O‘zbekistonda korruptsiya: ko‘lam, sabab, yechim

Image copyright none

BBC "Ijtimoiy minbar"ida bu hafta ko‘targan savolimiz O‘zbekistonda qaysi sohada qonun buzilmaydi, degan savol edi.

Bunga ilova "bugungi O‘zbekistonda qonunga to‘la bo‘ysungan holda har tomonlama halol faoliyat yuritish imkoniyatlari qolyaptimi, qonunni buzmasdan tijorat qila olasizmi, qonunni buzmay boyish mumkinmi, qonun buzilishiga qarshi hukumat qanday choralar ko‘rishi kerak", degan savollarni ham bergandik.

Bu savollarga qoldirilgan sharhlar, tabiiyki, turfa xil.

Sharhimizni eng ko‘p "layk" olganidan boshlasak.

Farkhod Abdurakhmonov ning omma e‘tiboriga tushgan, korruptsiya haqidagi fikri quyidagicha:

"Haqiqatda qonunbuzarlik, poraxo‘rlik va korruptsiya bugun ommaviy tusga kirgan, jamiyatimizning hamma sohalarini qamrab olgan o‘ta bir dahshatli illatlardir. Menimcha aynan korruptsiya va poraxo‘rlik oxir-oqibatda har qaysi jamiyatni halokatga uchratishi mumkin. Afsuski bizda va qo‘shni davlatlarimizda bu odatiy bir holga aylanib qolmoqda. Aytish zarurki, korruptsiya va poraxo‘rlik fenomeni jahon miqyosidagi muammodir, biroq uning darajasi va ko‘lami bizda yuqori. Korruptsiya bilan kurashish uchun bizda maxsus organ ham tuzilgan. Korruptsiya va poraxo‘rlikni yo‘qotishda tizimli yondashish talab qilinadi. Bu jarayonda faqat ta‘qiqlar, ozodlikdan mahrum etishlar va turli jarimalar qo‘llash bilan cheklanmasdan, uni keltirib chiqaruvchi sabablarni yo‘qotish kerak".

Shu o‘rinda u sabablarni ham keltirib o‘tgan: "Uning bir qancha sabablari mavjud bo‘lib, bularning sirasiga siz ko‘rsatgan oylik maoshlarning pastligi va, shuningdek, soliq stavkalarining yuqoriligini ko‘rsatish mumkin. Mehnatga to‘lanadigan haqning miqdori minimal yoki normal hayot kechirish uchun yetmaydigan darajada bo‘lsa, o‘rnatilgan soliq stavkasi xo‘jalik yurituvchi sub‘ektlarning faoliyatlarini foyda bilan yakunlashga imkon bermasa, bunday holatlarda qonunbuzarlik sodir etilishi muqarrardir. Shuning uchun, fikrimcha, hozirgi mavjud ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatda qonunni buzmasdan boyishning iloji yo‘q. Xuddi shunday tijoratda ham aksariyat hollarda qonunlar chetlab o‘tiladi, shunday qilinmasa tadbirkorlik sub‘ektlari bankrotlikka yuz tutadi".

Shundan so‘ng Farkhod Abdurakhmonov muammoning yechimlariga ham to‘xtab o‘tgan: "Hukumat qonunlar buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik, poraxo‘rlik va korruptsiyani yo‘qotish uchun: birinchidan, rag‘batlantiruvchi soliq va pul-kredit siyosatini olib borishi, ikkinchidan, halol raqobat muhitini yaratishi, uchinchidan, narx-navolarni har qanday davlat nazoratidan ozod etib, erkin qo‘yishi, to‘rtinchidan, barcha iqtisodiy sub‘ektlar uchun qonunlarning tengligi, ya‘ni hammaga barobar va adolatli qo‘llashni ta‘minlashi, monopoliyaga yo‘l qo‘ymaslik, beshinchidan, davlat strukturasida faoliyat yurituvchi mutaxassis va rahbarlarga hamda boshqa byudjet hisobidan kun ko‘ruvchi sohalarda ishlaydigan xodimlarga real maosh belgilash, oltinchidan, huquqni muhofaza etuvchi organlar va davlat organlari xodimlarining javobgarliklarini oshirish, ular o‘zlari qonunni buzmasliklari uchun qonunbuzarlarga qattiq jazo choralarini tadbiq etish, yettinchidan, barcha davlat strukturalari faoliyatida shaffoflikni ta‘minlash, davlat xizmatchilari to‘g‘risida tegishli qonuniy aktlar qabul qilish, davlat organlarini o‘z sohasini yaxshi biladigan, halol, bilimli, iqtidorli xodimlar bilan butlash, tanish-bilishchilik, mahalliychilik, oshno-og‘aynigarchilikka yo‘l qo‘ymaslik, sakkizinchidan, xo‘jalik yurituvchi sub‘ektlar faoliyatiga davlat aralashuvi darajasini keskin qisqartirish, turli noo‘rin tekshiruvlarga real chek qo‘yish, to‘qqizinchidan, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga har tomonlama ko‘maklashish, o‘ninchidan, ommaviy axborot vositalariga ko‘proq erkinliklar berish, o‘n birinchidan, ta‘lim tizimida o‘qituvchi-professorlar mehnatiga munosib haq to‘lab, ushbu tizimdagi poraxo‘rlik holatlari bilan ayovsiz kurash, yetuk mutaxassislar yetishib chiqishini ta‘minlash. Bir so‘z bilan aytganda, tizimli-ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, ma‘naviy-tarbiyaviy yo‘nalishlarda chora-tadbirlar ko‘rish juda ham zarur. Shunday bir adolatli muhitni yuzaga keltirish zarurki, hech qaysi bir xo‘jalik yurtituvchi sub‘ekt yoki xodim, mutaxassis, rahbar qonunlarni buzishga hech qanday ehtiyoj sezmasin. Bizda davlat bosh islohotchi ekan, asosiysi barcha pog‘onadagi rahbarlarimiz bu jarayonda bosh-qosh bo‘lib, o‘zlari o‘rnak ko‘rsatishlari kerak deb hisoblayman", deya ko‘p qirrali fikr qoldirgan Farkhod Abdurakhmonov.

Image copyright none

Lekin uning fikrini ko‘plar quvvatlagani bilan ba‘zilarga "yoqmagan".

Masalan Karen Anisimov "Bunaqa o‘z fikr-mulohazasi bilan taklif kiritgan mutaxassis o‘ziga-o‘zi "kerakli joy" ga ketishga hukm chiqaradi", deya javob qoldigan.

Ammo, baribir, aksariyat O‘zbekistonda korruptsiya keng tarqalgan, degan fikrda.

Ulardan biri Rustam Karim "O‘zbekistonda har bir sohada korruptsiya avj olib, ildizi chuqurlashib, korruptsiya botqog‘iga butkul kirib bo‘lgan! Tug‘ruqxonadan tortib to mozorgacha! Moddiy va oson boyishni, yaxshi hayotni sevadiganlar ko‘p!", deya fikr qoldirgan.

Mamirjon Akbar O‘g‘lining fikri poraxo‘rlik muammosi "qars ikki qo‘ldan chiqadi" maqolini eslatadi: "Porani kim beryapdiyu, kim olayapdi? Bergan ishi bitsin uchun, olgan nafsi uchun oladi! Aybdor kim? Bergan o‘g‘limni o‘qishga joylay, qizimni ishga joylay, 3-4 sotix yer olay, farzandlarim ko‘chada qolmasin, kasalimni yaxshiroq tuzatsin, ishdan haydab yubormasin va hakazo... Aybni o‘zimizdan axtaraylik birodarlar".

Tohir Abdullayevning fikricha, poraxo‘rlikka rahbariyat yo‘l ochib beryapti.

Sherzod Sharipovga ko‘ra, poraxo‘rlik har yerda bor.

Rashid Chigataev ham shunday fikrda. Lekin shuning uchun bu illatga yo‘l qo‘yib berish kerakmi-yo‘qligi haqida ular hech nima aytishmagan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq