Turkiya viza kiritishga shoshilmaydi

Image copyright Reuters
Image caption Viza tartibi sayyohlar oqimiga salbiy ta‘sir ko‘rsatadi

Turkiyaning O‘zbekiston doxil 89 davlatga viza joriy qilishi haqidagi xabarlar ortidan turk rasmiylari Anqara turizm sohasiga jiddiy ta‘sir ko‘rsatadigan viza tartibini qayta tiklashga shoshilmasligini aytishgan.

Bu haqda maxsus bayonot bilan chiqqan Turkiyaning Bokudagi elchixonasiga ko‘ra, "matbuotda chiqqan Turkiyaning Ozarbayjon vatandoshlariga viza joriy qilishi haqidagi xabarlar haqiqiy voqe‘likni aks ettirmaydi".

"Mamlakatimiz bilan Ozarbayjon orasida hozirda amal qilayotgan viza bilan bog‘liq tartibda biron bir o‘zgarish kutilayotgani yo‘q. 2007 yildan buyon tadbiq etilayotgani kabi Ozarbayjon vatandoshlari mamlakatimizga 30 kunlik sayyohlik tashriflari chog‘ida vizadan ozod qilinishda davom etadilar", deya elchixona bayonotidan iqtibos keltirgan Turkiyaning "Cihan" agentligi.

Turkiyaning O‘zbekiston va boshqa turkiy davlatlar doxil 89 o‘lkaga viza rejimini tiklashga shoshilmasligini Turkiya Tashqi ishlar vazirligi ham tasdiqlagan.

Vazirlik matbuot kotibi Tanju Bilgichning so‘zlariga ko‘ra, Anqaraning viza siyosati Turkiya Ovro‘po Ittifoqiga to‘liq a‘zo bo‘lmagunicha o‘zgarmaydi.

Turkiya joriy yilning iyunidan e‘tiboran 83 davlatga viza tartibini qayta tiklashi haqida avvalroq Turkiyaning Sayyohlik mehmonxonalari va sarmoyadorlar uyushmasi (TUROB) bir bayonot bilan chiqqan edi.

Uyushma boshlig‘i Timur Bayindir viza tartibi Turkiyaning turizm sanoatiga salbiy ta‘sir ko‘rsatishi va sayohlar soni keskin tushib ketishi haqida ogohlantirgan.

Bursa shahridagi anjumanda gapirgan janob Bayindir Turkiya tashqi ishlar vazirligini viza tartibini "to‘g‘ri rejalash"ga chaqirgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, viza siyosatida kutilayotgan o‘zgarish Turkiya va Ovro‘po Ittifoqi o‘rtasidagi muhojirlar inqirozini yechishga doir kelishuvning bir qismidir.

O‘tgan yil noyabrida e‘lon qilingan kelishuvga muvofiq, Turkiya vatandoshlari 2017 yildan boshlab Shengen hududi davlatlariga vizasiz safar qila oladilar.

Turkiya buning evaziga Ovro‘po davlatlaridan chiqarib yuborilgan asosan suriyalik qochqinlarni qabul qilishga rozi bo‘lgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq