Tojikistonning biqinida qaqshatqich janglar

Image copyright Social Media

Qo‘shni Afg‘onistonning Tojikiston bilan bevosita chegaradosh Darqad tumanida, beshinchi kundirki, Tolibon va afg‘on xavfsizlik kuchlari o‘rtasida qaqshatqich janglar davom etmoqda.

Tolibon jangarilari Darqadni uch oy burun bosib olishgan va orada kechgan vaqt davomida afg‘on hukumati tumanni isyonchilardan qaytarib olishga ilojsiz qolayotgandi.

Darqaddagi jangarilarga qarshi Afg‘onistondagi barcha kuch tizimlaridan yuzlab harbiylar, bir necha sonda tikucharlar ham jalb etilgan ilk keng ko‘lamli harbiy amaliyot o‘tgan hafta juma kuni boshlangan va unga mamlakat Mudofaa vazirining shaxsan o‘zi boshchilik qilayotgani aytiladi.

Afg‘onistonlik mas‘ullarga ko‘ra, qaqshatqich janglar ortidan, yakshanba kuni Darqad markazini jangarilardan qaytarib olishga muvaffaq bo‘lishgan.

Orada kechgan vaqt davomida Afg‘oniston Tolibon harakatining qator yuqori martabali qo‘mondonlari doxil o‘nlab jangarilarni o‘ldirishgan.

Agar, rasmiy ma‘lumotlarga tayanilsa, Darqadni bosib olgan jangarilarning soni uch yuzdan ortadi.

Mas‘ullar ularning aksariyatini toliblar va qolganlarini xorijiy isyonchilarga nisbat berishadi.

Bundan avval Darqaddagi xorijiy jangarilar orasida O‘zbekiston Islomiy Harakatining a‘zolari borligiga oid xabarlar ham chiqqandi.

Darqaddan olingan eng so‘nggi xabarlarga ko‘ra, ikki o‘rtadagi janglar, hozirga kelib, tuman sarhadlariga ko‘chgan.

Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari bir qism jangarilarni qurshab olishga muvaffaq bo‘lishgan. O‘ndan ortiq isyonchi esa, taslim bo‘lgan.

Ammo, Taxor politsiya boshqarmasi boshlig‘i Nurmuhammad Hakimiyning aytishicha, salmoqli sondagi jangarilar Afg‘oniston va Tojikiston o‘rtasidagi boshqa orollar hamda ayrim qo‘shni tumanlarga qochib o‘tishga muvaffaq bo‘lishgan.

Xuddi shu o‘rinda, afg‘onistonlik harbiylarga ko‘ra, janglar bir necha kunga cho‘zilayotgan esa-da, o‘z saflarida biror bir yo‘qotish bo‘lmagan. Bor-yo‘g‘i sanoqli sondagi askarlari yaralangan, xolos.

Ularning aytishlaricha, janglarning qaqshatqich kechayotgani va havodan madad kuchlari jalb etilganiga qaramay, oddiy aholi orasida ham biror bir talafot kuzatilmagan.

Ammo, tuman sho‘ro kengashi rahbari BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida tinch fuqarolar orasida ham qurbon bo‘lgan va jabrlanganlar borligini iddao qilgan.

So‘nggi janglar Afg‘oniston shimoli va shimoli-sharqida o‘tgan bir yilning ichida noodatiy ravishda Tolibon harakati va xorijiy jangarilarning faoliyatlari kuchaygan bir manzarada kuzatilmoqda.

Yaqinda toliblar shimoliy Taxor viloyatining Tojikistonga bevosita qo‘shni Xo‘jai G‘or tumanini ham bir muddat bosib olishga muvaffaq bo‘lishgan, afg‘on hukumati tumanni qaytarib olish uchun jiddiy sa‘y-harakat ko‘rsatishga majbur bo‘lgandi.

Orada kechgan vaqt davomida jangarilar Afg‘onistonning Tojikistondan tashqari, yana Turkmanistonga ham bevosita chegaradosh ayrim shahar va tumanlarini o‘z nazoratlari ostiga olishga muvaffaq bo‘lishgan, ulardan ba‘zi birlarini qaytarib olish uchun afg‘on hukumati, hatto, xorijiy ittifoq qo‘shinlaridan ham madad so‘rashga majbur bo‘lgandi.

Tojikiston bilan bevosita chegaradosh va naq Amudaryoning o‘rtasida joylashgani bois, Darqad har ikki raqib tomon uchun strategik jihatdan muhim tuman sanaladi.

Tuman aholisining soni 40-50 ming nafar atrofida ekani taxmin etiladi.

Iqtisodi esa, asosan qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan va ko‘pchilikning tirikchiligi dehqonchilik orqasidan o‘tadi.

Darqaddan olingan eng so‘nggi xabarlarga ko‘ra, janglar sarhadlarga ko‘charkan, tumanda hayot asta-sekinlik bilan iziga qaytib, maktablar, do‘konlar va bozorlar birin-ketin ochila boshlangan.

Afg‘onistonlik harbiylarga ko‘ra, jangarilar bosqinidan jiddiy xavotirda bo‘lgan mahalliy aholi o‘zlarini xush qarshilashgan. Qo‘lga kiritayotgan yutuqlarini olqishlashgan.

O‘zlariga bevosita chegaradosh Darqaddagi qaqshatqich janglarga Tojikiston tomoni, halicha, biror bir rasmiy munosabat bildirmagan.

Ammo Darqaddagi so‘nggi yirik harbiy amaliyotga mas‘ul Afg‘oniston Mudofaa vazir muovini Murodali Murod janoblarining aytishicha, tuman markazini qayta o‘z nazoratlari ostiga olisharkan, qo‘shni Tojikiston tomoni ham "xotirjam tortgan", "xavotirlari arigan".

Afg‘onistonlik harbiylarga ko‘ra, barcha jangarilar mavh etilmagunga qadar, Darqaddagi janglar davom etadi.

O‘z o‘rnida eslatish joiz, ular o‘tgan shanba kunining o‘zidayoq tumanni bosib olishlarini va‘da qilishgan, ammo so‘nggi xabarlardan ayon bo‘lishicha, Darqaddagi janglar hanuz tinmagan.

Shundoqqina janubiy chegaralari yaqinida kuzatilayotgan bu kabi hodisalarning rivojidan Rossiya ham jiddiy tashvishda.

Afg‘oniston shimoli-sharqidagi so‘nggi janglar manzarasida Rossiyaning Afg‘onistondagi maxsus vakili jangarilarning Tojikistonga bostirib kirishlari ehtimolidan ham so‘z yuritgandi.

Tojikiston hukumati esa, Afg‘oniston bilan o‘zaro chegarasida allaqachon mustaqillik davrida kuzatilmagan bir darajada xavfsizlik choralariga qo‘l urgan.

Chegaraning o‘z tomonida qo‘shimcha himoya chizig‘ini yaratgan, chegaralarini yanada mustahkamlash uchun allaqachon sobiq Sho‘ro davlatlari miqyosidagi qator mas‘ul tashkilotlardan ham yordam so‘rab ulgurgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq