jarayoni ortidan yangragan.

Hakamning so‘zlaridan ayon bo‘lishicha, sudlanuvchi qamoq muddatidan tashqari, $250.000 dollar miqdorida jarimaga ham tortiladi.

Qamoq jazosini o‘tab bo‘lgach esa, Fazliddin Qurbonov ortga, O‘zbekistonga deportatsiya etiladi.

Fazliddin Qurbonovning mahkama hukmi yuzasidan shikoyat arizasi bilan chiqish-chiqmasligi, hozircha, ma‘lum emas.

Hukm yangrab bo‘lishi ortidan so‘zlarkan, Milliy Xavfsizlik bo‘yicha Bosh prokuror muovini Jon P. Karlin, "Yaxshiyamki, Fazliddin Qurbonov solgan tahdid huquq-tartibot xodimlari va ular hamkorlarining tinimsiz sa‘y-harakatlari tufayli chippakka chiqarildi", deb aytgan.

Fazliddin Qurbonov esa, shu paytgacha o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etib kelgan.

O‘tgan yil avgust oyida bo‘lib o‘tgan mahkama jarayonida uning advokati o‘z himoyasidagi o‘zbekistonlik "hech qachon O‘IH yoki terrorchilarga salmoqli yordam berishga rozi bo‘lmagan, bunga harakat ham qilmagani... va qayddan o‘tmagan portlovchi modda saqlamagan"ini bayon qilgandi.

Advokat Petersonning o‘shanda hakamlar hay‘atiga aytishicha, mijozi konkret biror narsa qilmagan, quruq safsata bilan chegaralangan, xolos.

Ammo payshanba kungi mahkama tafsilotlaridan ayon bo‘lishicha, Fazliddin Qurbonov bomba yasash uchun lozim bo‘lgan ashyolarni 2012 yilda qo‘lga kiritgan va Boyzidagi uyida saqlagan.

Mahkama jarayoniga taklif etilgan mutaxassisning guvohlik berishicha esa, Qurbonov ixtiyoridagi portlovchi ashyolar jiddiy ziyon yetkazish darajasida bo‘lgan.

FQB axborotchilari esa, bu orada Qurbonovning "gaplariga ishonmaslik kerak, chunki u ko‘rsatmalarini bir necha marta o‘zgartirdi", ham deyishgan.

Ammo

Image copyright thinkstock

Avgust oyida o‘zining Fazliddin Qurbonov mahkamasidagi kirish so‘zida prokuror Lukoff sudlanuvchining O‘IH a‘zolari bilan elektron yozishmalaridan parchalardan iqtiboslar keltirgan.

Masalan, Qurbonov o‘zining AQShda bo‘lib turgani unga amerikaliklarga ichidan zarba berish imkoniyatini berishi haqida yozgan.

"Biz hammadan ham ko‘ra kofirlarga yaqinroqmiz, - deb yozilgan elektron maktubda. - Bizda nimaiki zarur bo‘lsa, hammasi bor. Ollohning yordami bilan biz shahidlik amaliyotini sodir etsak, nima deysiz?"

"Hozir men islomning ashaddiy dushmani qoq markazidaman, - deb yozgan boshqa bir maktubida. - Bu yerda nishonlar ko‘p: ulkan binolar, kofirlarning ofislari, harbiy shtablar va hokazo. Siz bizni mashina bilan amaliyot o‘tkazishga o‘rgatasizmi? Qolgani hammasi bizda bor".

Lukoff so‘zlariga ko‘ra, sudlanuvchi bir necha soat davomida Internetda bomba tayyorlash bo‘yicha yo‘riqnoma qidirganidan keyin maslahat so‘rab O‘IHga murojaat qilgan.

Qurbonovning Internetdagi bayonotlariga ko‘ra, u O‘zbek rejimini ag‘darib o‘rniga islomiy xalifatni barpo etish maqsadini ko‘zlagan O‘IH qarashlariga hammaslak, deb aytgan prokuror.

AQSh josuslik xizmatlari ma‘lumotlariga ko‘ra, O‘IH jangarilari Afg‘onistonda Toliblar tarafida amerikaliklarga qarshi janglarda qatnashganlar.

Fazliddin Qurbonov

Image copyright AP

Qurbonovning oilasi BMTning qochqinlarga mo‘ljallangan dasturi doirasida 2009 yil 25 avgustida Amerikaga borgan.

Oila 2012 yili aprelida Boyziga ko‘chib o‘tgan.

Qurbonovga nisbatan besh ayblov ilgari surilgan, ular orasida terrorchilik tashkilotiga yordamlashish, ommaviy qirg‘in qurolini yasash va saqlash ayblovlari ham bor.

Ayblov tomoniga ko‘ra, Fazliddin Qurbonov 2000 yilda AQSh Davlat departamenti o‘zining xalqaro terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritgan O‘zbekiston Islomiy harakati(O‘IH)ni mablag‘ va aksilvirus dasturlari bilan ta‘minlashga kelishgan bo‘lgan.

Hibsga olingan payti uzun soqol o‘stirgan, biroq hozirga kelib soqolini qirib tashlagan.

Qurbonov Yuta shtatida ham mahkamaga tortilgan, uni portlovchi moddalar, portlash uskunalari va ommaviy qirg‘in quroliga taalluqli axborotni tarqatishda ayblashgan.

Ushbu ayblovlarga ko‘ra, Fazliddin Qurbonov terror harakatlarini amalga oshirish bo‘yicha boshqalarga saboq bergan.

Xususan, qanday qilib portlovchi modda yaratish, kerakli ashyolarni qayerdan sotib olish bobida yo‘l-yo‘riq ko‘rsatgan, internetdan maxsus videolavhalarni topib, namoyish etgan.

Fazliddin Qurbonov 2013 yilning may oyida O‘zbekiston Islomiy Harakati faoliyatiga aloqadorlik gumoni bilan Boyzi shahridagi uyida hibsga olingandi.

Ma‘lum bo‘lishicha, o‘zbekistonlik Qurbonovni AQSh maxfiy xizmatlari ancha paytdan beri yaqindan kuzatib kelishgan.

Undan xavf-xatar yetishi mumkin, degan qarorga kelishgach, qo‘lga olishgan.

Aytilishicha, Qurbonov yashagan joyda tintuv o‘tkazilganda, u yerdan bomba yasashga mo‘ljallangan moddalar topilgan.

So‘nggi yillari bir necha nafar o‘zbekistonlik AQShda terror harakatlariga oid ayblar bilan hibsga olingan.

2011 yil yozida 22 yashar Ulug‘bek Qodirov prezident Obamani o‘ldirishga qasd qilish aybi bilan qo‘lga olingan va keyinchalik uzoq yilga hukm etilgandi.

2012 yil boshida esa, jizzaxlik Jamshid Muxtorov ham terrorchi guruhlarga ko‘mak ko‘rsatishga oid ayblar bilan hibsga olingandi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq