Palovni isitib yeyish zararmi?

Image caption Palovxonto‘ra qolsa, uni faqat bir marta, obdon isitib yeng

Bir kun oldingi ovqatni isitib yeyish yangilik emas.

Qolaversa, ota-onamiz isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslikni qulog‘imizga quyib, katta qilishadi.

Ovqatlanish bo‘yicha Britaniyadagi mashhur shifokor Maykl Mosley aynan qaysi ovqatni va qachon isitib yeyish foydali yo zararli, degan savolga javob izlagan.

Tovuqdan saqlaning

Britaniyada har yili bir millionga yaqin odam ovqatdan zaharlanadi. Ko‘p hollarda chala pishgan kabob yoki isitilgan ovqat bunga sabab bo‘ladi.

Chala pishgan yo qolgan ovqatni yeb, olamdan o‘tayotganlar ham har bir mamlakatda yiliga yuzlab kishilarni tashkil etadi.

Ma‘lum bo‘lishicha, ko‘pchilik tovuq go‘shtidan zaharlanadi.

To‘g‘rirog‘i, sotuvdagi tovuq go‘shtining uchdan ikki qismida uchraydigan kampilobakteriya chala pishgan ovqatni yegan odamni zaharlaydi.

Image copyright bbc
Image caption Tovuq go‘shtini aslo yuvmaslik kerak

Bilasizmi, odamlar tovuq go‘shtidan qanday zaharlanadi? Ular go‘shtni yuvishadi va turli zaharli bakteriyalarni tarqatishadi. Bu - noto‘g‘ri.

Hech qachon tovuq go‘shtini yuvmang. Uni yuvmasdan, to‘g‘ri qozonga soling.

O‘zbekistonda azaldan tovuqni olovda biroz kuydirib olishgan.

Ayni amal nafaqat tovuq pati ildizlarini yondiradi, balki zararli bakteriyalarni o‘ldirib, zaharlanishni kamaytiradi.

Tovuqdagi bakteriyalar qozon yo duxovka issig‘ida ham o‘ladi. Biroq tovuq go‘shtini obdon pishirish kerak.

Muzlatgich uchun sovuting

Ovqatni toki sovumaguncha muzlatgichga qo‘ymang. Ayniqsa, go‘shtli taomni.

Issiq ovqatning tafti muzlatgich ichida haroratni ilimiliq qilib ko‘taradi. Bu holatda zaharli bakteriyalar o‘lmaydi.

Balki ularning bijg‘ib, ko‘payishi uchun juda ham qulay sharoit yaratiladi.

Image caption Shifokor olim Maykl Mosleyga ko‘ra, guruch, go‘sht, baliq, qaymoq yo sut solingan taomlarni takroran isitmaslik kerak

Ayni bakteriyalar muzlatgichdagi boshqa ovqatlarni ham zaharlaydi.

Masalan, hali sovumagan tovuqni muzlatgichga qo‘ysangiz, harorat 5S ko‘tariladi.

Ortiqcha ovqat 4 soat davomida xona haroratida butkul sovugandan keyin uni muzlatgichga qo‘yish mumkin.

Mikroto‘lqinli pech

Jahon Oziq-Ovqat Uyushmasiga ko‘ra, qolgan ovqatni bir marta isitgan tuzuk. Ba‘zi taomlarni bir necha marta isitsa ham zarar qilmaydi.

Lekin muayyan ovqatlarni aslo ikki-uch marotaba isitmaslik kerak:

Go‘shtli taom, qovurdoq, tarkibida qaymoq yo sut bo‘lgan ovqat, souslar, baliq va boshqa dengiz mahsulotlarini hech qachon takroran isitmang.

Taomni isitganda unga obdon issiq o‘tishi lozim. Ya‘ni harorat ovqatning hamma tomonini qamrab olishi va ichiga ham o‘tishi shart.

Image copyright BBC World Service
Image caption Mikroto‘lqinli pechda ovqat bir tekisda isimaydi va bakteriyalar o‘lmay qoladi

Ko‘pchilik hozir mikroto‘lqinli pechda ovqatni isitadi. Biroq bu yerda bir muammo bor: Mikroto‘lqinli pech taomni bir tekisda isitmaydi.

Shu bois mikroto‘lqin bilan isitilgan ovqatning ba‘zi qismlariga mikroto‘lqin tegmaydi zaharli bakteriyalar tirik qoladi.

Xullas, ovqatni qozonda aylantirib isiting va keyin biroz muddat ichiga ham issiq o‘tishi uchun olov ustida saqlang.

Isigan osh ziyonmi?

Guruchli taomlarni, xususan, palovni isitganda o‘ta ehtiyotkor bo‘lish darkor.

Ovqatdan zaharlanishga taom tarkibidagi bakteriyalar sabab bo‘ladi. Bakteriyalar esa bir-ikki kunlik qolgan ovqatda ko‘p uchraydi.

Palov kabi guruchli ovqatga kelganda masala yanada chigal.

Guruch tarkibida Bacillus cereus degan o‘ta zararli bakteriya bor. Bu bakteriya issiqda o‘ladi.

Image copyright bbcuzbek.com
Image caption Tandir taftida bakteriyalar o‘ladi. Lekin shunda ham go‘sht mahsulotlarini iliq haroratda saqlash yo takroran isitish tavsiya etilmaydi

Lekin ba‘zida u baland haroratga chidamli yangidan-yangi Bacillus cereus bakteriyasi nusxalarini ishlab chiqaradi.

Palov va boshqa guruchli taomlarni qancha isitmang, yangi mutant-bakteriya o‘lmaydi.

Eng xatarli jihati, xuddi ana shu mutant-bakteriyalar o‘ta zaharli bo‘ladi.

Lekin qo‘rqmang, guruchni ham obdon isitib, yeyish mumkin.

Faqat palovni kechasi iliq haroratli oshxonada yo xonada qoldirmang.

Qolgan oshni sovutib, muzlatgichga qo‘ying. Uni faqat bir marta isiting.

Osh bo‘lsin!

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq