"Hamma Arab davlatlari Eronga qarshi chiqishi mumkin"

Image copyright Reuters

Misr poytaxti Qohiraga Arab ligasiga a‘zo mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari favqulodda majlisga to‘planganlar.

Bu majlis Eron bilan munosabatlari yomonlashishi manzarasida Saudiya Arabistoni chaqirig‘i bilan tashkil etilgan.

Ayni paytda Eron Saudiya Arabistonini Suriyadagi urushni hal etish yo‘liga g‘ov qo‘yish harakatlarida ayblab chiqqan.

Qohiradagi yig‘ilishda Arab Ligasi rahbari Nabi al-Arabiy Tehronni "provokativ amallarda" ayblagan va Arab mamlakatlarini birlashishga chaqirgan.

Nabi al-Arabiy Arab mamlakatlarini Saudiya taklif qilgan yakdil qarorni ma‘qullashga chaqirgan.

Janob Arabiy so‘zlariga ko‘ra, "barcha Arab mamlakatlari Eronning Arab davlatlari ishlariga har qanday shaklda aralashishni to‘xtatish borasida keskin va aniq mavqe‘"ni egallashlari lozim.

Saudiya Tashqi ishlar vaziri Odil al-Jubayr Eron bayonotlarini "Saudiya Arabistoniga dushman" bayonotlar deb atagan, bu bayonotlar Saudiya Arabistonining Tehrondagi elchiligiga hujumlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetaklagan.

Saudiya Tashqi ishlar vaziri al-Jubayrning qohiradagi majlisda aytishicha, "agar Eron "terrorizm, mazhabchilik va zo‘ravonlik"ni qo‘llab-quvvatlashni davom etdiraversa, barcha Arab mamlakatlarining muxolifligi bilan yuzma-yuz keladi".

Saudiya bilan Eron o‘rtasidagi aloqalar yomonlashishiga Saudiyada taniqli bo‘lgan shia Shayx Nimr al-Nimr va yana 46 kishining 2 yanvar kuni qatl qilingani sabab bo‘ldi.

Image copyright Reuters

O‘sha kuni Tehrondagi norozilik namoyishi ishtirokchilari Saudiya elchixonasiga, Eronning ikkinchi yirik shahri Mashhaddagi konsullikka hujum qildilar va binoga o‘t qo‘yib yuborildi.

Bunga javoban Saudiya Arabistoni Eron bilan diplomatik aloqalarni uzdi. Bahrayn va Sudan ham saudiylar yo‘lini tutib, Tehron bilan aloqalarni uzdilar.

Tehron Saudiyadan importni taqiqladi.

Saudiya va Bahrayn Eronga uchoqlar parvozini ham to‘xtatishga qaror qildi.

7 yanvar kuni Eron Saudiya Arabistonini o‘zining Yamandagi elchixonani bombalashda aybladi va BMT Xavfsizlik kengashiga protest kiritdi.

Yamandagi shia Xusiy isyonchilarini Eron dastaklab keladi, Xusiylar harakatiga qarshi Yaman hukumati va boshqa mamlakatlardan iborat harbiy koalitsiyaga yetakchilik qilayotgan Saudiya Arabistoni Tehron ayblovlarini rad etdi.

Saudiyaga ko‘ra, Eronning Tehrondagi elchiligiga yaqin joyda harbiy amaliyot o‘tkazilmagan.

Ayni paytda 10 yanvar kuni Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javad Zarif Saudiyani ushbu mojarodan Suriya tinchlik muzokaralarini izdan chiqarishda foydalanayotganlikda ayblab chiqdi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq