O‘zbekiston: og‘ir kunlarga hozirlik boshlandimi?

Yangi yildan O‘zbekistonda shirkatlardan olinadigan ayrim soliq turlari hamda jismoniy shaxslar daromad solig‘i ko‘paytirilgan.

Davlat byudjetiga tushumlar, Internet nashrlari xabar qilishicha, O‘zbekiston prezidentining qaroriga muvofiq oshirilgan.

O‘zbekiston prezidentining "O‘zbekiston Respublikasi 2016 yil davlat byudjeti asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari va parametlari prognozi to‘g‘risida" deb nomlangan qarorining to‘la matni matbuotda e‘lon etilmagan.

Internet nashrlari xabar qilishicha, ushbu qarorga muvofiq, 1 yanvardan O‘zbekistondagi yoqilg‘i savdosi bilan shug‘ullanadigan shirkatlar to‘laydigan soliq ko‘paytirilgan.

Benzin va dizel yoqilg‘isining 1 litri uchun soliq 45 so‘mga, suyultirilgan gazning 1 litri 30 so‘mga, siqilgan gazning 1 kubometri 35 so‘mga qimmatlagan.

Mobil aloqa shirkatlari yangi yilning birinchi kunidan har bir mijozi uchun ikki baravar ko‘p pul to‘lashi talab qilinadi.

Qimmatlashish yangiligiga davlat bolalar bog‘chasi uchun har bir bola uchun to‘lanadigan to‘lov ko‘tarilgani ham kiradi.

Ayni paytda O‘zbekiston hukumati 2016 yili xususiy shirkatlardan aktsiyalari paketida xorijiy sarmoyalar bo‘lishini majburlaydigan qaror ham qabul qilgan.

Shu kecha-kunduzda esa hukumat Osiyo Taraqqiyot bankidan 100 million dollarlik kredit olishni rejalayotgani haqida xabarlar tarqalgan.

Aytilishicha, bu qarz mamlakatda kichik va o‘rta tadbirkorlikni rivojlantirishga yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.

Osiyo Taraqqiyot bankining rasmiy web-saytida aytilishicha, O‘zbekiston hukumati iqtisodiy o‘sish va yangi ish o‘rinlarini barpo etishda mikro va kichik ishlab chiqarishning roli muhim ekanini yaxshi anglaydi.

Ayni damda O‘zbekiston hukumati o‘z iqtisodiyoti uchun 2015 yil pasayish yili bo‘lganini tan olgan.

"Rossiya Federatsiyasidan pul jo‘natmalari kamayishining davom etayotgani, O‘zbekistonning avtomobillariga o‘xshagan tovarlariga Rossiyada talab pasaygani va tabiiy resurslar narxlarining pastligi aftidan 2015 yil va undan keyingi davrda O‘zbekiston iqtisodiyotiga aks ta‘sir ko‘rsatadi", deyiladi Osiyo Taraqqiyot banki web-saytidagi xabarda.

O‘zbekiston hukumati hech qachon mehnat muhojirlarining mamlakat iqtisodi rivojiga ijobiy ta‘sirini e‘tirof etmagan, aksincha Prezident Karimov muhojirlarni "dangasa" deb atagan.

Rasmiy minbarlardan O‘zbekiston iqtisodi yiliga 8 foizdan o‘sayotgani aytib kelinadi, ammo mustaqil iqtisodiy tahlichilar bu raqamning haqiqatga to‘g‘ri kelishini savol ostiga oladilar.

Rossiya rasmiy raqamlariga ko‘ra, 2015 yilning uch choragi davomida Rossiyadan O‘zbekistonga yuborilgan pul jo‘natmalari qariyb 3 barobar kamaygan.

2014 yilning 9 oyi mobaynida Rossiyadagi o‘zbeklar vatanga 2 milliard dollar yuborgan bo‘lsalar, 2015 yilning 9 oyida bu raqam 700 million dollarni tashkil etgan.

Oktyabr oyida "qora bozor"da 1 AQSh dollari 6000 so‘mgacha ko‘tarilib ketgan, bu ham Rossiya ro‘para kelgan inqirozning O‘zbekistonga ta‘siri sifatida ko‘rilgan.

Shu bois ayrim iqtisodiy tahlilchilar 2016 yilning bahoridan O‘zbekiston uchun iqtisodiy qiyinchiliklar boshlanishini bashorat qilganlar.

Bunga Rossiyadagi daromadidan ayrilgan o‘zbekistonliklarning vatanga qaytishga majbur bo‘layotganlari ham turtki berishi mumkinligi aytilgan.

Rossiyada bu mamlakat rasmiylari ro‘yxatdan o‘tib ishlash huquqiga ega o‘zbekistonliklar sonini 3 millionga yaqin deb ko‘rsatib kelganlar, nolegallar qo‘shib hisoblaganda 4-5 million atrofida o‘zbek Rossiyada ishlab ro‘zg‘orini boqib kelayotgan edi.

Bugunga kelib ortga qaytgan yoki qaytayotganlar soni bir necha millionni tashkil etadi.

Ushbu amallar O‘zbekiston hukumatining o‘zi ham 2016 yil iqtisodiyot uchun murakkab yil bo‘lishi mumkinligini anglab yetgani va ijtimoiy beqarorliklar oldini olish yo‘llarini ko‘rayotgani haqidagi mulohazalarga undagan.

Bu mulohazalar qanchalar asosli?

BBC bu haqda Navoiy viloyatida daromadli marmar ishlab chiqarish korxonasiga rahbarlik qilgan Muhammadyoqub Hamroyev bilan suhbatlashgan.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq