Tolibon va Kobul bir yo‘lga tushadimi?

Image copyright AP
Image caption Afg‘oniston, Pokiston, Xitoy va AQSh uchrashuvi tinchlik yo‘liga boshlashi hali ma‘lum emas

AQSh, Xitoy va Pokiston mazkur uchrashuvdan bir maqsadni ko‘zlashmoqda: Afg‘oniston hukumati va Tolibonni yarashtiradigan yo‘l xaritasini chizib chiqish.

G‘arbning Afg‘onistonda 10 yildan uzoq davom etgan Tolibonga qarshi urushi to‘liq samara bermadi va Afg‘on hukumati hozir isyonkorlar bilan yuzma-yuz qolmoqda.

Mamlakat bo‘ylab Tolibon hujumlari tugayotgani yo‘q.

Urushdan ish chiqmagach...

AQSh ham nihoyat o‘z harbiy amaliyotlari ish bermagani bois, endi Tolibon bilan muloqotni yo‘lga qo‘yishga kirishgan.

Bu yoqda jahonda iqtisodiy va siyosiy ta‘siri tobora oshayotgan ulkan qo‘shni - Xitoy ham endilikda Afg‘oniston mojarosiga bosh suqmoqda.

Ammo Pekin va Vashingtonning kuch-qudratiga qaramasdan, Afg‘oniston mojarosini Pokiston istak-irodasini hisobga olmasdan hal qilib bo‘lmaydi.

Xullas, Pokistonda o‘tayotgan to‘rt taraflama uchrashuv hozir ayni muddaodek tuyuladi.

Lekin Kobul, Islomobod, Vashington va Pekinning sa‘y-harakatlarini Tolibon hali butkul qabul qilmadi.

Toliblar Pokistondagi ayni uchrashuvga kelishmadi.

Ayrim kuzatuvchilarga ko‘ra, Tolibon harakati ichidagi bo‘linish va ziddiyatlar ham bunga sabab bo‘lishi mumkin.

Biroq bir yil oldin ham Afg‘oniston hukumati va Tolibon o‘rtasida boshlangan tinchlik muzokaralari chippakka chiqqandi.

Tarqoq Tolibon

Harakatning sobiq rahbari Mulla Umar 2013 yili olamdan o‘tgach, ayrim Tolibon qo‘mondonlari yangi rahbar Mulla Mansurni tan olmadilar.

Shu asno, qo‘mondon Mulla Muhammad Rasul boshchiligida harakatning yangi qanoti yuzaga keldi.

Bu bo‘linish bir tarafdan Tolibonni zaiflashtiradigan omil edi.

Image copyright AP
Image caption AQSh boshchiligidagi uzoq yillik urush ham Tolibonni mahv etolmadi

Boshqa tomondan, yagona boshqaruv va rahbarga ega bo‘lmagan tarqoq harakat bilan muzokora olib borish yo biron masalada kelishuvga borish Afg‘oniston hukumati uchun qiyinlashib ketdi.

Shu qatorda, bo‘lginchi Tolibon qanoti ancha kuchsiz va yetarli dastak hamda zaxiralarga ega emas, degan fikrlar kuchli.

Biroq rasmiy Kobul o‘z qo‘shnisi Islomobodga ishonchsizlik bilan qaraydi.

Afg‘onistonga ko‘ra, Pokiston zimdan Tolibon isyonkorlarini qo‘llaydi va Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilishidan manfaatdor emas.

Isyonkorlar istagi

To‘rt davlat Tolibonga nima taklif qilishadi va isyonkorlar ularga quloq solishadimi, degan savol hamon ochiq qolmoqda.

Lekin agar yangi muzokaralar yo‘nalishi Pokistonga ma‘qul tushsa, uni Tolibon ham qilishi mumkin.

Negaki, Pokistonning raddiyalariga qaramasdan, mazkur mamlakat hududida Tolibon rahbarlari faoliyat olib borishadi.

Shunday sharoitda esa Islomobodning isyonkorlar ustidan ta‘sirini inkor etish qiyin.

Pokistonning talabiga muvofiq, Afg‘oniston hukumati aksilpokiston hissiyotlarini jilovlashi hamda Hindiston bilan aloqalarini biroz tizginlashi lozim.

Islomobod talabi qiyin bo‘lsa ham, afg‘onlar uni tinglashga majbur.

Sababi - rasmiy Kobul uchun hozir mamlakat bo‘ylab tinchlikni ta‘minlash o‘ta muhim.

So‘nggi paytlarda Tolibon keng ko‘lamli va yirik hujumlarni amalga oshira boshlagan.

O‘tgan sentyabr oyida shimoldagi Qunduz shahrini isyonokrlar bir muddat o‘z nazoratlariga olishgandi.

Dekabrda esa strategik jihatdan muhim Sangin shahridagi politsiya va hokimiyat binolariini qo‘lga kiritgandilar.

Mamlakatning ko‘plab viloyatlariga amalda Tolibon nazoratida qolayotgan qishloqlar va mintaqalar hamon ko‘p.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq